O‘zbekiston | 13:45 / 11.02.2026
11042
14 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyo birlashsa, u bilan hisoblasha boshlashadi” – iqtisodchilar tahdidlarga qanday javob berish haqida

Dunyo siyosati ko‘cha bezoriligiga o‘xshadi-qoldi: qonun-u tartiblar ishlamayapti, kuchli kuchsizning “burnini qonatyapti”, avval yangramagan tahdidlar bemalol aytilyapti. Bunaqa sharoitda bizga o‘xshagan davlatlar nima qilishi kerak? Savol keng va har bir soha vakillari o‘z javoblarini beradi. Bugun iqtisodchilarni eshitamiz.

Suhbatdoshlarimiz – iqtisodchilar Ahliddin Malikov va Shahzod Yo‘ldoshboyev.

Ahliddin Malikov, iqtisodchi: Birinchi navbatda, har qanday mamlakat to‘laqonli siyosiy mustaqillikka erishish uchun iqtisodiy mustaqil bo‘lishi kerak. Boshqa davlatlarga iqtisodiy qaramlikdan, bog‘liqlikdan voz kechishi kerak deb o‘ylayman.

Shahzod Yo‘ldoshboyev, iqtisodchi: Har bir rivojlanayotgan mamlakat o‘z himoyasi masalasida ikkita juda muhim savolga javob berishi kerak. Birinchisi – o‘z himoyamizni qanday qilib ta’minlaymiz? Biz katta va kuchli harbiy tashkilotlarga, harbiy bloklarga a’zo bo‘lish orqali o‘zimizning himoyamizni ta’minlaymizmi yoki hech qanday blokka qo‘shilmasdan o‘z himoyamizga o‘zimiz mas’ul bo‘lamizmi? Bu birinchi savol va shu birinchi savoldan kelib chiqadigan ikkinchi savol — o‘z budjetimizning qaysi miqdorini har yili harbiy xarajatlar uchun yo‘naltirishimiz kerak? Ya’ni shu ikkita savol har doim rivojlanayotgan mamlakatlar uchun aktual bo‘lib kelgan va hozir ham bilamizki, bu savollar o‘zining aktualligini yo‘qotmagan.

Ahliddin Malikov: Dunyoda bunday misollar ko‘p. Masalan, Janubiy Koreya yoki Singapur davlatlarini oladigan bo‘lsak, ular aslida juda ham katta mamlakatlar emas, lekin ularning iqtisodiy salohiyati juda ham kuchli va shuning evaziga, masalan, Janubiy Koreya ikki trillionlik yalpi ichki mahsulotga ega va dunyoda beshinchi eng qudratli armiyaga ega. Singapur masalan, 570 milliard dollarlik iqtisodiyotga ega va 29-o‘rinda turadi dunyodagi eng kuchli armiyalar bo‘yicha.

Shahzod Yo‘ldoshboyev: O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, rivojlanayotgan mamlakatlar kabi O‘zbekiston ham bu savollarga javob bergan, bilamizki, O‘zbekistonning harbiy doktrinasi hech qachon harbiy bloklarga qo‘shilmaslik va katta mamlakatlarga qaram bo‘lmaslikdan iborat. Bu, albatta, to‘g‘ri qaror va bunga ikkita bor: birinchisi, bu, albatta, harbiy masalalarda katta og‘aga qaram bo‘lishlik, bu hech qachon yaxshi emas. Bunday tashkilotlar, bunday kelishuvlar faqat o‘sha katta kuchlarga ma’qul bo‘lib, qulay bo‘lgandagina ishlaydi va ularga noqulay bo‘lishni boshlaganda bunday tashkilotlar ishlamay boshlaydi. Buni biz ko‘p marotaba ko‘rdik. Masalan, hozirgi Tramp bilan Grenlandiya mojarosi, NATO mamlakatlari orasidagi bo‘layotgan mojarolar. Bilamizki, o‘sha possovet arenasida ham, possovet hududida ham bunday masalalar ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun bu, albatta, eng to‘g‘ri qaror.  

Ikkinchidan, nimaga katta davlatlarga qaram bo‘lmaslik kerak? Chunki katta kuchlarning orasida kimnidir tanlashga to‘g‘ri keladi. “Dushmanimning do‘sti — mening dushmanim” degan gap bor. Biz esa yangi dushmanlarni o‘zimizga orttirib olgimiz kelmaydi.

Ahliddin Malikov: Iqtisodiy kuch harbiy salohiyatni kuchaytirishga yordam beradi va bu har qanday tashqaridan bo‘ladigan tahdidlarga, siyosiy bosimlarga mamlakatning chidamliligini oshiradi, ana shunday xavflarni bartaraf etishga yordam beradi. Yuqori iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan mamlakatlar nafaqat o‘zining harbiy kuchi bilan, balki iqtisodiy munosabatlarda ham o‘zining kuchli pozitsiyasi bilan boshqa kuchliroq bo‘lgan mamlakatlarni o‘zlariga nisbatan tahdid qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Shokir Sharipov, jurnalist: Ya’ni deylik, bir muayyan davlat bor, uning iqtisodiy kuchi bor va shunga yarasha harbiy kuchi bor. Unga nigoh boshqacha bo‘ladi, albatta, to‘g‘rimi? “Bu bilan hazillashib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kichkina davlat, harakat qilsa, bosib olsa ham bo‘ladi, ammo... 

Ahliddin Malikov: Oqibati o‘ziga ham zarar bo‘ladi.

Shokir Sharipov: Har bir agressorda ham tahlil bo‘ladi. To‘g‘rimi? “Mana shu mamlakatda mana shu-shu qudrat bor. Bizga muammo tug‘diradi uni bosib olish”.

Ahliddin Malikov: Shunday.

Shahzod Yo‘ldoshboyev: O‘zbekiston qanday qilib o‘z himoyasini kuchaytirishi mumkin, degan savolga keladigan bo‘lsak, buning ikkita oson yo‘li bor. Birinchisi, bu iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiy integratsiya. Biz har doim tashqi agressorlar uchun O‘zbekistonga qarshi harakatning narxini oshirishimiz kerak. Ya’ni O‘zbekistonga qarab har bitta agressor o‘ylashi kerak: qandaydir qarshi harakatim menga qimmatga tushishi mumkin. Va buning eng oson yo‘li bu, albatta, iqtisodiy rivojlanish. Qanchalik O‘zbekiston har xil davlatlar bilan iqtisodiy savdo hajmini oshirsa, bizga ko‘proq mamlakatlar qandaydir ma’noda qaram bo‘lishni boshlashadi va bizga qarshi har qanday harakatning xarajati ular uchun oshib boradi. Bilamizki, hozir O‘zbekiston juda jadal sur’atlarda rivojlanib boryapti. Bu, albatta, odamni xursand qiladi. Va harbiy ma’noda ham bizga bu yaxshi.

Ikkinchi yo‘li bu, albatta, o‘sha harbiy xarajatlarga sarmoya qilish. Bu yalpi ichki mahsulotning kattaroq foizini harbiy xarajatlarga yo‘naltirish bilangina emas, balki mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirish. Hozir bilamizki, alternativ qurollar ko‘payib ketyapti va yangi texnologiyalar rivojlangan sari har bir dollar sarmoyaning harbiy foydasi oshib boryapti. Masalan, dronlar. Dronlar juda arzon, lekin ularning harbiy foydasi juda-juda baland. Shunday mantiq bilan o‘ylash, albatta, yaxshi har bir davlat uchun, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar uchun. Har bir dollarning bizga olib keladigan foydasini, albatta, o‘ylashimiz kerak. Va bu masalada, albatta, harbiy xarajatlarni oshirish va to‘g‘ri yo‘naltirish kabi masalalarni qarab chiqishimiz kerak.

Ahliddin Malikov: Geosiyosiy noaniqliklar o‘sib borayotgan, imperializm kayfiyati ko‘tarilib borayotgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zlarining qat’iy bir strategiyalarini shakllantirishi kerak deb o‘ylayman. Va bu strategiyaning eng asosiy bandlaridan biri bu Markaziy Osiyoning iqtisodiy integratsiyasi bo‘lishi kerak. Iqtisodiy birlashuv qanday sodir bo‘ladi?

Avvalambor, har qanday iqtisodiy integratsiya ostida erkin savdo yotadi. Ya’ni erkin savdo degani bir mamlakat ikkinchi mamlakat bilan bemalol to‘siqlarsiz savdo qila olishini bildiradi.

Lekin bizning hozirgi holatimizga qaraydigan bo‘lsak, biz o‘zimizda bor potensialimizga yarasha savdo qila olmayapmiz. Mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiyani yaxshilash uchun biz birinchi navbatda iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilishimiz kerak. Masalan, hozirgi holatda Markaziy Osiyo mamlakatlarini uchta kategoriyaga bo‘lib yuborsak bo‘ladi. Birinchisi, resursga juda ham boy bo‘lgan mamlakatlar: Qozog‘iston va Turkmaniston. Ikkinchisi, resursga boy emas va iqtisodiyotining asosiy qismi tashqi migrantlardan keladigan pulga tayanadigan mamlakatlar. Bu mamlakatlarga asosan Qirg‘iziston bilan Tojikiston kiradi.

O‘zbekistonning esa yalpi ichki mahsulotidagi tabiiy resurslarning ulushi Qozog‘iston va Turkmanistondagidek baland emas hamda mehnat muhojirlaridan keladigan pul Tojikiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotidagi migrantlar o‘tkazmalari ulushidan kamroq.

O‘zbekiston juda ham bir noyob pozitsiyada bu holatda. O‘zbekiston integratsiyadan eng ko‘p manfaat oladigan davlatdir. Biz dengizga chiqish uchun ikkita mamlakatni bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi va biz geografik jihatdan eng o‘rtada joylashgan mamlakatmiz.

Yana bir tomoni, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro, masalan, to‘lov tizimlarini ham birlashtirsa, bu mintaqadagi iqtisodiy integratsiyani yana ham tezlashtirgan bo‘lardi. Uzkard deymizmi yoki boshqa milliy to‘lov tizimlari bor. Mana shu to‘lov tizimlarini qo‘shni mamlakatlar to‘lov tizimlari bilan birlashtirgan holatda tovar ayirboshlashda foyda katta, bu bilan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishimiz mumkin bo‘ladi.

Shokir Sharipov: Bu endi xususiy sektorning ishi, to‘g‘rimi?

Ahliddin Malikov: Albatta, lekin bunga kerakli huquqiy asoslar va shart-sharoitlar yaratib berilishi kerak. Davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Integratsiyani ikkita asosiy qismga bo‘ladigan bo‘lsak, birinchisi savdo dedik. Savdo tovarlarni o‘zaro bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga to‘siqsiz yetib borishi. Bunda har ikki mamlakat ham foyda ko‘radi. Chunki har ikki mamlakatdagi iste’molchilar arzon narxlardan, tovarlarning turlari ko‘pligidan manfaat oladi va tovarlarning sifati ham baland bo‘ladi, raqobat bo‘lsa. Bu juda ham yutuqli tomoni savdoning.

Ikkinchi tomoni esa insonlarni bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga to‘siqsiz ko‘chib yura olishi. Bunda, masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlarini oladigan bo‘lsak, O‘zbekistondan borib Qozog‘istonda bemalol ishlay olish va Qozog‘istonning mehnat bozorida bemalol ish topa olish yoki Qozog‘istondan kelib O‘zbekistonda ishlay olish. Bu ikki tomon uchun ham manfaat keltirib chiqaradi. Sababi, ba’zi bir mehnat muhojirlarining iqtisodiyotning ba’zi bir sektorlarda samaradorligi yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Ishchilar almashinuvi tufayli bizneslar bundan manfaat topadi va ishlab chiqarish rivojlanadi, chunki ba’zi ishchilarning salohiyati boshqa mamlakatda bo‘lmasligi mumkin.

100 milliondan ortiq katta aholi soniga ega bo‘lishimiz mumkin, agar birlashadigan bo‘lsak. Dunyodagi salbiy demografik o‘zgarishlar fonida Markaziy Osiyoda tug‘ilish darajasi yuqori.

Shokir Sharipov: Foydalanish kerak.

Ahliddin Malikov: Ha. Bundan o‘z manfaatimiz yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ya’ni agar biror-bir tashqaridan bosim bo‘lsa, xoh iqtisodiy, xoh siyosiy, biz agar bitta stol atrofida to‘planadigan bo‘lsak, biz bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi.

Nima uchun iqtisodiy integratsiya Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda ham muhim deb aytyapman? Chunki iqtisodiy integratsiyadan biz boshqa katta kuchlarni tiyib turish mexanizmi sifatida va kollektiv bir immunitet sifatida foydalana olsak bo‘ladi. Har bir Markaziy Osiyo mamlakati biror-bir region yoki mamlakat bilan alohida diplomatiyaga kirishgandagi so‘zining o‘rni boshqacha, lekin birlashib, bitta stol atrofida to‘planib, integratsiya bo‘lgan hudud sifatida ular bilan iqtisodiy diplomatiyaga kirishi, u butunlay boshqa narsa. Misollar ko‘p.

Mana, Yevropa ham Markaziy Osiyoga alohida bir mintaqa, birlashgan mintaqa sifatida qarashni boshladi, Amerika ham o‘zining, masalan, uchrashuvlarida faqat bitta davlatni chaqirmayapti-da, butun Markaziy Osiyo mamlakatlarini chaqiryapti.

Shokir Sharipov: Yevrointegratsiya misol. To‘g‘rimi?

Ahliddin Malikov: Albatta.

Shokir Sharipov: U hozir kuchga aylandi, integratsiya evaziga. Daniya, Finlandiya kabi bo‘laklar emas, katta bir sub’yekt sifatida qaralyapti.

Ahliddin Malikov: Shunday. Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘zining ASeAN degan iqtisodiy hamjamiyatiga ega va bu hamjamiyat orqali ular nafaqat erkin savdo qila oladi bir-biri bilan, balki ularning aholisi, ishchilari bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga erkin o‘tib, u yerdagi mehnat bozorida ish topishi mumkin va shu orqali ular ham xususiy sektorda foydaga erishadi, ham o‘zlarini bir himoyalangan hudud sifatida ko‘ra oladi.

Ikkinchisi, mana, Ko‘rfaz mamlakatlari kelishuv konsuli bor. Bu mamlakatlar neft-gaz sohasida ko‘proq va tezroq diversifikatsiya qilish uchun o‘rtalaridagi iqtisodiy, savdoga aloqador to‘siqlarni olib tashlashga harakat qilgan. Mana shu – integratsiya jarayonining bir ko‘rinishi.

Integratsiya jarayonini jonlantira oladigan bo‘lsak, 10 yildan keyin, o‘ylashimcha, Markaziy Osiyoda juda ham katta bir iqtisodiy kuch paydo bo‘ladi va bu kuch bilan atrofimizdagi katta super kuchlar hisoblashishiga to‘g‘ri keladi, iqtisodiy jihatdan kamida.

Sababi, bizning o‘sib borayotgan demografik ko‘rsatkichlarimizga qaraydigan bo‘lsak, o‘sha katta kuchga ega bo‘lgan mamlakatlarga tenglashib qolamiz.

Shokir Sharipov: Deylik, Rossiyaga.

Ahliddin Malikov: Ha. Yosh avlod katta inson kapitali bo‘lib xizmat qiladi va bunda samaradorlik oshadi, innovatsiyalarda boshqalardan o‘tib keta olishimiz mumkin bo‘ladi, chunki yosh avlod degani bu hali hamma narsa oldinda degani. Ular kerakli bilimga ega bo‘lsa, ishlab chiqarishda ham, innovatsiyalarda ham boshqalardan o‘tib ketishimiz mumkin.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid