Sog‘liqni saqlash vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi o‘tkazildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, yig‘ilishda vazir Asilbek Xudoyorov Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovga “qizamiq epidemiyasi” bo‘yicha namanganlik vrachlarga tayinlangan jazo adolatsiz ekani, tibbiyot xodimlari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, xalq xizmatiga qaytarilishi maqsadga muvofiqligi haqida fikr bildirgan. Vazir o‘z fikrlarini respublikada epidemiolog-vrachlarga katta ehtiyoj borligi, kadrlar yetishmovchiligi oqibatida Sanepidqo‘m tizimidagi muassasalarda 30 foiz epidemiolog shtatlari vakant ekani, faoliyat olib borayotgan epidemiologlarning ham 50 foizidan ortig‘i pensiya yoshidagi xodimlar bo‘lgani bilan asoslagan.

Vazir aytgan vrachlar kimlar?

2023 yil yanvaridan respublikaning deyarli barcha viloyatlarida qizamiq kasalligi bilan kasallanish qayd etila boshlangan. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida kasallik jiddiy tus olgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘ining Kun.uz tanishgan ma’lumotnomasida keltirib o‘tilgan.

Ma’lumotnoma JIB Namangan shahar sudining 2024 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan sudlangan sudlanuvchilarning ish hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha tayyorlangan. Ushbu sud hukmi bilan Namangan viloyati “SES” va sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi ayrim mas’ullar sudlangan.

Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, boshqarma mas’ullari M.T., U.M. va Sh.L. 2023 yil yanvar-avgust oylari davomida viloyatda 311 nafar bemorda qizamiq aniqlangan bo‘lsa-da, epidemiologik vaziyatni go‘yoki “ijobiy” ko‘rsatib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga soxta ma’lumotlar taqdim qilishgan. 

Sud hujjatida viloyatda qizamiqqa chalingan bemorlarni aniqlash, ajratib qo‘yish va yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizish, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish va emlash choralarini ko‘rish ishlari amalga oshirilmagani, kasallikka chalingan bemorlar ustidan epidemiologik surishtiruv va tibbiy kuzatuvlar olib borilmagani keltirilgan. Buning oqibatida viloyat hududida aholi, ayniqsa yosh bolalar o‘rtasida qizamiq kasalligi keskin ko‘payib, epidemiologik vaziyat yomonlashgan. Jumladan, viloyatda 2023 yilda 1 912 nafar, 2024 yil yanvar-fevral oylarida 875 nafar fuqaroga qizamiq yuqqan, 25 nafar surunkali kasalligi bo‘lgan bolalar esa ushbu kasallik asoratidan vafot etgan.

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelgan I.T. esa aniqlangan yuqumli kasallik bo‘yicha hududiy SEO va JS bo‘limlariga 12 soat ichida telefon orqali va 24 soat ichida yozma ravishda shoshilinch xabarnoma jo‘natmaganligi va haqiqiy holatni yashirish maqsadida 74 nafar bemorning kasallik tarixiga qizamiq tashxisi o‘rniga boshqa turdagi kasallik tashxisini yozib qo‘ygani aytiladi.