Jamiyat | 12:10 / 20.12.2025
11942
2 daqiqa o‘qiladi

Yashnobodda Lacetti qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketib Nexia-3 bilan to‘qnashdi

Poytaxtning Yashnobod tumanida rul boshqaruvini yo‘qotgan Lacetti haydovchisi yo‘lning qarshi tarafiga o‘tib ketdi. Nexia-3 bilan bo‘lgan to‘qnashuvda yo‘lovchi vafot etdi, har ikki haydovchi jarohatlandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkentning Yashnobod tumani Mahtumquli ko‘chasida 20 dekabr kuni ikki avtomobil to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etdi, deb xabar bermoqda Toshkent shahri YHXB.

Soat 03:45 larda 2004 yilda tug‘ilgan J.Y. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va qarama-qarshi tomonga o‘tib ketgan. Narigi yo‘lda 1977 yilda tug‘ilgan S.A. boshqaruvidagi Nexia-3 bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida Nexia-3 yo‘lovchisi vafot etdi, tarqalgan suratlarda mashina ham jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin. Haydovchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Holat yuzasidan poytaxt IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish; o‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Bu holatda ayblanuvchi muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Mavzuga oid