Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada joylashgan Karles Rahola nomidagi jamoat kutubxonasiga sayohat (foto)
Yevropa davlatlaridagi ko‘plab kutubxonalarda sharoit juda qulay, kirish va foydalanish esa oson bo‘ladi. Xususan, Daniya, Germaniya, Sloveniya va Ispaniyadagi jamoat kutubxonalariga qilgan tashriflarim menda shunday taassurot qoldirgan.
Bugun siz bilan hozirda o‘zim yashab turgan shahar – Jironada (Ispaniya) joylashgan Karles Rahola nomidagi jamoat kutubxonasiga sayr qilamiz.
Kirish
Hozirda kutubxonaga kirish uchun qabulxonada kutubxona kartasi yoki shaxsingizni tasdiqlovchi biror hujjatni ko‘rsatishingiz kerak. Aslida kutubxonaga hech qanday hujjatni ko‘rsatmasdan kirish mumkin, biroq pandemiya sababli kirishda yuqorida tilga olingan hujjatlardan birini taqdim qilish so‘raladi.
Eshikdan kirishingiz bilan qo‘lni dezinfeksiya qilish vositasini uchratasiz – kirishda qo‘lni dezinfeksiya qilish shart.
Bahor faslida tez-tez yomg‘ir yog‘ib turishini hisobga olib, kirish eshigi ichkarisida soyabonga kleyonka kiydiruvchi moslama ham o‘rnatilgan. Bu yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan soyabonning suvi kutubxona binosi ichiga oqishining oldini oladi.
Kutubxona binosi 3 qavatdan iborat. 1-qavatda qabulxona, kafe, jamoaviy ishlash uchun xonalar, bolalarga mo‘ljallangan xonalar va o‘qish xonalari mavjud. Lekin koronavirus sababli 1-qavatdagi ko‘pgina xonalar va kafe hozirda yopib qo‘yilgan. 2- va 3-qavatdagi xonalarning aksariyati esa ochiq.
Koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar va o‘zgarishlar
Pandemiya sababli kutubxonadan foydalanishda bir qancha cheklovlar o‘rnatilgan. Jumladan, yuqorida aytilganidek, kafe va ayrim xonalar yopilgan. Shuningdek, ochiq xonalarning ham aksariyatidan kursilar olib chiqib ketilgan; bunday xonalarga kirib, u yerdagi kitoblarni foydalanish uchun olish mumkin bo‘lsa-da, xonaning o‘zida o‘tirib o‘qish mumkin emas.
Hozirda kompyuterlardan foydalanish ham cheklangan. Aksariyat kompyuterlar o‘chirib qo‘yilgan, foydalanish uchun faqat 10 ta kompyuter qoldirilgan.
O‘tirib o‘qiladigan yoki dars qilinadigan stol va kursilar esa katta zallarga bir-biridan uzoq qilib joylashtirilgan. Hozirda kutubxonada o‘tirib o‘qish/dars qilish uchun faqat 68 ta o‘rin mavjud – bir vaqtning o‘zida faqat 68 kishi kutubxonada o‘tirib o‘qishi mumkin.
Bundan tashqari, zallar, xonalar va boshqa joylardagi alohida dizaynga ega yumshoq mebellar ham yig‘ib olingan.
Shuningdek, o‘tirib dars qilish uchun tashkillashtirilgan 68 ta stolning har birida maxsus belgili varaqa mavjud. Uning bir tarafida yashil rangli «Foydalanish mumkin. Ketishda varaqani teskariga o‘giring» degan yozuv, ikkinchi tarafida qizil rangli «Foydalanishga yaroqsiz. Tozalanishi kerak» degan yozuv bor.
Kitobxon kutubxonada o‘tirib dars qilmoqchi bo‘lsa, varaqaning yashil tarafi tepaga qarab turgan stol va uning yonidagi kursidan foydalanishi kerak. Foydalanib bo‘lib, chiqib ketayotganda varaqaning qizil tarafini o‘girib ketadi va tozalovchi xodimlar stol va stulni, agar stolda kompyuter bo‘lsa, uni ham artib, dezinfeksiya qiladi va varaqani yana yashil tarafga burib qo‘yadi. Unga qadar bunday stol, kursi va kompyuterdan foydalanish mumkin emas.
Bundan tashqari, yuz niqobisiz kutubxonaga kirish yoki kutubxonada o‘tirish mumkin emas.
Kutubxonadagi resurslardan foydalanish
Kutubxona binosi, undagi Wi-Fi tarmog‘i, kitoblar va qog‘oz shaklidagi boshqa manbalardan foydalanish uchun kutubxonaga a'zo bo‘lishingiz shart emas. Shunchaki, kutubxonaga kirib, kerakli kitob yoki materialni olib foydalanaverasiz.
Biroq kutubxonadagi kompyuterlardan foydalanish, kitoblarni ma'lum muddatga o‘zingiz bilan olib ketish uchun kutubxonaga a'zo bo‘lib, kutubxona kartasini ochishingiz kerak.
Kutubxonaga a'zo bo‘lish va karta ochtirish bepul. Agar kartani yo‘qotib qo‘ysangiz, qayta karta qilishda ma'lum summa undiriladi.
Ko‘pgina talabalar odatda o‘zining noutbukini olib kelib, kutubxonada o‘tirib dars qiladi. Kutubxonaning Wi-Fi tarmog‘i va uning paroli har bir stol ustida alohida qog‘ozda yozib qo‘yilgan.
Kutubxonaning har-har yerida chiqindi qutilari ham mavjud. Odatda qog‘oz, plastik va ulardan boshqa turdagi chiqindilar uchun alohida qutilar qo‘yilgan bo‘ladi.
Har bir qavatda mazkur qavatning xaritasi joylashtirilgan bo‘lib, ulardan ko‘zi ojizlar ham foydalana olishi uchun xarita ma'lumotlari Brayl yozuvida ham yozilgan.
Kutubxonada foydalanish uchun hojatxonalar ham bor. Ularning eshigiga ham Brayl yozuvida yozilganini ko‘rish mumkin.
Tabiiy dekoratsiyalar
Ispaniyada binolarning ichidan alohida shishali xona qilib, u yerda daraxt, gul va boshqa manzarali o‘simliklar ekish orqali tabiiy dekoratsiya qilish ancha ommalashgan. Bunday dekoratsiyalarni Jirona kutubxonasida ham ko‘rish mumkin. Bunday dekoratsiya qarshisida o‘tirib dars qilsangiz, o‘zingizni tabiat qo‘ynida o‘tirgandek his qilasiz.
Ta'kidlash joizki, kutubxonadagi maxsus dizaynga ega yumshoq mebellar, ko‘pgina stol va kursilari, dekoratsiyalar va boshqalarning pandemiya sababli yig‘ib olinishi kutubxona dizaynini sodda qilib qo‘ygan. Kutubxonaning pandemiyadan oldingi ichki dizayni anchagina jozibador ko‘rinishga ega bo‘lgan. Kutubxonaning pandemiyadan oldingi ichki dizayni bilan quyidagi havola orqali virtual tarzda tanishishingiz mumkin.
P.S. Hozirda kutubxona dushanba-payshanba kunlari 10:00 dan 20:00 gacha, juma kuni 10:00 dan 15:00 gacha ishlamoqda. Shanba va yakshanba kunlari ishlamaydi.
Maqsud Salomov,
Uzbek.Life uchun Ispaniyadan maxsus
Mavzuga oid
13:49 / 31.03.2026
Ispaniya Erondagi urushda ishtirok etayotgan samolyotlar uchun osmonini yopdi
16:05 / 21.03.2026
Ispaniya yonilg‘iga QQSni deyarli ikki barobarga kamaytiradi
21:36 / 19.03.2026
2026 yilda dunyodagi eng go‘zal joylar e’lon qilindi
15:44 / 19.03.2026