Jamiyat | 11:14 / 26.02.2021
85404
11 daqiqa o‘qiladi

1 martdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq, 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi

«Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan, 2021 yil 1 martdan boshlab ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi.

Bunda:

  • bir ma'muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa ma'muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga yo‘llarda yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan vositalarni o‘rnatish huquqi beriladi

Prezident qaroriga binoan yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida 2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi. 

Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlariga avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar o‘rnatilishini tashkil etish huquqi ham beriladi.

Ikki qavatdan yuqori va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish tartibi o‘zgaradi 

Prezident farmoniga muvofiq ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish obektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda obektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi.

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotadi

2021 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan boshlab «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK tomonidan kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi.

Ichki turizmda xarajatlarning bir qismi qaytariladi

2021 yilgi davlat dasturida 2021 yil 1 martdan 2022 yil 1 iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish doirasida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun quyidagi xarajatlarning bir qismini qaytarish mexanizmi joriy qilish belgilandi:

  • aviatashuvchilarga — ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarda chipta narxining 25 foizi;
  • turoperator va turagentlarga — O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi hamda joylashtirish vositalarining joylashtirish bo‘yicha xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi.

Bunda, ushbu xarajatlarning bir qismini qaytarish sayohat amalga oshirilgan hududlardagi joylashtirish vositalarida kamida bir kecha tunab qolish sharti bilan taqdim etiladi.

O‘zbekiston fuqarolaridan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi

Prezident farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi. Bunda, turistik (mehmonxona) yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bir qator davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilanadi

O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon va Xitoy, shu jumladan, Hongkong va Makao maxsus ma'muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilanadi.

«Jismoniy tarbiya» fani o‘qituvchilarining shaxmat bo‘yicha malakasini oshirish ishlari boshlanadi

Prezident qaroriga muvofiq umumiy o‘rta ta'lim maktabi «Jismoniy tarbiya» fani o‘qituvchilari (o‘qituvchi-trenerlar)ning shaxmat bo‘yicha malakasini oshirish choralari ko‘riladi.

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibida o‘zgarish bo‘ladi

Hukumat qaroriga asosan Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha Ye-polis (elektron turdagi sug‘urta xizmatlari)ni sotish, rasmiylashtirishni amalga oshiradi.

Chiqindilarni saralab yig‘ish tizimini joriy etish boshlanadi

Prezident qaroriga asosan qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi 2021 yil 1 martdan boshlab quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi:

  • 1-bosqichda (2021 yilda) — Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;
  • 2-bosqichda (2022 yilda) — «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan barcha hududlardagi yakka tartibdagi turar joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;
  • 3-bosqichda (2023 yildan boshlab) — barcha tumanlarda chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan», «organik», «xavfli maishiy chiqindilar» va boshqa toifalarga ajratgan holda yig‘ish.

Energiya ishlab chiqaruvchilar yagona ma'lumotlar bazasi orqali identifikatsiya raqamini olishlari lozim bo‘ladi

Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish uchun 2021 yil 1 martdan boshlab energiya ishlab chiqaruvchilar Nizomda belgilangan tartibda yagona ma'lumotlar bazasi orqali identifikatsiya raqamini olishlari lozim bo‘ladi.

OTMlar hamda litsenziyaga ega nodavlat ta'lim tashkilotlariga xalq ta'limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish huquqi beriladi

Prezident farmoniga binoan pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat ta'lim tashkilotlariga xalq ta'limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi beriladi.

Bunda:

  • xalq ta'limi xodimlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarida yoki litsenziyaga ega nodavlat ta'lim tashkilotlarida malakasini oshirishi mumkin bo‘ladi;
  • oliy ta'lim tashkilotlari va nodavlat ta'lim tashkilotlarining pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq ta'limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida qoplanadi.

Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 noyabrdagi 736-sonli qarori bilan tasdiqlangan Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom va boshqa bir qator nizomlar kuchga kiradi.

Ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladigan tartib o‘rnatiladi.

Shuningdek, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i bilan integratsiya qilinadi. Bunda Byuro tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtiriladi hamda aliment pullari, shu jumladan qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i orqali mazkur bank kartasiga o‘tkaziladi.

Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimi joriy etiladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 martdan boshlab:

  • respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini va takomillashtirib borilishini;
  • suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shuningdek, tadqiqotlar uchun zarur bo‘ladigan barcha ma'lumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishi nazoratga olinishini;
  • shartnoma asosida seysmologik kuzatuvlar tashkil etilishi, faoliyat yuritishi va takomillashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilishini amalga oshiradi.

Pestitsidlar va gerbitsidlarni sotish tartibida o‘zgarish bo‘ladi

Pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalarni ishlab chiqaradigan yoki olib kiradigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ushbu moddalarning standart namunalari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida o‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda o‘simliklar o‘sishini boshqaruvchi vositalar ro‘yxatiga kiritilishini va ushbu standart namunalari bilan birga sotilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid