O‘zbekiston | 12:20 / 06.07.2018
22860
12 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy jurnalistika muammolari: bugungi kun jurnalistiga talablar

«Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda «to‘rtinchi hokimiyat» darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi».

Shavkat Mirziyoyev.

Butun dunyoda, hurmat va ehtirom yuzasidan ommaviy axborot vositalarini ko‘pincha «To‘rtinchi hokimiyat» degan atama bilan atashadi, bu abstrakt va lirik tushuncha. Chunki ommaviy axborot vositalarida kimningdir qilgan xato-kamchiliklarini tuzatish uchun qo‘llanadigan buyruq mexanizmi yoki vakolati yo‘q. Masalan, qaysidir tashkilot odamlarning oylik ish haqini bermayotgan bo‘lsa, mehnat kodeksidan chetga chiqib ketgan bo‘lsa yoki kimdir qonunni buzayotgan bo‘lsa uni jazolay olmaydi, xato-kamchilikni tuzatish uchun buyruq ham bera olmaydi. Lekin muammoga, masalaga yoki qandaydir voqeaga qonunchilik hokimiyati, ijro hokimiyati, sud hokimiyatining diqqatini jalb qilishga matbuotning haqi bor.

«To‘rtinchi hokimiyat» atamasi jamiyatdagi ijtimoiy fikrga matbuotning qanchalik ta'sir ko‘rsata olishini ifodalaydigan abstrakt va lirik atama hisoblansa-da, ommaviy axborot vositalari jamiyatimizda bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonga nisbatan jamoatchilikning diqqatini jalb qilib, unda daxldorlik tuyg‘usini uyg‘ota oladi, bu uning vazifasi va bunga haq-huquqi ham yetarli darajada mavjud. Aynan mana shu egallab turgan haq va huquqi evaziga davlat boshqaruv tizimidagi uch hokimiyatni o‘ziga, ya'ni matbuotga qaram vaziyatda ishlashini talab qiladi. Agar, aksincha matbuot uch hokimiyatga qaram vaziyatda bo‘lsa, unda davlatda hech qanday rivojlanish bo‘lmaydi. Bu ahvolda davlat tizimi korrupsiya botqog‘idan chiqa olmay, parokanda bo‘lishi mumkin. Bunga tarixdan misollar juda ko‘p.

Masalaning nozik tomoni ham bor. Tom ma'noda mustaqil matbuot hech qachon bo‘lmagan. Dunyoning barcha davlatlarida ommaviy axborot vositalari belgilangan siyosiy yoki iqtisodiy kuchlarga qaramlik ahvolida ish yuritadi. Hech bo‘lmaganda egasining dunyoqarashiga ko‘ra yoki mablag‘ beruvchining istagiga ko‘ra ish tutadi va masalani talqin qiladi.

Masalan, o‘zlarining shaxsiy adovatini, qandaydir destruktiv fikrlarini, hech qanday qadr qiymatga ega bo‘lmagan, har xil bo‘lmag‘ur negativ xulosalarini, go‘yo O‘zbekiston ichkarisidagi xalqning ommaviy ijtimoiy fikri kabi ko‘rsatishga harakat qilayotgan OAV ham yo‘q emas. Bunday axborot agentliklarining ish faoliyati natijasida «Haqiqat ishtonini kiyguncha yolg‘on dunyoni yarmini aylanib ulguradi» (A lie can travel half way around the world while the truth is putting on its shoes).

Haqiqat va yolg‘on nima ekanini eng qisqa va aniq shaklda ifodalab beradigan ushbu ibora ko‘pchilik siyosatchi-jamiyatshunoslar uchun juda kerakli tushunchaga aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, uning o‘zi katta yolg‘on va shubha o‘rtasida arosatda qolgan ibora bo‘lib qoldi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, bu iboraning asl muallifi amerikalik buyuk yozuvchi Mark Tven bo‘lib, bu aniq haqiqat bo‘lishiga qaramay bu ma'lumot ham yolg‘onga aylantirildi. Ayrimlar bu iborani birinchi marta Britaniyaning mashhur siyosatchisi ser Uinston Chyorchill aytgan, degan yolg‘on ma'lumotni dunyoga tarqatib yuborishdi. Endi esa yolg‘on, soxta va noto‘g‘ri xabar tarqalib ketgan va buni tuzatishning iloji bo‘lmay qoldi, quruq rad qilish bilan xatoni bartaraf qilish juda mushkul.

Butun dunyoda yangiliklarni kim yoki qaysi axborot agentligi birinchi yoritgani juda muhim. Bizning vatanimizda mavjud bo‘lgan ichki siyosiy-ijtimoiy muammolarimizni qandaydir boshqa davlatning jurnalistlari o‘zlarining o‘lchamlariga ko‘ra talqin qilib, tashqaridan dod-voy qilib tursa kimga yoqardi? Nafrat, ba'zida g‘azab bilan «destruktiv narsalar beruvchi», «g‘oyaviy xuruj yaratuvchi», «ko‘rolmaydiganlar», degan gaplar bilan «Ozodlik», VVS, «Amerika ovozi», CNN va boshqa xabar agentliklariga xafa bo‘lib, ularga qarata noroziliklar socha boshlaymiz.

Shuning uchun O‘zbekistondagi yangilikni yoki qandaydir xabarni bizdan oldin hech bir davlatning axborot agentligi chiqarishga ulgurmasligi shart. Aks holda yolg‘on, noto‘g‘ri xabar tarqalib ketishi ehtimoli yuqori. Buning oqibatlarini tasavvur qilishni va har xil yolg‘on ma'lumotlar qaysidir shaxsga yoki umuman jamiyatimizga qanchalik zarar keltirishini oldindan bilishni o‘rganishimiz zarur.

Hozirgi paytda, shu kechayu kunduzda ham, O‘zbekiston prezidenti shuncha tushuntirish ishlarini olib borishni talab qilsa ham bari bir chet eldan vataniga qaytib kelgan qaysidir vatandoshimizni aeroportdan yoki uyidan kuch ishlatar tizimda ishlaydigan xodimlar qayergadir olib ketib so‘roqqa tutgani, yoki militsiya xodimi fermerni kaltaklagani yoki gumondor ayolni tahqirlab, yechinishga majbur qilgani haqidagi xabarni dastlab O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan saytlardan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan yoki chet el axborot agentliklaridan bilamiz. O‘z navbatida bunday ahvol o‘zbek milliy matbuotiga nisbatan jamoatchilikning ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin.

Albatta, jamiyatimizda bo‘layotgan ba'zi bir voqealarga o‘zlarimiz e'tibor bermaganimiz uchun tashqaridan boshqa davlatning axborot agentligi xabar berib, so‘ng bu xabarni o‘zlaricha talqin qilib, tahlil qilib ommaga yoritishi turgan gap.

Hozirgi zamonaviy dunyoda axborot vakuumi bo‘sh qolmaydi. Yangiliklar ham tijorat mahsuli va uning ham o‘ziga yarasha bozori mavjud. Bu masalada jurnalistikaning va axborot almashinuvning o‘z qonun-qoidalari bor. Oldin yashin tezligida o‘zimizning jurnalistlar yangiliklarni tarqatib, hamkasb tahlilchilarga «masalliq» tayyorlab berishi zarur. Tezkorlik masalasida boshqa davlatlarning axborot agentliklariga ish qoldirmaslik shart. Biz o‘z yurtimizda bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga oldin o‘zimiz baho berishni va tafsilotlarini keng ommaga yetkazishning uddasidan chiqishimiz zarur.

O‘zimizda shuncha talantli jurnalistlar bo‘laturib, O‘zbekistonda sodir bo‘lgan voqeaning xabarini, tafsilotini, tahlilini qandaydir chet ellik jurnalistlarning qalamidan yoki tilidan, chet el axborot agentliklari orqali xabardor bo‘lish, bir o‘zbek vatandosh uchun qanchalik og‘ir.

Hozirgi kunga kelib O‘zbekistonda ko‘pchilikning e'tiborini o‘ziga jalb qiluvchi muammoning yoki voqeaning xabari matbuotda chiqqanidan so‘ng omma ichida qanday ijtimoiy rezonans yaratganini talqin qilish jarayoni jurnalistlarimizdan ulkan kasbiy mahorat talab qiladigan eng muhim ishlardan biri bo‘la boshladi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar tomonidan mustaqil jurnalistik tadqiqotlar olib borilib, jamiyatimizdagi mavjud muammolarning tafsiloti mutasaddilar oldiga ko‘ndalang qo‘yish ishlari qanday amalga oshirilishini ommaga yoritish evaziga aholi orasida huquqiy savodxonlik rivojlanishi turgan gap. Natijada jamiyatimizdagi vaziyat hozirgidan mutlaqo boshqacha ijobiy tus olishi aniq.

Ayniqsa, jurnalistik tadqiqot jarayonini ham muntazam ravishda ommaga yoritib borilsa, juda ajoyib natija bo‘lar edi. Eng asosiysi — xalqimiz namoyondalari ichida ularning o‘zlarining shaxsiy fuqoralik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lar edi, bu esa o‘z navbatida jamoaviy fikrni o‘rtaga chiqaradi, yoshlarimizning ongiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, ezgu fikr rivojlanadi, layoqatsizlikni illat sifatida ko‘pchilik aniq seza boshlar edi. Chunki bugungi kunga kelib jurnalistikaning mohiyati ham, unga qo‘yilgan talablar ham o‘zgardi.

Turli siyosiy-ijtimoiy vaziyatlar haqida yozilayotgan maqolalar nafaqat o‘zbekistonliklarning, balki dunyoning turli xil davlatlarida istiqimot qiluvchi o‘zbeklarning diqqat markaziga aylanmoqda. Muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda va chet eldagi nashrlarda omma e'tiborida bahs va munozaralar tashkil qilinmoqda. O‘zbekiston matbuotida chiqayotgan maqolalarning mazmuni va mohiyati oldingilardan tubdan farq qiladigan shaklda yozilayotganini yaqqol ko‘rsa bo‘lardi.

Masalan, yaqindagina bo‘lib o‘tgan senator va to‘y korteji mojarosi haqida jurnalistlarimiz yozib chiqdi. Prezident ham jurnalistlar tarafida bo‘ldi. Bu voqea O‘zbekistonda o‘ziga yarasha ommaviy axborot vositalari maydoni shakllanayotganini ko‘rsatdi. Afsuski, oldin bizda bunday maydon yo‘q edi. Ba'zi bir sabablarga ko‘ra O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan edi. Biror jurnalist jamiyatimizdagi illatlar va muammolar haqida ayta olmas edi. O‘sha eski «Pravda Vostoka», «Izvestiya» va «Komsomolskaya pravda» kabi gazetalarning shablonida ijod qilishni davom ettirishar edi.

Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat ko‘rsata oladigan jurnalist ekanligini o‘z ijodi bilan tasdiqlay oladigan qanchadan qancha yosh jurnalistlar yaqindagina bo‘lib o‘tgan Blogerlar chempionatida qatnashishdi. Bu voqea nafaqat iqtidorli va salohiyatli yosh jurnalistlarning g‘alabasi edi, balki o‘zbek jurnalistikasining bayrami bo‘ldi, desak ham bo‘ladi. Chunki, avvalgi musobaqalardagi maqolalardan keskin farq qiladigan mazmundagi materiallarning ommaga taqdim qilinishining o‘zi, aslida o‘zbek jurnalistikasining zafari hisoblanadi. O‘z maqolalari bilan musobaqada qatnashgan yigit-qizlarimiz e'tiborga olindi va mukofotlandi.

Xursandchiliklar, tabriklar va maqtovlardan so‘ng navbat tanqidga ham yetib keladi. Tanqid qiluvchilarning fikriga ko‘ra, bu bloger-jurnalistlar chempionati emas, «insholar tanlovi» bo‘lgan emish, ba'zi bir tanqidchilarning fikriga ko‘ra blogerlik faoliyati va ular o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar dunyoda bundan 10 yil oldin dolzarb bo‘lganligi sababli hozirgi kunda rivojlangan davlatlarda unchalik e'tibor qilinmaydigan anjumanga aylanib qolgan.

Albatta, jurnalistika yoki matbuotni tanqidsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hozirgi zamonaviy jurnalist, faqatgina yangiliklarni xabar qilib tarqatuvchi «jarchi» bo‘lmay qoldi. Bu ishni diktor ham, muxbir ham bajaraveradi. Jarchilik ham, darakchilik ham jurnalistikaning bir qismi hisoblanadi.

Sodir bo‘lgan qandaydir voqea, ijtimoy-siyosiy yoki madaniy-iqtisodiy muammo haqida xabar berilganidan so‘ng yuzaga chiqqan ijtimoiy rezonansni sharhlash, tahrir, talqin, tahlil, muhokama, mubohasa, munoqasha, bahs-munozara qilish kabi ishlar publitsistning ishi hisoblansa ham, publitsistikaning o‘zi aynan jurnalistika degan poydevor ustida qad ko‘tarib turganligini esdan chiqarmaylik.

Matbuotda chiqqan har qanday xabar yoki qaysidir yangilik tahlil talab qilavermaydi. Chunki, ommaga tarqatilgan bo‘lsa ham jamoatchilik e'tiboridan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin, qaysidir xabar yangi tarqatilgan vaqtda ko‘pchilikning e'tiboridan xoli qolgani bilan keyinchalik qandaydir boshqa bir voqea haqidagi xabar ta'sirida ommada kuchli rezonans yaratishi mumkin. Ijtimoiy rezonans tafsiloti esa ommaga oddiy xalq tilida har xil axborot vositalari orqali tushuntirib berilishi shart.

Shuhrat Salomov

Mavzuga oid