O‘zbekiston | 14:40 / 14.07.2020
36347
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qaysi kasb egalari ko‘proq koronavirusga chalingan? Mutaxassis izoh berdi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalingan har bitta shaxs haqida to‘liq ma'lumotlar jamlanmoqda. Biroq ushbu ma'lumotlar, jumladan, qaysi kasb egalari ko‘proq kasallikni yuqtirgani 2020 yil yakunida e'lon qilinadigan statistik hisobotda ko‘rsatiladi.

Foto: KUN.UZ

«Mamlakatimizda koronavirusga chalingan har bitta shaxs haqida to‘liq ma'lumotlar yig‘iladi. Kasallanganlarning yoshi, manzili, kasb-kori, lavozimi kasallik varaqasida yozib borilmoqda.

Lekin hozir biron bir kasb vakili yo‘qki, koronavirus kasalligiga uchramagan bo‘lsa. Shunday ekan, biz agar to‘liq statistik ma'lumotlarni tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, kimki xavfosti guruhiga mansub bo‘lsa, o‘sha aholi qatlami orasida koronavirus kasalligi ko‘plab qayd etilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Qaysi kasb egalari ko‘proq kasallangani yil yakunida e'lon qilinadigan statistik hisobotda ko‘rsatiladi va ehtiyojga qarab ushbu ma'lumotlardan foydalaniladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh davlat sanitar vrachining aytishicha, xorijdan olib kelinayotgan o‘zbekistonliklar karantinni mehmonxonalarda o‘tkazishlari mumkin, faqat ularni qabul qiladigan mehmonxonalar karantin talablariga rioya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

«Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston shahar va tumanlari kesimida charter reyslarida olib kelinadigan fuqarolar karantinni o‘tkazishlari uchun  mehmonxonalar ro‘yxati shakllantirilgan va 10 kun uchun narxlari belgilangan. Bu ma'lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy sayti hamda Telegram’dagi Koronavirus Info kanalidan topish mumkin.

Charter reyslar orqali respublikaga kirib kelayotgan shaxslar uchun bu mehmonxonalar ro‘yxati taqdim etiladi. Xorijdan olib kelingan fuqarolarning xohishlari asosida istovchilar ushbu mehmonxonalarga joylashtiriladi.

Eng asosiysi, ushbu mehmonxonalar karantin talablariga rioya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Demak, u yerda bo‘lib turgan shaxslarni bir-biridan alohidalash, qolaversa, qo‘riqlash, tashqi muhit bilan muloqotlarini cheklash asosiy talablardan bittasi hisoblanadi», deydi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid