Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqdagi urush Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?
Yaqin Sharqdagi urushning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga ta’siri ko‘proq bilvosita. Bu yerda eng muhim savol savdo yo‘llari, strategik aloqalar va Markaziy Osiyoning katta davlatlar bilan rishtalariga qaratilishi kerak. Urush Eron, Rossiya, Xitoy, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarni qanday o‘zgartiradi va bu o‘zgarishlar keyin Markaziy Osiyoga qanday aks sado beradi, mana shu muhimroq, deydi tahlilchilar.
Urushning Markaziy Osiyoga ta’sirini o‘lchash uchun e’tiborni ko‘proq hozirgi jang maydonidagi voqealarga emas, balki mojaroning kengroq mintaqaviy oqibatlariga, xususan savdo yo‘llari, strategik aloqalar va Markaziy Osiyoning katta davlatlar bilan rishtalariga qaratish kerak.
Ekspertlarga ko‘ra, urushning hamma qo‘rqayotgan mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri kamroq.
Geosiyosiy tahlilchi, Nightingale aql markazi tadqiqotchisi Eldaniz Guseinov fikricha, urushning Markaziy Osiyoga ta’siri uch asosiy tendensiya bilan bog‘lanadi.
Eng birinchisi – agar Erondagi tuzum qulamasa va teokratik boshqaruv bu gal ham urushni kechib o‘tsa, katta ehtimol bilan Tehron Moskvaga yanada yaqin bo‘ladi. Bu esa Rossiyaga Eron va Afg‘oniston orqali janubga o‘tadigan yo‘laklarda kuchliroq rol o‘ynashga imkon beradi.
Ikkinchi tendensiya – Xitoy Markaziy Osiyoga barqaror qo‘shni sifatida ko‘proq e’tibor beradi, katta Osiyo kontekstida ko‘riladigan bo‘lsa, transport yo‘laklariga yetish bo‘yicha nisbatan zaif potensialga ega mintaqa o‘laroq Pekin Markaziy Osiyoning besh respublikasiga yanada jiddiyroq ta’sir o‘tkazadi.
Uchinchisi, Afg‘oniston bilan bog‘liq. Ma’lumki, Pokiston bilan qurolli mojaro va Eron orqali kirishdagi uzilishlar tufayli qiynalgan Afg‘oniston endi shimoliy yo‘llar orqali Markaziy Osiyo va Rossiya bilan chuqurroq integratsiyaga intilishi mumkin.
Uzoq davom etgan bunday qurolli qarama-qarshilik esa Markaziy Osiyoning Hind okeaniga chiqish umidlarini puchga chiqargan-chiqarmagani ham aktual masala.
Ozarboyjonlik tahlilchi Guseinov fikricha, geografiya hali ham Markaziy Osiyoga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Infratuzilma zaifligicha qolyapti, sanksiyalar strukturaviy cheklov qo‘yishda davom etyapti.
Xalqaro savdo bo‘yicha mutaxassis Valijon To‘raqulov ham urushning bilvosita ta’sirlari ko‘proq deb o‘ylaydi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, globallashgan dunyoda bir joyda bo‘layotgan voqealar ikkinchi davlatga albatta ta’sir qilganidek, urush holatidan ko‘rish mumkin bo‘lgan ijobiy jihatlar ham yo‘q emas.
Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqda bu galgi urush 28 fevraldan e’tiboran alanga oldi. Ayni dam Trampning bu qarori aniq strategiyasiz va juda qimmatga tushadigan reja deya baholanmoqda. Urush cho‘zilar ekan, respublikachi prezidentga nisbatan elektorat orasida ishonch kamaya boradi.
Foreign policy nashrining yozishicha, urush va uni boshlash atrofida Tramp administratsiyasi vakillari berayotgan bayonotlar bir-biriga mos emas. Avvalo, bu urushning maqsadi nima ekanini aniqlashtirish kerak. Rejimni ag‘darishmi, Pentagon buni rad etdi, asosiy maqsad Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishini to‘xtatish bo‘lsa, o‘tgan yilning iyunida Tramp endi Tehron hech qachon bunday qurolga erisholmasligini aytib chiqqan edi, deb yozadi ushbu nashr.
Mavzuga oid
21:12
Xitoy va Pokiston Eron urushida vositachi bo‘lmoqchi. Ular nimani taklif qildi?
09:18
Tramp 1,5 trln dollarlik harbiy budjetni talab qildi
09:11
Eron: AQSh Yaqin Sharqda yana bir jangovar samolyotini yo‘qotdi
21:20 / 03.04.2026