Vazir: “Yil oxirigacha elektron retsept tizimini yo‘lga qo‘yamiz”
Elektron poliklinika, elektron statsionar va elektron retsept tizimlari 2024 yil oxirigacha to‘liq yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish va davlat tibbiy sug‘urta tizimi sohada raqobat muhitini yaratadi va bemorlarga ko‘pdan ko‘p keraksiz dorilar yozib berilishining oldini oladi.
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida, 4 iyul kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqan sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Sirdaryoda sinovdan o‘tkazilgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi konsepsiyasi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini aytdi. “Sirdaryodagi davlat sug‘urta tizimi konsepsiyasini biz boshqa joylarga tatbiq eta olmaymiz”, dedi u va buning sabablarini izohladi.
“Sug‘urta tizimiga o‘tishimiz shart, bu sog‘liqni saqlash tizimining kelajagini belgilab beradi. To‘g‘ri, qiyinchilik bo‘ladi, xatolar bo‘ladi. Birorta davlat bunga silliqqina o‘tmagan. Turkiyada 12-15 yil vaqt talab qilingan sug‘urta tizimiga o‘tishga. Taymaut qilish uchun, o‘zimni himoya qilish uchun aytayotganim yo‘q, bu yerda mutaxassislar, moliyachilar o‘tiribdi.
Prezident topshiriq bergan, sug‘urta tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak. Bu yil Toshkent shahrida va yil oxirida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi tamoyil bo‘yicha [sinovdan] o‘tkazamiz. Bu yerda nimaga e’tibor beramiz? Kafolatlangan paket belgilanishi shart, qaysi ko‘lamda va ixtisoslashgan bo‘g‘imda yordam ko‘rsatamiz? Ikkinchisi, tartib-qoidalar, eng ko‘p uchraydigan kasalliklar, tarifikatsiya – hammasini ko‘ramiz.
Sirdaryo viloyatidagi qilgan xatomiz shundan iborat bo‘ldiki, talab o‘rganilmagan, moliyaviy hajm bilan aholi talab qiladigan hajmning nomutanosibligi yuzaga kelgani uchun moliyaviy tomondan muammo bo‘lgan. Bundan tashqari, raqamlashtirish masalasida katta muammo yuzaga kelgan. Raqamlashtirishsiz sug‘urtani rivojlantirib bo‘lmaydi”, – dedi vazir.
Tibbiy sug‘urta tizimi joriy yil Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida pilot tariqasida yo‘lga qo‘yiladi, 2025 yilda yana 5 ta hudud, 2026 yilda esa to‘liq respublika bu tizimga o‘tishi kerak.
“Sug‘urta tizimi xususiy sektor uchun ham juda qo‘l keladi. Chunki sug‘urta fondiga ajratilgan pul bemorning orqasidan yuradi, ya’ni u davolangan muassasaga pul boradi. Yaxshi xizmat qilgan joyga pul boradi, raqobat yuzaga keladi. Busiz rivojlanishning imkoniyati yo‘q”, – dedi Xudoyorov.
SSV rahbarining ta’kidlashicha, poliklinikalar va retseptlarni raqamlashtirish bo‘yicha Raqamlashtirish vazirligining “O‘zinfocom” tashkiloti bilan ishlanyapti.
“Buni ham qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, inventarizatsiyasi boshlandi. Toshkent shahrida pilot tariqasida bir nechta poliklinalarda qildik. Yil oxirigacha elektron poliklinika, elektron statsionar, elektron retsept tizimlarini to‘liq yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, – dedi u.
Xudoyorov elektron retsept va davlat tibbiy sug‘urtasi tizimlari doirasidagi reimbursatsiya amaliyoti haqida aytib o‘tdi.
“Bu yil, 2024 yilga rejamiz bor, prezident tomondan ham topshiriq berildi: aholini xavfsiz dori-darmonlar bilan ta’minlash va uni tartibga solish uchun rivojlangan davlatlardagi kabi bizda elektron retseptura tizimiga o‘tishimiz kerak. Bu bo‘yicha raqamlashtirish texnologiyasini Toshkent shahrida eksperiment qildik.
Elektron retseptga o‘tib, sug‘urta tizimi yurganidan keyin – bu yil Toshkentda bo‘ladi, xudo xohlasa, biz eksperiment qildik, yaxshi natija berdi – fuqaro o‘ziga kerak bo‘lgan dorini qat’iy belgilangan narxda faqat “Dori-darmon” aptekasidan emas, xohlagan xususiy aptekada olish huquqiga ega. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro boradi, dorini oladi, fiksatsiya bo‘ladi, markazga informatsiya keladi, davlat shu xususiy aptekaga fuqaro uchun to‘lab beradi.
Bu reimbursatsiya tizimi deyiladi. Sirdaryo viloyatida boshlanishida bu o‘zini oqladi. Qiyinchilik bo‘ladi, lekin elektron retsepturaga o‘tgandan keyin, narxlar borasida raqobat muhiti paydo bo‘ladi”, – dedi vazirlik rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron retsept tizimiga o‘tish aholiga keraksiz dori-darmon yozilishi va dori-darmon kontrabandasi muammolarini ham hal qilishda yordam beradi.
“Elektron retsepturaning yaxshi tomoni, bizga – Sog‘liqni saqlash vazirligiga kerakligi sababi – aholiga juda ham ko‘p asossiz, keraksiz dori-darmonlar tavsiya qilinyapti. Bu polipragmaziya deyiladi. Polipragmaziya bo‘lgani uchun aholiga juda ham keraksiz, tijoriy manfaat bilan ham dori-darmon berilyapti.
Elektron retseptura bo‘lsa, programmaga nima kiritiladi, masalan, qon bosimi ko‘tarilganda qaysi standart bo‘yicha qaysi dorilar ishlatilishi kerak, undan ortiqchasi bo‘lsa vrach ham qo‘lga tushadi, aptekachi ham qo‘lga tushadi.
Ikkinchidan, bu yerda biz kontrabanda tovarni ham ko‘rishimiz mumkin. Chunki umumiy bazaga faqat qonuniy kirgan, O‘zbekistonda registratsiya bo‘lgan dori vositalari kiritiladi, kontrabanda tovar sotilgan taqdirda bu ko‘rinadi. Og‘ir bo‘ladi ko‘pchilikka, lekin bu yo‘ldan qaytmaymiz”, dedi Asilbek Xudoyorov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida imzolangan prezident qaroriga bilan, “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari yo‘lga qo‘yilishi va respublikaning barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga ulanishi belgilangan.
May oyida prezident sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgani va bu sohadagi ko‘plab kamchiliklarni ko‘rsatib bergani ta’kidlangandi.
Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketyapti.
Yig‘ilishda Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yilgandi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanishi, yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Shunga asoslanib, 2024 yilda poytaxtda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilishi ham ta’kidlangandi.
Mavzuga oid
07:50 / 28.10.2024
Fuqaroga nafaqa qilib berishni va’da qilgan tibbiyot xodimi pora bilan ushlandi
12:15 / 24.10.2024
2050 yilgacha Osiyoda 69 foiz aholi uzoqni ko‘ra olmasligi mumkin – tadqiqot
20:16 / 22.10.2024
Vazir “Dok-1 Maks”dan nogiron bo‘lib qolgan bolalarga yordam berilayotganini aytdi. Jabrlanuvchi ota vazirning gapini yolg‘on dedi
14:21 / 21.10.2024