O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari qanday?
Bugungi kunda ilmiy va ommabop adabiyotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida ekoturizmning o‘rni va ahamiyatini ochib berishga qaratilgan ko‘plab qarashlar olg‘a surilmoqda. Shu o‘rinda, “O‘zbekiston Respublikasida ekoturizmni rivojlantirishning ahamiyati nimalardan iborat?” degan savol tug‘iladi. Buning bir necha asoslari bor:
Birinchidan, xalqaro maqomdagi tashkilot va muassasalarning ma'lumotiga ko‘ra, ko‘pgina turizm turlari yiliga o‘rtacha 5 foizga ortib borayotgan bo‘lsa, ekoturizm yiliga o‘rtacha 20-30 foizga ko‘payib bormoqda. Ko‘pgina mutaxassis va tadqiqotchilarning ilmiy tajriba va xulosalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ekoturizm turizmning yangi va yosh yo‘nalishi bo‘lishiga qaramasdan, ommalashuvi boshqa turistik yo‘nalishlarga nisbatan 2-3 barobar jadal kechmoqda;
Ikkinchidan, O‘zbekistonda turizmning tarixiy turizm, diniy turizm, madaniy turizm kabi turlari bo‘yicha muayyan yutuq va tajribalar bazasi shakllandi;
Uchinchidan, ayni paytda O‘zbekistonda 800ga yaqin turizm faoliyatini ko‘rsatuvchi turoperatorlik firmalari, 600ga yaqin mehmonxonalar, 30dan ortiq muhofazaga olingan hudud (qo‘riqxona, milliy bog‘, nodir tabiat yodgorliklari va h.k.)lar, 60 ta o‘rmon xo‘jaliklari, faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda 400 dan ortiq tabiatning noyob yodgorliklari mavjud.
Ekoturizmni rivojlantirishdan ko‘zlangan maqsad quyidagilardan iborat:
- jahon turistik xizmat bozorida O‘zbekistonning ekoturistik salohiyati, tabiiy potensiali va resurslarini namoyish qilish;
- hududlarning, ayniqsa tabiatning, geotizimlarning ekoturistik resurslari va imkoniyatlarinidan yanada samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borishni rag‘batlantirish;
- turizmni rivojlantirishda ekoturizmning ahamiyati va ulushini oshirish;
- O‘zbekistonda joriy etilgan turistik faoliyatda ekoturistik xizmatlar sifatini tubdan takomillashtirish va ekoturistik xizmatlar hajmini jadal oshirish;
- istiqbolda ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy, innovatsion va metodik ishlanmalarni yaratish;
O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy qiyofasini shakllantirishda ekoturizm rolini oshirish va h.k.
O‘zbekiston ekoturistik resurs va imkoniyatlarga juda boy. Turoperatorlik firmalari tomonidan “Toshkent-Chorvoq-Toshkent”, “Toshkent-Bildirsoy-Chimyon-Toshkent”, “Toshkent-Zomin-Toshkent”, “Toshkent-Aydarko‘l-Toshkent” kabi marshrutlarda o‘tkazilgan ekoturlar, cho‘l hududlardagi tuyadagi sayr, nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo turistlarining katta e'tibor va e'tiroflariga sazovor bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, ekoturizm xizmatlarini ko‘rsatayotgan turoperatorlik firmalari asosan, Chimyon-Chorvoq rekreatsiya zonasi doirasida faoliyat ko‘rsatmoqda xolos. Biroq, O‘zbekistonning Hisor, Bobotog‘, Ko‘hitangtog‘ (Surxondaryo), Chaqchar (Qashqadaryo), Nurota (Navoiy-Jizzax), Zarafshon (Samarqand), Turkiston (Jizzax), Oloy (Farg‘ona), Qurama, Chotqol (Namangan) tog‘lari, Qizilqum cho‘lidagi qoldiq tog‘lar, Qizilqum cho‘li, Orol dengizining qurigan tubi va qodiq sho‘r ko‘llar, Ustyurt platosi, Borsa kelmas sho‘rxogi, Mingbuloq botig‘i, Aydarko‘l, Dengizko‘l, Amudaryo va Sirdaryo sohilidagi to‘qaylar, Muruntov kareri va tabiatning noyob yodgorliklari bo‘ylab majmuali va mavzuli ekoturlar tashkil etish to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan.
O‘zbekistonda o‘ziga xos joziba va takrorlanmas manzaralarga boy bo‘lgan speleoturizm (g‘or turizmi) katta imkoniyatlarga ega. Ayni paytda O‘zbekistonda 500dan ortiq g‘orlar bo‘lib, ma'lumotlarga ko‘ra, yetarli turistik infratuzilmaga ega bo‘lmaganligi sababli ularning birortasiga ham ekoturlar tashkil etilmayapti.
O‘zbekiston cho‘llari va tekislik hudlarida barxan, dyuna, to‘qay, sho‘rxok, taqir, quduqlarni, shuningdek mahalliy cho‘ponlar yashash tarzini namoyon qiluvchi o‘tovlarni tomosha qilishga qaratilgan tuya sayrini tashkil etish katta imkoniyatlarga ega.
Katta Chimyon, Zomin, Chotqol, Ko‘ksuv, Piskom, Turkiston, Hisor, Zarafshon, Oloy, Qurama, Nurota tog‘larida piyoda, trekking turlarini hamda alpinizmni tashkil etishga tabiiy geografik shart-sharoit mavjud. Shuningdek, tog‘lardan oqib tushuvchi ko‘plab serostona va sharqiroq daryo va soylar (Ugam, Chotqol, Piskom, Ko‘ksuv, To‘polondaryo, Shoximardon, Sangzor, Zarafshon va h.k.)larda rafting turizmini rivojlantirish imkoniyatlari katta.
Ilmiy tadqiqot muassasalari va mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ekoturizmning rivojlanish yo‘nalishlari va istiqbollari tabiat qonuniyatlari va geotizimlar barqarorligi bilan bog‘liq holda shakllanmoqda.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda ekoturizmning ilmiy va metodologik asoslarini ochib berishga qaratilgan bir qator ilmiy izlanishlar olib borildi, nomzodlik va magistrlik dissertatsiyalari himoya qilindi, ilmiy va o‘quv adabiyotlar nashr qilindi. An'anaviy ustoz-shogird tizimida ekoturizm va o‘lkashunoslikning nazariy jihatlari o‘rganildi.
Ammo, bu boradagi tahlillar ekoturizm yo‘nalishida tabiatni, geotizimlarni yaxshi biladigan, tabiatda va tabiatning ekstremal sharoitlarida guruhni boshqara oladigan, zurur bo‘lganda birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish malakasiga ega bo‘lgan bakalavr kadrlar tayyorlash dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Sababi, tarixiy turizm, diniy turizm, tibbiyot turizmi, madaniy turizm kabi turizm turlari asosan shahar joylarda, turistik infrastruktura va servis obektlari yetarli joylarda o‘tkazilsa, ekoturlar asosan tabiat qo‘ynida va geotizimlarda olib boriladi, aksariyat ekoturlar ekstremalligi bilan xarakterlanadi.
Mavzuga oid
09:24 / 12.12.2024
Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari boshlandi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024