Rossiya benzin eksportini taqiqladi. O‘zbekiston RFdan neft mahsulotlari importini oshirayotgandi
Rossiya hukumati ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish izohi bilan benzin va dizel eksportini taqiqladi. Ta’minotning cheklanishi Rossiyadan katta miqdorda neft mahsulotlarini import qilayotgan O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
Rossiya hukumati benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan qarorda keltirib o‘tilgan.
Eksport taqiqi “ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish va iste’molchilar uchun narxlarni pasaytirish” bilan izohlangan.
Vaqtinchalik cheklov 21 sentabrdan kuchga kirgan, uning amal qilish muddati qarorda ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, taqiq birja auksionlarida sotib olingan yoqilg‘iga ham tegishli ekani alohida belgilab qo‘yilgan.
Vaqtinchalik taqiq quyidagi hollardagi yetkazib berishga taalluqli emas:
- YeOII mamlakatlariga (Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston);
- Abxaziya va Janubiy Osetiyaga;
- hukumatlararo kelishuvlar doirasida;
- xorijiy davlatlar hududida bo‘lgan Rossiya qo‘shinlari faoliyatini ta’minlash maqsadida.
Ekspertlarning fikricha, cheklov rublning qadrsizlanishi fonida eksportdan tushadigan valuta tushumlarining qisqarishi tarzidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xorijga mahsulot sotish bilan shug‘ullanuvchi neftni qayta ishlash korxonalariga eng ko‘p zarar yetkazadi.
Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda 892,1 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda (768,8 ming tonna) 23,3 foizga ko‘p.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda benzin asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi (shuningdek, Oltiariqda ham NQZ bor).
Rasmiy statistikada ko‘rsatilishicha, 2023 yilning dastlabki 8 oyida respublikaga neft va neft mahsulotlarining importi 48 foizga ko‘payib, 1 mlrd 98 mln dollarni, eksporti esa 86,5 foizga oshib, 175,5 mln dollarni tashkil qilgan.
O‘zbekistonda mahalliy benzin ishlab chiqarish, ayniqsa, AI-80 yonilg‘isiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirmaydi. Buni “O‘zbekneftgaz” ham tasdiqlagan. Tanqislik sovuq kunlarda keskin seziladi, chunki yonilg‘i quyish shoxobchalari ishining cheklanishi tufayli haydovchilar benzin sotib olishga o‘tadi. Xususan, 2022 yil dekabr oyida metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov qo‘yilishi ortidan benzinga talab keskin oshib ketgandi. Shundan so‘ng 2022 yil 10 dekabrdan AI-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanib, birjada narxlar o‘sish darajasi cheklangan edi. Keyinroq, soliq imtiyozlarini qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabrda O‘zbekiston Qozog‘iston bilan 300 ming tonna qozoq neft mahsulotlarini yetkazib berish va Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga 300 ming tonna rus nefti tranziti masalasida kelishib olgandi. Aprel oyiga kelib, O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazpromneft” shirkati o‘rtasida 2023 yil davomida 300 ming tonna neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum qilindi.
Statistika agentligining rasmiy hisobotlarida benzin qaysi davlatdan va qancha miqdorda import qilinishi haqidagi ma’lumotlar taqdim qilinmaydi. Gazeta.uz o‘zida mavjud ma’lumotlarga tayanib, yanvar-aprel oylarida 335,2 mln litr benzin import qilingani, shundan asosiy qismi (97,7 foiz) Rossiyadan sotib olingani haqida yozgan. Shu jihatdan olib qaraganda, Rossiyadagi eksport taqiqi O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
Kun.uz “Rossiyaning benzin va dizel eksportiga taqiq kiritishi O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qiladi?” degan savol bilan “O‘zbekneftgaz” axborot xizmatiga bog‘landi. Savolimizga bir sutkadan ortiqroq vaqtdan buyon javob bo‘lmadi.
Respublikada benzin iste’molchilarga yetib borgunga qadar turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovarlardan biri hisoblanadi. Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun xatarli, chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi hamda tashish xarajatlari oshishi sabab, barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi.
Mavzuga oid
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:35 / 16.12.2024
Birjaga chiqarilayotgan benzin hajmi to‘rt barobar oshirildi
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
09:35 / 10.12.2024