O‘zbekiston | 16:45 / 10.06.2023
22117
3 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov ekologiya vaziri lavozimiga ma’qullandi

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri lavozimiga Aziz Abduhakimov nomzodini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda A.Abduhakimov ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlari bo‘yicha o‘z harakatlar dasturi haqida axborot berdi.

Deputatlar A.Abduhakimov nomzodini O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri lavozimiga ma’qulladi.

Prezidentning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.

Aziz Abduhakimov 1974 yil 17 iyunda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent Davlat iqtisodiyot institutini bitirgan. Ma’lumoti bo‘yicha iqtisodchi. Magistr darajasini Yaponiya universitetida olgan.

U mehnat faoliyatini 1993—1996 yillarda «Ipak yo‘li» bankida turli lavozimlarda boshlagan. 1996—2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki bosh mutaxassisi, «O‘zsanoatqurilishbank» boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

2004—2008 yillarda Vazirlar Mahkamasi moliya, iqtisod, tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti bo‘lim mudiri, 2008—2012 yillarda O‘zbekiston Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi vazifalarida ishlagan. 2012—2014 yillarda Monopoliyaga qarshi kurash davlat qo‘mitasi raisi, 2014—2017 yillarda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, 2017—2018 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Aziz Abduhakimov 2018—2021 yillarda bosh vazir o‘rinbosari — ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari majmuasi rahbari, 2020—2021 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, 2021—2022 yillarda bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri, 2022 yilda  — bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri sifatida faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid