O‘zbekiston | 13:18 / 30.05.2023
8685
2 daqiqa o‘qiladi

Hududga yangi hokim tayinlansa, o‘sha yerda ekologik audit o‘tkaziladi - Prezident

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish zarur. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, buning uchun dalalarga suv yetkazadigan obektlar fermer va klasterlar boshqaruviga beriladi. Suv yetkazish tizimiga Turkiya, Ispaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi keng joriy qilinadi.

Suv tejaydigan texnologiyani joriy qilgan fermer va dehqonlar yanada rag‘batlantiriladi. Bunga kelgusi yildan 10 foizli kredit ajratiladi, o‘z hisobidan joriy qilganlarga esa, xarajatning 50 foizi qoplab beriladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytiramiz. Barcha aholi maskanlari, mahallalarda  “yashil maydonlar”ni ko‘paytirish uchun, yiliga 400 milliard so‘m ajratib boriladi.

Shuningdek, barcha davlat idoralari, korxonalar, oliygohlar o‘zlarining “yashil bog‘lari”ni tashkil qiladi. Endi, yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy talab qilib qo‘yiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bildirilishicha, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar kelgusi yetti yilda 2,3 million gektarga yetkaziladi (hozirda 1,6 million gektar). 2030 yilgacha respublikada ko‘kalamzorlik darajasi 30 foizga yetkaziladi.

Toshkent shahrida amal qilayotgan boshqaruv kompaniyalari faoliyati joylarda ham joriy etiladi. Barcha qishloq va shaharlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olinadi, ularni qayta ishlash esa, kamida  65 foizga yetkaziladi.

“Bundan buyon, hududga yangi hokim tayinlansa, o‘sha yerda ekologik audit o‘tkaziladi, natijalari jamoatchilikka e’lon qilinadi. Shunda, hudud aholisi hokim oldiga suv va havo tozaligi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha aniq masala qo‘ya oladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid