Jahon | 16:27 / 02.02.2026
7153
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda «Oskar»ga nomzod bo‘lgan film ijodkorlaridan biri hibsga olindi

Mehdi Mahmudiyon shu yil ikki yo‘nalishda «Oskar»ga nomzod qilib ko‘rsatilgan «Oddiy tasodif» kartinasi ssenariysi muallifi hisoblanadi. U bir necha kun oldin Ali Xominaiy qoralangan murojaatga imzo chekkandi.

«Oddiy tasodif» filmi ssenariysi mualliflaridan biri Mehdi Mahmudiyon Tehronda hibsga olindi. Bu haqda Associated Press va The New York Times nashrlari qarorgohi AQShda joylashgan Human Righs Activiss News Agency huquq tashkilotiga asoslanib xabar tarqatdi.

Mehdi Mahmudiyon

Film ijodkorlariga ko‘ra, Mahmudiyon 31 yanvar kuni qo‘lga olingan. Unga aynan qanday ayblov e’lon qilingani ma’lum emas. BBC Persian ma’lumotiga ko‘ra, Mahmudiyon hibsga olingani haqida xabar berish uchun advokati bilan gaplashishga va oilasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan, ammo u hozir aynan qayerdaligiga aniqlik kiritilmagan.

28 yanvar kuni Mahmudiyon va yana 16 kishi Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy namoyishlar kuch bilan bostirilgani uchun qoralangan bayonotga imzo chekkandi. AP xabariga ko‘ra, imzo qo‘yganlardan yana ikki nafari hibsga olingan.

«Oddiy tasodif» filmi rejissyori, hozirda xorijga chiqib ketgan Ja’far Panahiy Mahmudiyonni qo‘llab-quvvatlab bayonot bergan. «Mehdi Mahmudiyon – shunchaki inson huquqlari himoyachisi va vijdon mahbusi emas; u guvoh, tinglovchi va nodir axloq namunasi – qamoqxona devorlari ichida ham, tashqarisida ham yo‘qligi darhol seziladigan inson», – deydi u.

Ja’far Panahiy Kann kinofestivalining qizil gilamli yo‘lagida. 2025 yil 20 may
Stephane Mahe / Reuters / Scanpix / LETA

Eronlik rejissyor Ja’far Panahiy «Oddiy tasodif» filmi dunyo prokatiga 2025 yil mayida chiqqandi – bu uning qamoqdan chiqqanidan keyingi ilk kartinasi bo‘lgandi, u  «tizimga qarshi targ‘ibot»da ayblanib qamalgandi. Eronda ushbu film namoyishi taqiqlangan. Film syujyeti eronlik sobiq siyosiy mahbusning kechinmalari haqida hikoya qiladi, u ozodlikka chiqqanidan keyin o‘ziga yomonlik qilganlarni uchratadi va ulardan qasos olishga qaror qiladi.

2025 yilda «Oddiy tasodif» filmi Kann kinofestivalida «Oltin palma yaprog‘i» mukofotini qo‘lga kiritdi. Kartina ikki nominatsiyada — «Eng yaxshi ssenariy» va «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» yo‘nalishlarida «Oskar»ga ham nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid