Hisob palatasi avtomobil sotib olishdagi rasmiylashtirish xarajatlarini yanada kamaytirish bo‘yicha taklif berdi
Davlat budjeti loyihasida avtomobil sotib olishdagi rasmiylashtirish xarajatlarini avtomobil narxining 1 foizi miqdorida belgilash nazarda tutilgan. Hisob palatasi to‘lovlarni yanada kamaytirish bo‘yicha taklif berdi
Hisob palatasi 2022 yilgi davlat budjeti loyihasi bo‘yicha e'lon qilgan xulosasida jismoniy shaxslar uchun ko‘char mulk (avtomobil)ni rasmiylashtirishda undiriladigan davlat bojlari va yig‘imlar miqdorini mulkning qiymatiga mos ravishda belgilashni tavsiya qildi.
Xulosada qayd etilishicha, 2022 yilgi davlat budjeti loyihasida avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im qiymati yangi hamda foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalari bo‘yicha xarid qilish narxining 1 foizi miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.
Palata hisob-kitoblariga ko‘ra, jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan umumiy maydoni 100 kv.m.gacha (umumiy maydoni 70 kv.m. bo‘lgan uy-joy misolida) qiymati o‘rta hisobda 350-400 mln so‘m bo‘lgan ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 607 ming so‘mni, qiymati o‘rta hisobda 90-100 mln so‘m bo‘lgan (Chevrolet Nexia-3 misolida) ko‘char mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar esa 4 mln 738 ming so‘mni tashkil etadi va uy-joyga nisbatan avtomobil rasmiylashtirishda 8 barobar ko‘p to‘lov undiriladi.
Hisob palatasi avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun ishlab chiqarilgan sanasi va ot kuchiga qarab to‘lov undirilishini bunday katta tafovutga sabab sifatida ko‘rsatgan.
“Yuqorida qayd etilganlarga asosan, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida, jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas va ko‘char mulkni rasmiylashtirishda undiriladigan davlat bojlari va yig‘imlar miqdorini (mulklarni qiymatiga mutanosib ravishda) qayta ko‘rib chiqish (unifikatsiya qilish) lozim”, – deyiladi xulosada.
Avvalroq, Kun.uz saytida odamlarni ko‘pdan beri qiynayotgan masala — eski avtomashinalarni rasmiylashtirishdagi bojlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi, ikkilamchi bozordagi avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirish haddan ziyod qimmatligi, shuningdek, yashirin xarid sifatida notarial tasdiqlanadigan va nisbatan arzonroq bosh ishonchnoma keltirib chiqarayotgan xatarlar haqida maqolalar e'lon qilingan edi.
Mazkur maqolalarga asosan deputat Doniyor G‘aniyev ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi bo‘yicha moliya vaziriga so‘rov yuborganini va 2022 yilgi davlat budjeti muhokamasida bu masalani ko‘tarib chiqishini ma'lum qilgandi.
Keyinroq, deputat o‘z so‘roviga javob olganini, unda sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yig‘imni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotgani ma'lum qilinganini bildirgandi.
Mavzuga oid
17:50 / 30.09.2024
Hisob palatasi raisiga ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi
14:21 / 10.07.2024
Budjetdan tashqari jamg‘armalar va tashqi qarzlar sarfi tashqi auditdan o‘tkaziladi
15:08 / 20.04.2024
8,3 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar budjetga undirildi - Hisob palatasi
11:21 / 29.01.2024