11 mart kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati ishtirokchilari o‘rtasida «Zakovat» breyn-ring turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘yinda final g‘olibligi va 3-o‘rin uchun bahs o‘tkazildi va 3ta jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

1-o‘rinni Farrux Rafiqov jamoasi egalladi, jamoaga 100 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

2-o‘rinni «Ksenofont shogirdlari» jamoasi (20 million so‘mlik mukofot), 3-o‘rinni esa «Espero» jamoasi (10 million) egalladi.

«Zakovat» intellektual klubining telegramdagi kanali orqali g‘oliblarning o‘zlariga tegishli pullarni qabul qilib olayotganining suratlari joylashtirildi. «Oshing halol bo‘lsa, Zakovatda ich!» deya ilova qilinadi suratlarga.

Yutuq pullari solingan quticha klubning ochilish marosimida olib chiqilib, ishtirokchilarga ko‘rsatilgan edi.

«Zakovat» intellektual klubining o‘yinlari endi viloyatlarda ham davom etadi. Breyn-ring turnirlari uchun jami 1 mlrd 690 mln so‘m ajratilgan. Ajratilgan mablag‘ breyn-ring tanlovlari tashkil etilib, unda g‘olib bo‘lgan jamoalarga taqdim etib boriladi.

«Zakovat» intellektual klubining alohida nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta faoliyat boshlashida faollik ko‘rsatgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov va fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva keyingi o‘yin Samarqand viloyati yoshlari uchun tashkil etilishini, ishtirokchilar bugundan ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligini ma'lum qildi.