O‘zbekiston | 08:24 / 21.09.2020
7557
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qiladi 

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini samarali joriy etish maqsad qilingan. 

Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar:

2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo‘lgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi;

2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo‘lgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasi;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Kuzatuv kengashining tarkibi tasdiqlanadi.

Mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining lozim darajada bajarilishini ta'minlash yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklanadi.

Jamg‘armaning ijro etuvchi direktoriga:

zarur hollarda, Jamg‘arma ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Jamg‘armaning ijro etuvchi apparati xodimlariga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan egallab turgan asosiy lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlariga ustama va boshqa rag‘batlantirish to‘lovlarini belgilash huquqi beriladi.

Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi (B.A.Musayev):

2020 yil 1 dekabrga qadar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqilishini;

2021 yil 1 martga qadar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlarni jon boshiga moliyalashtirish, “davolangan holat” va bajarilgan ishlar natijalari bo‘yicha amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilishini;

2021 yil 1 iyunga qadar davlat tibbiy sug‘urtasining
yagona axborot tizimi hamda ma'lumotlar bazasi yaratilishi va tajriba-sinov tariqasida joriy etish uchun to‘liq ishga tushirilishini;

2021 yil 15 iyunga qadar davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida tibbiy xizmatlar strategik xaridlarini amalga oshirish metodologiyasi va mexanizmi ishlab chiqilishini;

2021 yil 30 iyunga qadar davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida faoliyat ko‘rsatadigan davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlari bilan tegishli shartnomalar tuzilishini ta'minlaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tashkil etish doirasida kafolatlangan tibbiy yordam hajmini belgilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni asoslantirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha 2020 yilda – O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratadi va 2021 yildan boshlab – davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmlaridan kelib chiqib, har yili tegishli yil uchun budjet parametrlarida nazarda tutadi.

Toshkent shahar hamda Sirdaryo viloyati hokimliklari
bir oy muddatda Jamg‘armaga tegishincha Toshkent va Guliston shaharlarida tekin foydalanish huquqi bilan bino ajratilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jamg‘armani zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid