O‘zbekiston | 19:03
2545
7 daqiqa o‘qiladi

Otabek Bakirov: “Yolg‘on axborot tarqatish haqidagi modda so‘z erkinligini toraytiryapti”

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pandemiya vaqtida qo‘shilgan “Yolg‘on axborot tarqatish” moddasi hozirga kelib so‘z erkinligi torayishiga sabab bo‘lib qolyapti, dedi bloger Otabek Bakirov energetika vazirining arizasi asosidagi suddan keyin. U energetikada barqarorlik hukm surishini xohlashini bildirdi, toki “bu haqda yozishga ham sabab qolmasin”.

7 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Yolg‘on axborot tarqatish” moddasi bo‘yicha yuritilgan ish energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning arizasi asosida ochilgan edi.

Arizada ko‘rsatilgan holatlar bir yildan ko‘proq vaqt oldin sodir etilgan. Qonunda nazarda tutilgan muddatlar o‘tib ketgani tufayli, sudya Mirusmon G‘iyosov ish materiallarini muhokama qilmasdan, ishni tugatish haqida qaror qabul qildi.

“Sud ishni muhokama qilmasdan tugatdi”

Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarovning aytishicha, mazkur ishda avvalroq jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan, keyin esa materiallarda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bor degan xulosa bilan ish sudga yuborilgan.

“Lekin muddati o‘tganligi uchun sud muhokama qilmasdan tugatish haqida qaror qabul qildi”, – dedi u.

Akbarovning eslatishicha, sud qaroridan norozi tomonlar yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilish huquqiga ega.

Advokat: “Bu qonuniylik ta’minlanganini bildiradi”

Otabek Bakirovning advokati Fayzulla Arslanov sud qarorini “kutilgan natija” deb atadi.

“Biz kutgan natija bo‘ldi. Bu qaror qonun asosida qabul qilindi. Lekin bu yerda muhim jihat bor: ma’muriy javobgarlikka tortish muddati emas, aynan ma’muriy ishni ko‘rib chiqish muddati o‘tgan. Buni to‘g‘ri talqin qilish kerak”, – dedi u.

Advokatga ko‘ra, agar ish mazmunan ko‘rilganida ham himoya tomoni o‘z pozitsiyasini himoya qila olardi.

“Ish hujjatlarida qaysi ma’lumot yolg‘on ekani aniq ko‘rsatilmagan. Qaysi fakt noto‘g‘ri ekani va u nima bilan isbotlanishi kerakligi bo‘yicha asos yo‘q edi. Shuning uchun mazmunan ko‘rilganda ham yutib chiqishimizga ishonardik”, – dedi Arslanov.

Uning fikricha, sud qarori erkin fikr va tanqidiy munosabat uchun huquqiy maydon mavjudligini yana bir bor ko‘rsatdi.

“Bemalol tanqidiy fikr bo‘lishi mumkin. Faqat yolg‘on ma’lumot tarqatilmasa bo‘ldi”, – deydi himoyachi.

Otabek Bakirov: “Resurslar boshqa joyga sarflanyapti”

Suddan keyin jurnalistlar bilan suhbatlashgan Otabek Bakirov MJtKning 202-prim-2-moddasi (“Yolg‘on axborot tarqatish”) pandemiya davrida qabul qilinganini eslatdi.

“Bu modda 2020 yil dekabrida pandemiya, vahima va favqulodda holatlar sharoitida qo‘shilgan edi. Lekin hozir so‘z erkinligining maydonini toraytirishga sabab bo‘lib qolyapti”, – dedi u.

Bakirov deputatlar va senatorlarni ushbu normalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

“So‘z erkinligi bo‘yicha reytinglarda ortga ketayotgan bo‘lsak, buning sabablarini o‘rganish kerak. Xususan, huquqiy komponent bo‘yicha qayerda orqaga ketayotganimizni”, – dedi u.

Bloger vazirning arizasi bo‘yicha kiberxavfsizlik bo‘linmalari ham shug‘ullangani, bu esa resurslarni noto‘g‘ri safrlash bo‘lganini aytdi.

“Kiberxavfsizlik bilan bog‘liq jinoyatlar jami jinoyatlarning 50 foizini tashkil etyapti. Lekin resurslar boshqa yoqqa sarflanyapti. Buni o‘ylab ko‘rish kerak”, – dedi Bakirov.

U sud jarayonida o‘zini qo‘llab-quvvatlagan jurnalistlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi.

“Energetika masalasida muammolarga duch kelgan, qishda yoki yozda bo‘lsin, o‘zini jabrdiyda deb hisoblaydigan odamlar hamdard bo‘ldi. Hammasiga rahmat aytaman”, – dedi u.

Bakirovning aytishicha, uning asosiy istagi – energetika tizimi shunday barqaror ishlasinki, toki bu mavzu doimiy muhokama obekti bo‘lib qolmasin.

“Shunday barqaror energetikaga ega bo‘laylikki, bu haqda yozishga ham sabab bo‘lmasin. Defitsit bo‘lmasin, ochiq bozor bo‘lsin. Energetika vazirligi kommunikatsiyasini yaxshilasin, muammolarni vaqtida tan olsin va ochiqlikni kengaytirsin”, – dedi u.

Advokat: “Bizda hali anti-SLAPP mexanizmlari yo‘q”

Advokat Komila Abdullayeva suddan keyingi izohida rivojlangan davlatlardagi anti-SLAPP amaliyotini eslatdi.

“Strategic lawsuits against public participation” degan tushuncha bor. Ya’ni jamoat manfaatiga oid masalalarni ko‘targan faollarga qarshi sudlardan bosim vositasi sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi”, – dedi u.

Advokatning fikricha, bu ishda taraflarning resurslari teng bo‘lmagan.

“Bir tomonda energetika vaziri va davlat resurslari, ikkinchi tomonda esa oddiy bloger turibdi. Bloger o‘z cho‘ntagidan advokat yollaydi, vaqt va asab sarflaydi”, – deydi Abdullayeva.

U O‘zbekistonda ham kelajakda anti-SLAPP qonunchiligi shakllanishiga umid bildirdi.

“Agar biz huquqiy-demokratik davlat qurishni istasak, fuqarolik jamiyatini himoya qiladigan mexanizmlar ham bo‘lishi kerak”, – dedi advokat.

Sud qarori ustidan 10 kun ichida apellyatsiya tartibida, 6 oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat berilishi mumkin.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid