Jahon | 12:08 / 21.10.2025
4787
3 daqiqa o‘qiladi

«Agar Netanyahu Kanadaga kelsa hibsga olinadi» - Mark Karni

«Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu mamlakat hududiga kirsa, Xalqaro jinoiy sud chiqargan qamoqqa olish orderi bajariladi», dedi Kanada bosh vaziri Mark Karni. XJS o‘tgan hafta isroillik amaldorlar ishiga doir rasmiy Tel-Aviv shikoyatini rad etgan va orderlarni o‘z kuchida qoldirgandi.

 Foto: Bloomberg

Kanada hukumati agar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat hududiga kirsa, Xalqaro jinoiy sud (ICC) chiqargan qamoqqa olish orderini bajaradi, chunki Ottava «xalqaro qonunlarga muvofiq harakat qiladi». Bu haqda Bloomberg bilan suhbatda Kanada bosh vaziri Mark Karni aytib o‘tdi.

«Kanada xalqaro huquq va xalqaro yuridik siyosatiga muvofiq ish tutadi. Agar u (Netanyahu) Kanadaga kirsa, Xalqaro jinoiy sud buyrug‘iga binoan hibsga olinadi».

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud o‘tgan haftada Isroilning bosh vazir Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan chiqarilgan hibs orderlarini to‘xtatish haqidagi shikoyatini rad etdi. Sud «asosli dalillar» mavjudligini bildirgan. Ya’ni ular G‘azo urushi paytida urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Isroil bu qarorni keskin qoralab, uni «siyosiy qaror» deb atagan.

Binyamin Netanyahu va Yoav Galant / Foto: Pool

2024 yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud G‘azodagi genotsid davomida urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlik ayblovlari bilan Benyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan qamoqqa olish orderlarini chiqargan edi.

Bundan tashqari, 2023 yil dekabr oyida Janubiy Afrika Respublikasi Isroilga qarshi Xalqaro sudda tarixiy da’vo qo‘zg‘atgan — unda Isroil G‘azodagi urush paytida 1948 yilgi «Genotsid konvensiyasi»ni buzganlikda ayblangan. Ushbu jarayon keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan sulh ortidan to‘xtatilgan.

2024 yil yanvardan may oyigacha XJS uch marta vaqtinchalik choralar to‘g‘risida qaror chiqardi: Genotsid va harbiy amaliyotlarni darhol to‘xtatish, G‘azoga humanitar yordam kirishiga ruxsat berish.

Kanada 2025 yil 21 sentabrda, BMT Bosh assambleyasi oldidan, Falastin davlatini rasman tan oldi. Bu qaror Buyuk Britaniya, Avstraliya va Portugaliya bilan muvofiqlashtirilgan holda e’lon qilindi.

Mavzuga oid