Gulnora Karimova qanday qilib 240 mln dollarlik ko‘chmas mulk imperiyasini qurgandi?
Gulnora Karimova turli firmalar orqali Buyuk Britaniya, BAA, Shveytsariya, Fransiya va Gongkongda 240 mln dollarlik kamida 14 ta ko‘chmas mulk sotib olgan. Ular orasidan kvartiralardan tortib qasrlargacha bor. Bu borada yevropalik mustaqil surishtiruvchilar guruhi yangi hisobot e’lon qildi. Hisobot mualliflaridan biri Karimova ishini “barcha davrlardagi eng yirik korrupsion keyslardan biri” deb ta’riflaydi.
Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirgan mablag‘lari evaziga Buyuk Britaniya kompaniyalaridan ko‘chmas mulk va samolyot sotib olishda foydalangan. Bu haqda Freedom For Eurasia'ning yangi surishtiruvlariga tayangan holda, BBC xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, London va Britaniya Virjiniya orollarida joylashgan buxgalteriya firmalari bu shubhali bitimlarga aralashgan.
“Karimovaning Buyuk Britaniyadagi mulklarni osonlik bilan qo‘lga kiritishi “xavotirli holat”, – deyiladi hisobotda.
Gulnora Karimova 1989 yildan to 2016 yilgacha O‘zbekiston rahbari sifatida ishlagan mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi hisoblanadi. “Googoosha” taxallusi bilan qo‘shiqlar kuylagan, zargarlik kompaniyasiga asos solgan, O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi sifatida ishlagan.
Ammo u 2014 yilda jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘ldi. Keyinchalik O‘zbekistondagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 2015–2020 yillarda uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yil-u 4 oy qamoq jazosi tayinlangan.
Prokurorlar uni 12 mamlakat, jumladan, Buyuk Britaniya, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi 1 milliard dollardan ortiq mablag‘larni nazorat qilgan jinoiy guruhning a’zosi bo‘lganlikda ayblagan.
“Karimova ishi barcha davrlardagi eng yirik poraxo‘rlik va korrupsiya holatlaridan biridir”, deydi Freedom For Eurasia hisoboti mualliflaridan biri, Oksford universiteti tadqiqotchisi Tom Meyn.
Karimova va uning sheriklari korrupsion deya da’vo qilingan fondlar orqali qo‘lga kiritilgan mulklarning ayrimlarini allaqachon sotishga ulgurgan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar ko‘chmas mulk reyestrlari hujjatlarini o‘rganish orqali Gulnora Karimova qamoqqa olinishidan oldin shubhali fondlar orqali turli mamlakatlar – Britaniya, Shveytsariya, Fransiya, Dubay va Gonkongda kamida 14 ta mulk sotib olganini aniqlashgan.
Yangi hisobotda London va uning atrofidagi 50 million funt qiymatdagi 5 ta mulkka e’tibor qaratilgan. Ular orasida Bukingem saroyi g‘arbi va Belgraviyadagi kvartiralar, Meyfey va Surreydagi 18 million funtlik uy bor.
Karimova qamoqqa olinishidan oldin, 2013 yilda Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. Qolgan ko‘chmas mulklar esa 2017 yilda Britaniya hukumati tomonidan muzlatilgan.
Freedom For Eurasia hisobotida, London va Britaniya Virjiniya orollaridagi firmalar nomi ham tilga olingan. Ular Karimova yoki uning sheriklariga ko‘chmas mulk va shaxsiy samolyotlar xarid qilishga ko‘maklashgan bo‘lishi mumkin.
Karimovaning yigiti ekani iddao qilinadigan Rustam Madumarov va uning sheriklari rasmiy hujjatlarda Britaniya Virjiniya orollari, Gibraltar va Buyuk Britaniyada joylashgan kompaniyalarning "benefitsiar egalari" sifatida qayd etilgan. Hisobotda ta’kidlanishicha, mazkur firmalardan yuz million dollarlab mablag‘larni yuvishda foydalanilgan.
Karimovaga aloqador, Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan ikkita kompaniya – Panally Ltd va Odenton Management Ltd’ga Londonning Nyu-Oksford ko‘chasida joylashgan SH Landes LLP firmasi buxgalteriya xizmati ko‘rsatgan.
2010 yil iyul oyi oxirida SH Landes boshqa bir kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qiladi. Maqsad 40 million dollarga (33 million funt) shaxsiy samolyot sotib olish bo‘lgan. Rustam Madumarov unga benefitsiar sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotda qayd etilishicha, ushbu xarid ortida Karimova turgan.
O‘sha paytda SH Landes’dan mazkur mablag‘larning manbasi haqida so‘ralganda shunday javob bergan: “Biz uning shaxsiy boyligi haqidagi savol ahamiyatli emas deb hisoblaymiz”.
Londonda joylashgan firma keyinchalik Madumarovning boyligi O‘zbekistonda joylashgan Uzdunrobita mobil telefon kompaniyasidan kelganini ma’lum qilgan. Bu paytda kompaniyaning Karimova bilan ehtimoliy aloqalari haqida savollar allaqachon ko‘tarilgan edi. 2004 yilda Moscow Times gazetasida nashr etilgan maqolada Karimova soxta hisobotlardan foydalanib, Uzdunrobita'dan 20 million dollarga yaqin pul o‘tkazib yuborgani keltirilgan. Uning sobiq maslahatchisi Karimovani “firibgarlik”da ham ayblagan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mazkur holatda SH Landes mablag‘lar manbasi qonuniy ekani va jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirilmaganini tekshirishi kerak edi.
SH Landes Panally Ltd kompaniyasining 2012 yilgi moliyaviy hisobotlarini ham taqdim etgan. 2013 yil sentabrda ularni Karimovaning yaqin hamkori: o‘sha paytda 30 yoshda bo‘lgan Gayane Avakyan imzolagan. U Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant kompaniyasining rasman benefitsiar egasi ekani ham aytib kelinadi.
“Karimovaning Buyuk Britaniyada buncha ko‘p mulk sotib olishi xavotirli holdir. Boshqa davlatlar uning bank hisoblari va aktivlarini muzlatib qo‘yganidan keyin, 2017 yilga kelibgina hukumat bunga e’tibor berdi”, deydi Tom Meyn.
Avvalroq, O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlari qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etishi ma’lum qilingandi.
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024