Jahon | 21:33 / 31.03.2026
4303
4 daqiqa o‘qiladi

Italiya AQShning Yaqin Sharqqa uchayotgan samolyotlari Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi

Manbalarga ko‘ra, Amerika samolyotlari oldindan xabardor qilmasdan Sigonella aviabazasiga qo‘nmoqchi bo‘lgan.

Foto: REUTERS/Darrin Zammit Lupi Purchase Licensing Righs

Italiya o‘tgan haftada Amerika harbiy samolyotlari Yaqin Sharqqa uchish davomida Sitsiliyadagi Sigonella aviabazasiga qo‘nishiga ruxsat bermadi, deb yozmoqda Corriere della Sera va Reuters o‘z manbalariga tayanib.

Italiya gazetasiga ko‘ra, «Amerikaning ayrim bombardimonchilari» Yaqin Sharqqa yo‘l olishdan oldin Sigonella bazasiga qo‘nishi kerak edi. Ammo hech qanday ruxsat so‘ralmagan, Italiya harbiy rahbariyati esa ularning shunday niyatdaligidan samolyotlar havoga ko‘tarilib bo‘lganidan keyin xabar topgan.

Italiya bosh shtabi boshlig‘i Luchano Portolano hodisadan xabardor qilish uchun mamlakat mudofaa vaziri Gvido Krozettoga qo‘ng‘iroq qilgan. Keyin u vazir topshirig‘i bo‘yicha Amerika qo‘mondonligiga oldindan ruxsat olinmagani va dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazilmagani sababli samolyotlar bazaga qo‘nishiga ruxsat berilmasligini bildirgan.

Reuters manbalaridan biri bu faktni tasdiqlagan, ammo bu qachon ro‘y bergani va qancha samolyotga aloqadorligi bo‘yicha aniqlik kiritmagan. Yana bir manba esa Italiya Amerika samolyotlari qo‘nishiga 27 mart kuni ruxsat bermaganini xabar qilgan.

Italiya mudofaa vaziri X ijtimoiy tarmog‘ida «kimdir buni Italiya AQSh kuchlari bazalardan foydalanishini to‘xtatishga qaror qilgandek ko‘rsatishga harakat qilayotgani» haqida yozdi. «Bu shunchaki noto‘g‘ri, chunki bazalar ishlamoqda, foydalanilmoqda va hech narsa o‘zgarmagan. AQSh bilan hech qanday sovuqlik yoki keskinlik yo‘qligini qayd etishni xohlardim. Chunki ular 1954 yildan buyon Italiyada bo‘lish qoidalarini xuddi biz kabi juda yaxshi bilishadi», – deya qo‘shimcha qiladi Krozetto.

Donald Tramp bu hodisa yuzasidan izoh bermadi, ammo Isroil uchun mo‘ljallangan harbiy yuklarni olib ketayotgan samolyotlarga o‘z hududi orqali uchib o‘tishga yo‘l qo‘ymagani uchun Fransiyani tanqid qildi. «Fransiya muvaffaqiyatli yo‘q qilingan „Eron qassobi“ bo‘yicha juda ishonchsiz hamkor bo‘lib chiqdi! AQSh buni eslab qoladi», – deya yozgan Tramp.

Tramp so‘nggi bir oy davomida Yevropa yetakchilari, shuningdek, Buyuk Britaniya bosh vazirini ham Eronga qarshi urushda yordam ko‘rsatmagani uchun bir necha bor tanqid qildi. Yevropa bunga javoban uning o‘zini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi va energiya narxlari keskin oshishiga sabab bo‘lgan harbiy harakatlar uchun tanqid qilmoqda.

Shu kunlarda El Pais gazetasi Ispaniya Amerika va Isroilning Eronga qarshi urushda ishtirok etayotgan samolyotlar uchun o‘z osmonini yopgani, ularga faqat favqulodda holatlarda qo‘nishga ruxsat berilishi haqida xabar berdi. Mart oyi boshida Ispaniya o‘z bazalarini Eron bo‘ylab zarbalar berishda foydalanish uchun taqdim etishdan bosh tortgandi, bunga javoban Tramp Madrid bilan savdo aloqalarini uzish bilan tahdid qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid