Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iflos havo - homilador ayollar uchun ko‘rinmas tahdid: Toshkentdagi real xavf haqida sukut saqlanyapti
Toshkent hamon havosi eng iflos shaharlar qatorida yetakchi. Bu nafaqat umumiy sog‘liqqa, balki homilador ayollar uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotlar havoda PM2.5 kabi mayda zarralar konsentratsiyasining oshishi erta tug‘uruq, homilaning kam vazn bilan tug‘ilishi, hatto homila rivojlanishidagi jiddiy muammolar bilan bog‘liqligini isbotlagan. Biroq bu holat O‘zbekistonda muammo sifatida tan olinmayapti.
23 sentabr kuni berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent dunyo bo‘yicha havosi iflos shaharlar orasida 6-o‘rinda turibdi. Havoda mayda PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 146 mkg/m³ ni tashkil etadi va bu “zararli” ko‘rsatkich. Bu ko‘rsatkichning inson salomatligiga qanchalik zarar ekanligi ma’lum qilingan. Ammo nazardan chetda qolayotgan yana bir katta xavfi haqida hech kim o‘ylamayapti yoki aytilmayapti. Havoda PM2.5 zarralarining ko‘payishi homiladorlar uchun o‘ta xavfli.
Ifloslangan havodagi moddalar (masalan, PM2.5, ozon, uglerod oksidlari) plasentaga ta’sir qilib, homilaning normal rivojlanishiga xalaqit beradi, vaqtidan avval tug‘ilish xavfini oshiradi, chaqaloqning tana vazni past bo‘lishiga olib keladi.
Tadqiqotlar (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Harvard Health) shuni ko‘rsatmoqdaki:
- PM2.5 va NO₂ kabi zararli zarracha va gazlar plasenta to‘sig‘ini buzishi mumkin;
- Ular ayol organizmida qon aylanishini qiyintiradi, kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi;
- Bu esa homilaning normal rivojlanishiga xalaqit berib, erta tug‘uruq xavfini 30-60% gacha oshiradi.
Dunyoning qator mamlakatlarida bu holat yuzasidan tadqiqotlar va tahlillar olib borilgan. Masalan, Tayvanda o‘tkazilgan tadqiqotda PM2.5 ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan joylarda homiladorlik davridagi zarar tahlil qilingan. Homiladorlikning 2-yarmida PM2.5 darajasining har 10 mkg/m³ ga oshirilishi erta tug‘uruq xavfining sezilarli darajada oshishidan xabar beradi.
2014-2019 yillarda o‘tkazilgan (besh yil davom etgan) yana bir tadqiqot ham buni tasdiqlagan. Unda 633,516 nafar homilador ayollar qamrab olingan. Bunda ham PM2.5 darajasining har 10 mkg/m³ ga oshirilishi erta tug‘uruq xavfini sezilarli darajada oshirishi aniqlangan. Eronda erta tug‘ilish holatlari oshib ketgani ortidan buni o‘rganish ishlari olib borildi. Havoda PM2.5 zarralarining kamayishi ortidan muammoning iflos havo bilan bog‘liqligi aniqlandi.
Ironda 3.8 milliondan ortiq tug‘ilish ma’lumotlari bilan o‘tkazilgan ushbu tahlilda, PM2.5 zarralari oshishi erta tug‘ruq xavfini oshirish bilan bog‘liqligi va homiladorlikning 2-yarmida yuqori darajada ta’sirchanligi qayd etilgan.
O‘zbekistonda bu muammo sifatida tan olinmagan
Erta tug‘uruq – bolalar o‘limiga katta ta’sir ko‘rsatuvchi global sog‘liqni saqlash muammosidir. Iflos havo oqibatida yuzaga kelayotgan va ortib borayotgan bu holat dunyo mamlakatlarida o‘rganilmoqda. Erta tug‘ilgan chaqaloqlar odatda hayot davomida salbiy oqibatlarga olib keladigan ko‘proq xavf-xatarlarga duch kelishadi, shu jumladan bolalikdagi intellektual va psixiatrik buzilishlar va kattalarda surunkali kasalliklarning erta boshlanishi kuzatilishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2020 yilda dunyo bo‘ylab 13,4 million erta tug‘ilgan chaqaloqlar tug‘ilgan, bu barcha tirik tug‘ilganlarning o‘ndan bir qismini tashkil qiladi. E’tiborlisi shundaki, erta tug‘uruqlarning 90% dan ortig‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlar hududlarida sodir bo‘lgan, bu hududlarda aholining katta qismi yomon havo sifatidan aziyat chekadi.
O‘zbekistonda havo ifloslanishi ortidan keladigan kasalliklar: allergiya, oshqozon va o‘pka kasalliklari, bronxial astma, nafas qisishi, bosh og‘rig‘iga qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Ammo erta tug‘uruq xavfidan ogohlantiruvchi manbalar topilmaydi. Toshkentda aksariyat tug‘uruqxonalarda homiladorlarning o‘z vaqtidan erta tug‘ayotgani qayd etilmoqda. Lekin bu bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Kun.uz bunga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligidan rasmiy ma’lumot so‘radi. Ammo erta tug‘uruqlar bo‘yicha vazirlik emas, statistika qo‘mitasi ma’lumot berishi aytildi. Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda respblikamizda erta tug‘uruqlar soni oshgan. Masalan, 2017 yilda 6359 nafar chaqaloqlar muddatidan avval dunyoga kelgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqamlar 11156 nafarga oshgan. Raqamlar oshgan, havo ifloslanishi davom etmoqda, choralardan esa darak yo‘q. Demak, bu holatlar hali bizda muammo sifatida ko‘rilmayapti. Aslida esa iflos havo — bola va ona salomatligi uchun sukut qilib bo‘lmaydigan tahdid hisoblanadi.
Homilador ayollar o‘zini qanday himoya qilishi mumkin?
Homiladorlar yashayotgan uydagi havoni toza saqlash uchun doimiy shamollatib turishi, lekin tirqish va changdan saqlanishi kerak. Xonada tabiiy namlagichlar – gullar, nam salfetkalar, akvariumlar saqlash foydali. Havo tozalash qurilmalaridan foydalanish kerak.
Ko‘chada imkon qadar avtomobillar ko‘p yuradigan yo‘llardan uzoqroq yurish, ifloslik yuqori bo‘lgan kunlarda (ayniqsa qishda va shamolsiz kunlarda) niqob taqish — PM2.5 filtrli maxsus niqoblar tavsiya etiladi. Ertalab erta yoki kechqurun havo nisbatan toza bo‘ladi — sayr uchun shu vaqtlarni tanlash va immunitetni mustahkamlash lozim.
Mavzuga oid
11:05 / 24.12.2025
O‘zbekistondagi birinchi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
19:32 / 22.12.2025
Eko-stiker bo‘yicha jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi
17:34 / 26.11.2025
“Ekologik vaziyatni qisqa fursatda o‘nglash imkonsiz” – ob-havo bo‘yicha mutaxassislar
09:59 / 26.11.2025