Jahon | 17:31 / 09.03.2026
10556
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livanda 40 yil oldin yo‘qolgan uchuvchisi jasadini qidirib reyd o‘tkazdi. O‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Livandagi «Hizbulloh» guruhi bilan urush fonida Isroil tomonidan keng ko‘lamli havo hujumlari va quruqlik reydi o‘tkazilishi oqibatida yana o‘nlab kishilar halok bo‘ldi. BBC jurnalisti Elis Kaddi hodisa tafsilotlarini bayon qildi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 8 martga o‘tar kechasi mamlakat sharqidagi Bekaa vodiysida isroillik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida kamida 41 kishi halok bo‘lib, yana 40 kishi jarohat olgan.

Qurbonlar orasida Livan armiyasining uch nafar harbiy xizmatchisi ham bor, mahalliy aholi vakillari esa tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar ham o‘ldirilganini aytmoqda.

Nabi-Shit shahridagi amaliyot maqsadi Livanda 40 yil muqaddam bedarak yo‘qolgan isroillik harbiy uchuvchining jasadini qidirish bo‘lgan.

Shanba kuni qishloq qabristoni burchagida chuqur paydo bo‘lgan – u yerdagi qabr ochilgan.

«Ular u o‘sha yerda deb o‘ylashgan, ammo u yerdan hech narsa chiqmagan», – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri bo‘sh qabrni ko‘rsatib.

Shaharning boshqa joyida avtomobil o‘qlar bilan ilma-teshik qilingan, uning o‘rindiqlari qonga belangan holda edi.

Raketa zarbasi atrofdagi binolarni vayrona uyumiga aylantirgan, yerda ulkan chuqur hosil bo‘lib, qo‘shni uylarga zarar yetgan.

Xarobalar orasida kundalik hayotda uchraydigan buyumlar – bolalar bo‘yoqlari, suratlar va oshxona anjomlari yotganini ko‘rish mumkin.

Mazkur hududni nazorat qiluvchi «Hizbulloh» guruhi vayrongarchilik ko‘lamiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishi uchun jurnalistlarga qishloqqa kirishga ruxsat bergan.

Livanlik harbiylar bayonotiga ko‘ra, juma kuni kechqurun Suriya bilan chegaradosh hududga Isroilning to‘rtta uchish apparati kirib kelgan, shundan ikkitasi yerga qo‘ngan va maxsus topshiriqli bo‘linma jangchilarini tushirgan.

Shu bilan bir vaqtda, qishloqqa havodan zarbalar yo‘llangan.

«Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi urushga aralashmaslikka harakat qilayotgan Livan armiyasi o‘z bo‘linmalari qo‘nish joyini aniqlash uchun yoritish raketalarini qo‘llagan holda «tezkor tayyorgarlik va mudofaa choralarini ko‘rgani»ni ma’lum qilgan.

Nabi-Shit ko‘chalarida Isroil kuchlari, «Hizbulloh» jangchilari hamda o‘z uylarini himoya qilayotgan tinch aholi vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

Ko‘chalarda ko‘plab o‘q gilzalari qolgan 

«Yarim tunda biz qishloq chekkasida noodatiy harakatni payqadik. Bu Isroilning qandaydir missiyani bajarish uchun tashlangan kommandos bo‘linmasi bo‘lib chiqdi. Keyin ularni o‘rab olishdi, og‘ir jang boshlandi. Shundan keyin Isroil aviatsiyasi o‘z bo‘linmasini evakuatsiya qilish uchun zarbalarni kuchaytirdi, bu esa ulkan vayrongarchiliklarga olib keldi», – deya intervyu bergan mahalliy rasmiy portlash ro‘y bergan nuqtalardan birida.

«Hizbulloh» vakillari va mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, Isroil o‘z maxsus bo‘linmasi jangchilarini himoyalash va ularga chekinish uchun sharoit yaratish maqsadida bu hududga taxminan 40 bor aviazarba yo‘llagan.

Guvohlar BBC muxbiriga aytib berishicha, isroillik harbiylar Livan armiyasi formasini kiyib olgan va «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan «Islom sog‘liqni saqlash tashkiloti» ramzlari tushirilgan tez yordam mashinalaridan foydalangan.

Keyinroq bu ma’lumotni Livan armiyasi bosh qo‘mondoni ham tasdiqladi, ammo Isroil mudofaa armiyasi bu boradagi so‘rovni javobsiz qoldirgan.

Qishloqqa Isroil hukumatining evakuatsiya to‘g‘risidagi buyruqlari tarqatilmoqda, mahalliy aholi vakillaridan birining aytishicha, amaliyot boshlanishidan oldinroq ham tinch aholiga o‘z uylarini tark etish haqidagi chaqiriqlar yo‘llangan.

Ushbu amaliyot chog‘ida qarindoshlari halok bo‘lgan Muhammad Shukrning aytishicha, u va oila a’zolari o‘zlarini nisbatan xotirjam his qilishgan, chunki uyda «Hizbulloh»ga aloqador hech narsa yo‘qligini bilishardi.

«Mening amakim – iste’fodagi harbiy, uning o‘g‘li ham iste’fodagi harbiy, boshqa o‘g‘li esa maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Biz hech qaysi siyosiy partiyaga aloqador emasmiz. Biz shialarmiz – „Hizbulloh“ bizga yoqadi, ammo biz uning a’zolari emasmiz. Biz barchamiz Livan armiyasida xizmat qilganmiz. Men hozir nimani his qilishim kerak? Bu mening amakim, uning farzandlari va nabiralari», – degan u.

Nabi-Shitdagilar orasida «Hizbulloh» katta obro‘ga ega
Foto: Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chalarda to‘qnashuvlar boshlangach, buldozer minib kelib, oila a’zolarini vayronalar ostidan olib chiqishga uringan yana bir qarindoshi ham zarbaga uchrab halok bo‘lgan.

Harbiy amaliyot chog‘ida qishloqda bo‘lgan va omon qolgan aholi shanba kuni katta o‘ra atrofida to‘planib, vayrongarchilik ko‘lamini baholashadi va nima bo‘lganini tushunishga urinishadi.

«Ular hammayoqni bombalashdi. Bu aqlsizlik», – deydi Ali Shakur.

«Menimcha, ular bu yerda paydo bo‘lgan odamlarni ko‘rib hayron bo‘lishgan, chunki ular zarba berayotganda, hamma allaqachon evakuatsiya qilingan deb o‘ylashgan», – deya davom etadi u.

Qishloqda yashovchilardan yana birining so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik bolalarni olib ketishgan, lekin aholining bir qismi qolgan, ular bu safargi zarbalar ham oldingilari kabi xavfsiz masofada bo‘ladi deb o‘ylashgan.

«Odatda ular ikki-uchta uyga zarba berishardi, lekin bu safar unday bo‘lmadi. To‘xtovsiz zarba berildi. Ko‘ryapsizmi, hammasi vayron bo‘ldi. Ammo bu yerda odamlar qarshilik ko‘rsatmoqda, biz ham qarshilik ko‘rsatdik», – deydi u.

Isroillik harbiylar tungi amaliyot chog‘ida Isroil mudofaa armiyasi harbiy xizmatchilaridan hech kim jabrlanmaganini ma’lum qilgan.

Ular «halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan barcha Isroil o‘g‘lonlarini uylariga qaytarishga bo‘lgan chuqur sodiqlikdan kelib chiqib, kecha-yu kunduz tinimsiz harakat qilishlari»ni qo‘shimcha qilgan.

Biroq, 40 yil oldin bedarak yo‘qolgan uchuvchi Ron Arad Tamining bevasi Isroil rahbariyatini Isroil mudofaa armiyasi askarlarining hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqirdi.

«Qaror qabul qiluvchilar shu paytgacha bizning so‘zlarimizga quloq solmagan, lekin bunga aniqlik kiritish biz uchun muhim: Ronga nima bo‘lganini bilish istagimiz TSAHAL askarlari uchun xavf tug‘ilgan joyda tugaydi. Biz uchun inson hayotining qadr-qimmati jangchining jasadini dafn etish uchun qaytarish majburiyatidan ustun turadi», – deya yozgan u feysbukda.

Isroil mudofaa armiyasi shanba kun yana bir bayonot berib, Livan janubi va sharqdagi Bekaa vodiysiga yo‘llangan tungi zarbalarda «Hizbulloh»ning qurol-yarog‘ omborlari hamda «„Hizbulloh“ga aloqador bo‘lgan boshqa harbiy obektlar» nishonga olingani ma’lum qilingan.

Isroillik harbiylar BBC’ning Nabi-Shit hududiga zarbalaridan maqsad nima ekani haqidagi so‘roviga javob bermagan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftaning dushanba kunidan buyon isroillik harbiylarning zarbalari oqibatida kamida 294 kishi halok bo‘lgan.

Qishloqdagilarning bir qismi aza tutmoqda, boshqalari esa Isroil harbiylari aholining qarshiligiga uchrab, uchuvchining jasad qoldiqlarini topa olmaganiga tufayli o‘zlarini g‘olib his qilishlarini aytishdi.

«Ular oyoqda kelishgandi, biz esa ularni emaklab ketishga majbur qildik», – dedi ulardan biri.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid