O‘zbekiston | 20:24 / 16.07.2023
19888
16 daqiqa o‘qiladi

Harbiy avtomobillar kuzovining tepa qismi nega oval shaklda chiqariladi? – “Zakovat”ning yozgi mavsum ikkinchi o‘yinidan reportaj

Qoraqalpoq shoiri Ibroyim Yusupov nimani massaget qo‘shiniga o‘xshatgan? Jaloliddin Rumiy ishq bilan sevgining farqi haqidagi savolga qanday javob bergan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining ilk o‘yinida Zafar Rahimov jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat intellektual klubi

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

Suxrob Sharipov - iqtisodchi;

Bobur Maksimov - huquqshunos

Umid Valiyev - bank xodimi;

Zafar Rahimov - buxgalter (jamoa sardori);

Sardor Ahmedov - savdo menejyeri;

Jamshid Adilov - tarixchi.

Tajribali Zafar Rahimov jamoasi 2023 yilning yozgi mavsumi ikkinchi o‘yinida ishtirok etadi.

O‘yinni tasvirga olish jarayonidan lavhalar

1-raund savoli bir soha kishilari oyoqlarini chalishtirib o‘tirishlari haqida bo‘ldi. 1-savol jamoaga biroz qiyinlik qildi va hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

Jamoa a’zosi Sardor Ahmedov

2-raundda XX asr boshlaridagi Angliyada nimani qushlarni zaharlaydi, sigirlarning sutini qochiradi va ekinlarga o‘t ketishiga sababchi bo‘ladi, deb ta’riflashgani haqida bo‘ldi. Bu raundni ham jamoa o‘yinga kirishib olish jarayonida boy berdi. Hisob – 0:2.

Jamoa a’zosi Umid Valiyev

3-raund savoli harbiy avtomobillar kuzovining tepa qismi nega oval shaklda qilinishi haqida bo‘ldi. Bu savolga ham jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 0:3.

Jamoa a’zosi Jamshid Adilov

Navbatdagi raund savoli Lev Tolstoyning “Anna Karenina” asaridan bo‘ldi. Ushbu savolga jamoaning eng oldi o‘yinchilaridan biri Bobur Maksimov to‘g‘ri javob berib, jamoasiga ilk ochkoni olib keldi. Hisob – 1:3.

5-raundda Jaloliddin Rumiy va shogirdlari o‘rtasida ishq va sevgining farqi bo‘yicha suhbat haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa Rumiyning ishq va sevgi haqidagi ta’rifiga yetib bora olmadi. Hisob – 1:4.

Keyingi raundda o‘zbek rassomi Shuhrat Mahkamov chizgan bir kartina ko‘rsatilib, kartina kimga bag‘ishlangani so‘raldi. Qiyin ahvolda qolgan jamoa ushbu savolda klub yordami olishni maqsad qildi. Biroq klub yordamida aytilgan variantlar orasida to‘g‘risi ham yangragan bo‘lsa-da, jamoa noto‘g‘ri variantga to‘xtaldi. Shunday qilib, hisob jar yoqsiga kelib qoldi – 1:5.

7-raundda Sa’diy Sheroziyning asarida yaxshi do‘st va yomon do‘stga o‘xshatilgan buyumlar haqidagi savol tushdi. Jamoa sardori Zafar Rahimov ushbu savolga to‘g‘ri javob berib, jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Hisob – 2:5.

Jamoa sardori Zafar Rahimov

Keyingi raundda ham jamoa ishonchli harakat qilib, topishmoqlar mavzusidagi blitsni o‘z foydasiga hal qildi va hisobni 3:5 ko‘rinishiga keltirdi. Ushbu raundda ayniqsa, blitsning nisbatan qiyinroq bo‘lgan 3-savoliga to‘g‘ri javob topgan Suxrob Sharipovning xizmatlarini e’tirof etish zarur.

Jamoa a’zosi Suxrob Sharipov

9-raundda jamoa yana bir muhim ochkoni qo‘lga kiritib, va-bank raundi sari yana bir qadam tashladi. 1985 yilgi bir multfilm va uning 2011 yilgi remeyki haqidagi savolni jamoa qiyinchiliksiz topdi va hisobni 4:5 ko‘rinishiga keltirdi.

Ketma-ket to‘g‘ri javoblar berib kelgan jamoa 1:5 hisobidan 4:5ga ham yetib keldi. Endi jamoa yana bir savolga to‘g‘ri javob bersa, va-bank raundini o‘ynash imkoniga ega bo‘ladi.

10-raundda shoir Ibroyim Yusupov qaysi o‘simlikni massaget qo‘shiniga o‘xshatgani haqida savol o‘ynaldi. Bir daqiqa davomida ikkita variantdan qaysi birini berishga qiynalgan jamoa yakunda to‘g‘risini tanlay oldi. Hisob 5:5.

Nihoyat jamoa uzoq kutilgan 11-raundga yetib keldi hamda va-bank raundini tanladi. O‘yin stolida faqat Bobur Maksimov qoldi. Agarda u to‘g‘ri javob topsa, jamoa 6:0 hisobida g‘alaba qozonadi va mavsum finaliga chiqishga yaqqol da’vogar bo‘lib oladi, aksincha bo‘lsa, u holda jamoani 0:6 hisobidagi mag‘lubiyat kutib turibdi.

So‘nggi raundda yosh rassom Olim Muhammadaliyev qalamiga mansub, qishloq hayotini aks ettiruvchi surat asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Bobur Maksimov savolning javobiga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, afsuski, biroz boshqacha javob berdi. O‘yinda klub manfaatini himoya qiluvchi vakil Umid Narimov Bobur Maksimovning javobi mantiqan to‘g‘riligi va uni qabul qilish kerakligini bildirgan bo‘lsa-da, boshlovchi va magistrlarning fikrlari biroz boshqacha bo‘lib chiqdi va yakunda jamoaning javobi noto‘g‘ri deb topildi.

Klub manfaatini himoya qiluvchi vakil Umid Narimov

Shunday qilib, birinchi yarmida muxlislar ustunligida, ikkinchi yarmida esa bilimdonlar ustunligida o‘tgan chiroyli o‘yin yakunda teletomoshabinlar foydasiga hal bo‘ldi. Ilk o‘yindagi 6:1 hisobidan so‘ng qolgan 3 ta jamoa ham katta ehtimol bilan va-bank raundiga murojaat qiladi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi: Mahmud Shomurodov, Xorazm viloyati, Urganch shahri

Boshlovchi: E’tiboringizni xodimimizning o‘tirishiga qarating.

Inson shu ko‘rinishda maza qilib o‘tiradi. Ular ko‘pincha ish joylarida shu ko‘rinishda o‘tirishadi. Bu holatda o‘tirganda, mushaklar butunlay bo‘shashadi. Aynan shu "bo‘shashish" ularga kerak. Shundan bu ko‘rinishda o‘tirishni "Ular" usuli deyishadi.

Diqqat savol: Qaysi soha kishilari hordiq olishni yoqtirishadi va nega bu ko‘rinishda o‘tirish ularga kerak?

Javobni Sardor Ahmedov beradi: Bizning fikrimizcha, ular - suxandonlar. Balki, uzoq vaqt davom etadigan efir olib borganda, shunaqa usul ular uchun o‘zini yaxshi his qilishiga yordam berishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Mushaklar bo‘shashganda, chalkashtirib o‘tirgan oyoqlar pastga tushib ketadi. Tepadagi oyoqni tushib ketishi ularni uyg‘otib turadi. Chunki, ular postda uxlamasligi kerak. Bu usulni "Qorovullar usuli" deyishadi.

Hisob: 0 - 1️

Savol muallifi Mahmud Shomurodov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Shuhrat Rustamov, Qamashi tumani, Qashqadaryo viloyati

Boshlovchi: XX asr boshlariga kelib, Angliyadagi gazetalar U ni yomonlab yoza boshlashdi. Garchi undan inson taraqqiyotiga katta foyda bo‘lyotgan bo‘lsa-da, aholi undan norozi. Nega desa, qushlar zaharlanmoqda, sigirlarning suti qochyapti, dalada ekinlarga o‘t ketmoqda.

Diqqat savol: Nimadan fermerlar norozi bo‘lishgan?

Javobni Umid Valiyev beradi: Bizning fikrimizcha, Angliya hududlarini elektrlashtirish ushbu savoldagi holatlarni keltirib chiqargan.

To‘g‘ri javob: XX asr boshlariga kelib, ular o‘sha paytda ko‘mir bilan yurgan, ko‘mir bilan harakatlangan. Demak, ulardan chiqqan tutun qushlarni zaharlagan, sigirlar uning hididan qochib sutlari qochgan va dalada ekinlarga o‘t ketgan. Chunki, poyezd yo‘llari qoq dalaning o‘rtasidan o‘tardi.

Hisob: 0️ - 2️

Savol muallifi Shuhrat Rustamov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Gulchehra Vahobova, Mirzo Ulug‘bek tumani, Toshkent

Boshlovchi: E’tiboringizni ekranga qarating. Harbiy avtomobillar.

Diqqat savol: Nega harbiy avtomobillarning kuzovining tepa qismi to‘g‘ri to‘rtburchak emas, egilgan holda, oval holda bo‘ladi?

Javobni Jamshid Adilov beradi: Deylik, agar uning tepa qismi to‘g‘ri to‘rtburchak bo‘lsa, bekinish imkoniyati bo‘ladi va u pastdan ko‘rinmaydi. Bularda esa unaqa imkoniyat yo‘q.

To‘g‘ri javob: Harbiy samolyotlarga ortganda bortiga sig‘may qolishi yoki halaqit qilishi mumkin. Shuning uchun, aynan zavodlarda shunday holatda ishlab chiqariladi.

Hisob: 0️ - 3️

Savol muallifi Gulchehra Vahobova 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Fayzulla Rahmonaliyeb, Chilonzor tumani, Toshkent shahri

Boshlovchi: Lev Tolstoy "Anna Karenina" romanidan parcha: "Qayiqchaning ko‘lda silliq, osoyishta suzib borishini ko‘rib ko‘plarning havasi keladi, qayiqqa chiqqisi keladi. Chiqqandan keyin unda suzish juda osonmasligini biladi. Qayiqni lapanglatmay boshqarishni o‘rganadi, qayoqqa suzayotganligini aniq bilib turmog‘i kerak, ostida chuqur suv borligini his qilib turmog‘i kerak, eshkakka qo‘lini o‘rgatishi kerak va hokazo" - deb yozgan Lev Tolstoy. "Qayiqni chetdan kuzatib turish oson-u, uning ichida sokin bir tekis yurish qiyinligini ichiga tushgach bilasiz" - deydi yozuvchi.

Diqqat savol: Tolstoy bu ta’rifni nimaga berganini ikki so‘z bilan yozib bering.

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bizning fikrimizcha, bu oila qurishga nisbatan berilgan ta’rif.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 1️ - 3️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Baxtiyor Najimboyev, Toshkent tumani, Toshkent viloyati

Boshlovchi: Jaloliddin Rumiy hazratlaridan shogirdlari so‘radilar:

- Ustoz, ishq bilan sevgining farqi bormi?

- Ishq - dedi ustoz, - buyuk ne’matdur, shundan ishq nafasing bitguncha, sevgi ishqdan darajasi pastroq, shuning uchun sevgi ...(uchta nuqta)ng bitguncha pasayadi, dedilar.

Diqqat savol: Rumiy sevgiga bergan ta’rifni bitta so‘z bilan to‘ldiring.

Javobni Jamshid Adilov beradi: Nafs

To‘g‘ri javob: Rumiy hazratlarining ma’noli iboralaridan bir shu: Ishq nafasing bitguncha, sevgi havasing bitguncha.

Hisob: 1️ - 4️

Savol muallifi Bahtiyor Najimboyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Odina Karimova, Chortoq tumani, Namangan viloyati

Boshlovchi: Suratga diqqatingizni qarating.

O‘zbek rassomi Shuhrat Mahkamov chizgan ushbu suratni. Suratda ko‘pchilik taniydigan go‘zal qizning bir ko‘zi va turfa xil qushlar tasvirlangan.

Diqqat savol: Rassom bu suratini qushlardan kelib chiqib, albatta, nima deb atagan?

Javobni Suhrob Sharipov beradi: Iroda Ismoilova

To‘g‘ri javob: Choliqushi

Hisob: 1️ - 5️

Savol muallifi Odina Karimova 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Erkinboy Turdialiyev, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Shayx Sa’diydan: Yaxshi do‘st aybingni misoli ko‘zgu ro‘baro qiladi o‘zingga, ya’ni yuzingga ochiq aytadi. Yomon do‘st xuddi Uningdek, tilib-tilib ig‘vo qilib qaytadi, deyilgan.

Diqqat savol: U nima?

Javobni Zafar Rahimov beradi: Shayx Sa’diy, yomon do‘stni taroqqa o‘xshatgandirlar, balki.

To‘g‘ri javob: Taroq

Hisob: 2️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Blits savollari. Savollar muallifi: Qurbongul Karimova, Navoiy viloyati

Mavzu: Topishmoqlar

1-savol

Boshlovchi: Qozoq xalq topishmog‘i. Dumaloq, yashil buzoq bog‘lovda semirar.

Diqqat savol: Savoldagi "buzoq" so‘zi o‘rnida bir mahsulot nazarda tutilgan?

Javobni Zafar Rahimov beradi: Tarvuz

To‘g‘ri javob: Tarvuz

2-savol

Boshlovchi: Arab topishmog‘i. Farzand tarbiyasida avval aqlni, keyin mehrni va oxirida U ni ishlating deyilgan.

Diqqat savol: U nima?

Javobni Zafar Rahimov beradi: Qamchi yoki tayoq

To‘g‘ri javob: Qo‘lingizni ishlating deyilgan, javob mantiqan yaqinligi uchun qabul qilindi.

3-savol

Boshlovchi: Qadimgi yahudiy topishmog‘i. Sovg‘a odamni bir-biriga yaqinlashtiradi, U esa sizni yaqiningizdan ham uzoqlashtiradi.

Diqqat savol: Savoldagi Uni toping.

Javobni Suhrob Sharipov beradi: Ehson yoki sadaqa

To‘g‘ri javob: Sadaqa

Hisob: 3️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 1 million pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Doniyor Rasulov, Yashnobod tumani, Toshkent

Boshlovchi: 2011-yilda ishlab chiqarilgan bir film remeykining nomi ham, ichidagi predmetlarining ranglari ham 1985-yildagi ilk ekranizatsiyanikidan farq qiladi. Birinchisining ichidagi qizil, ikkinchida oqqa, birinchidagi oq, ikkinchida qoraga o‘zgargan. Shuningdek, remeykda ajdar obrazi ham bor. Birinchisida esa ajdar yo‘q.

Diqqat savol: Xoh 1985-yilgining, xoh 2011-yilgi remeykining nomini toping.

Javobni Sardor Ahmedov beradi: Zumrad va Qimmat multfilmi

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 4️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi: Islom Markaboyev, Nukus shahri, Qoraqalpog‘iston

Boshlovchi: O‘zbekiston Qahramoni, qoraqalpoq shoiri Ibroyim Yusupov bir she’rida Uni qadimgi massaget lashkariga qiyoslagan. O‘z yerlarin yovlardan sabot bilan qo‘riqlagani uchun, matonat bilan qo‘riqlagani uchun. Fanda Ularning oq va qora rangdagilari uchrashi aytiladi. Oq rangdagisining bo‘yi 5 metrgacha yetadi. Bo‘ynigacha yerga botsa ham, sabot bilan hududini himoya qiladi, deyiladi she’rda.

Diqqat savol: Ibroyim Yusupov nimani qadimgi massaget lashkariga o‘xshatgan?

Javobni Jamshid Adilov beradi: Fikrimizcha, bu saksovul

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 5️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Jamoa “Bor baraka” o‘yinini o‘ynaydi.

O‘yin qoidasi: Jamoada bir ishtirokchi qoladi. Jamoa savolga to‘g‘ri javob bersa 6-0 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 0-6 hisobida yutqazadi.

O‘yinda jamoadan Bobur Maksimov qoladi!

11-raund. Savol muallifi: Sardorbek Odilov, Sirdaryo viloyati

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu yosh rassom Olim Muhammadaliyev qalamiga mansub suratning bir qismi, xolos. Qishloqdagi holat. Bu qizlar hovlida bir hodisani kuzatib turishibdi.

Diqqat savol: Suratning yarmida nima yoki kim tasvirlangan?

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bu qizlar balog‘at yoshidagi qizlarga o‘xshayapti. Bilamizki, qadimdan ota-bobolarimiz kuyovlikka nomzodga o‘tin yordirib ko‘rgan, bu qizlar balkim, qiziqishdan kuyovlikka nomzodning o‘tin yorishini kuzatib turgandir.

To‘g‘ri javob: To‘g‘ri aytdingiz, qizlar ancha hayajonda, yuraklar taka-puka. Voqea qishloqlardan birida ro‘y berayotgani balki sizga yordam berardi. Demak, bu uyga qizlarning taqdirini hal qiluvchi kimlardir kelgan. Ular uzoqdan sovchilarni bekinib kuzatib turishibdi.

Hisob: 0️ - 6️

Savol muallifi Sardor Odilov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Doniyor Rasulov

Doniyor Rasulov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Bobur Maksimov

Bobur Maksimov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid