Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Nodira Bahromova - filolog;
  • Nazokat Abdusaitova - Toshkent davlat pedagogika universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Nodira Turg‘unova - filolog (jamoa sardori);
  • Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;
  • Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Muazzam Shoumarova - menejyer.

2022 yil yozgi mavsumida sensatsiya ko‘rsatib, qizlar jamoasi finalga yo‘l oldi. Avvalgi o‘yinda qozonilgan 6:4 hisobidagi g‘alaba jamoaga final chiptasini taqdim etdi. O‘yindan o‘yinga muxlislari ko‘payib borayotgan jamoadan finalda ham chiroyli o‘yin kutildi.

1-raundda Avstriyadagi bir shahar chetida qurilgan zavod haqida bo‘ldi. O‘yindagi eng qiyin savollardan biriga bilimdonlar javob topa olmadi. Hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda esa jamoaga biroz yengilroq savol tushdi. Amazon kompaniyasidagi sariq chiziq nimani anglatadi, deya berilgan savolga Nodira Bahromova muddatidan oldin javob berdi. O‘yinda hisob tenglashdi – 1:1.

3-raund savoli Ezop masalidan odamning loydan yasalishi jarayoni haqida bo‘ldi. Ushbu savolga o‘tgan o‘yinning eng yaxshi bilimdoni bo‘lgan Muazzam Shoumarova to‘g‘ri javob berib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.

Navbatdagi raund savoli chuqur mantiq yuritiladigan savol bo‘ldi. Nima sababdan XX asr boshlariga kelib yoshlarning o‘z juftlarini o‘zi topishi keskin oshgan, degan savolga qizlar to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 2:2.

5-raundda Chig‘atoy darvoza atroflarida kanalizatsiya mavjudligiga qaramasdan, nega ba’zi xonadonlarda haligacha o‘ralardan foydalanilishi haqidagi savol ham jamoaga biroz noqulay keldi, chog‘i, bu savol ham teletomoshabinlarga navbatdagi ochkoni taqdim etdi. Hisob –2:3.

Keyingi raundda qo‘lga o‘rnatiladigan rezina moslama surati ko‘rsatilib, uning qaysi sportchilar mashg‘ulotida foydalanishi so‘raldi. Bir daqiqa davomida bir qancha sport turlarini sanagan jamoa a’zolari, afsuski, to‘g‘ri variantga yetib bora olmadi. Hisob – 2:4.

7-raund savoli hisobning yanada yiriklashishiga sabab bo‘ldi. Finlandiyadagi kitob o‘qishga targ‘ib qiladigan monument nomini topish so‘ralgan savolda bilimdonlarda to‘g‘ri variant yangragan bo‘lsa-da, yakunda noto‘g‘ri javob berib yuborildi. Hisob – 2:5.