O‘zbekiston | 10:50 / 04.07.2019
25116
6 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik komissiyasi Farg‘onadagi sayyor qabul bo‘yicha tekshiruvni yakunladi, bir necha mutasaddiga chora ko‘rilishi belgilandi

Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning Farg‘onadagi sayyor qabuli masalasi internetda shov-shuv bo‘lib ketdi.

2 iyul kuni vazirlik matbuot xizmati bu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53ta murojaatning har biri yuzasidan vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazdi.

Vazirlik mutasaddilari aniqlangan holatlar haqida Farg‘ona viloyatidagi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan majlisda holatlar aytildi va aybdorlar jazolandi.

«O‘tkazilgan sayyor qabulda 53 nafar fuqaro murojaatlari qabul qilingan bo‘lsa, o‘rganishlarimiz natijasida ularning 35 nafari ish bilan ta'minlandi. 22 nafari doimiy ishga, 8 nafari jamoat ishiga joylashtirildi. 1 nafari ish joyi bilan ta'minlash sharti bilan kasb-hunar bo‘yicha hamshiralik o‘qishiga jo‘natildi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda sust faoliyati va ijro intizomiga rioya etmagani sababli bir necha mutasaddiga choralar ko‘rilishi belgilandi.

Vazir sayyor qabulida vazir tomonidan berilgan topshiriqlarni yetarli darajada bajarmagani tufayli O‘zbekiston tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Sh.Mirzaakbarov, Toshloq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori S.Boqilxonov, Oltiariq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Q.Qobilov, Farg‘ona shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori F.Sharobiddinov hamda Farg‘ona tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori T. Sattorovga nisbatan hayfsan qo‘llandi.

Beshariq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Sh.Azizovaga nisbatan esa ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Yig‘ilishda Beshariq tumanidagi ishsizlik darajasi juda yuqoriligi alohida ta'kidlanib, shunday holat bo‘lgani holda vazir sayyor qabuliga hech kim olib borilmagani tanqid ostiga olindi.

Dang‘ara tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori N.Yo‘ldoshev ham vazir sayyor qabuliga hech kimni olib kelmagani uchun tanqidga uchragan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Yozyovon tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Farg‘ona viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi kadrlar bo‘limi rahbari N.Ibragimov lavozimidan ozod etilgan. Viloyat boshqarmasi rahbarining birinchi muovini Shuhrat Mahmudov, ishga joylashtirish bo‘limi rahbari A.Saidov, o‘qishga yuborish sho‘'basi mudiri M.Rasulovga nisbatan ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Kun.uz muxbiri yig‘ilish davomida vazir sayyor qabuli bo‘yicha O‘zA saytida yoritilgan masala haqida qiziqdi. Vazirlik mutasaddilari tekshiruv natijalarini ma'lum qilishdi.

«Zarifa Xolmuhammedova va Ziyoda Shamsiddinova masalasi ham ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgani tufayli Marg‘ilon tumani vakili Tolib Asomiddinov ishdan olingan. Bu qizlar 25-sonli buyruq bilan 6-maktabgacha ta'lim muassasasiga ishga olingani holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgani aytildi. Tekshiruvga ko‘ra, mudira ayol buyruq chiqarilgani, ikki oydan beri bo‘sh ish o‘rni yo‘qligini aytib o‘tgan.

Yana bir ayol Ziroatxon Mo‘minova 28 iyun kuni vazir tomonidan qabul qilingan. Murojaatiga ko‘ra uning turmush o‘rtog‘ini tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga jamoat ishiga joylashtirish so‘ralgan. Murojaatchining turmush o‘rtog‘i Olimjon Mo‘minov ABKM tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Obodonlashtirish boshqarmasiga «ishchi» sifatida №65/1 sonli buyruq asosida ishga joylashtirilgan. Shuningdek, ushbu ayol vazirlikning ishga qabul qilish komissiyasidan Obidov familiyali shaxs telefon qilgani, murojaati natijasini so‘raganini (u bu raqamni telefoniga vazirlik deb saqlab qo‘ygan ekan) aytib berdi. Ziroatxon Obidovga o‘zi uchun emas, turmush o‘rtog‘i uchun ish so‘rab borganini, bandlik boshqarmasiga tashakkurnoma bildirmoqchi ekanligini aytadi. 2 iyul kuni yana Obidov aynan o‘sha raqamdan chiqib, bu safar televideniye muxbiri ekanligini aytgan. Ayolning oldiga intervyu olishga bormoqchiligini bildirgan. Mo‘minova o‘z tushuntirish xatida ijtimoiy tarmoqlarda uning nomidan ketgan gaplar asossiz va yolg‘on ekanligini aytadi.

Gulbahor Mirzamatova ABKM tomonidan berilgan yo‘llanma asosida №135 sonli buyruq bilan Oltiariq tuman TTBga «sanitarka» sifatida ishga joylashganini e'tirof etgan. O‘zA muxbiridan hech kim telefon qilmagani, bu saytda chiqqan maqolada uning nomidan aytilgan so‘zlarni gapirmaganini aytdi», deyiladi komissiya xulosasida.

Ushbu qo‘llanilishi aytilayotgan jazo choralari komissiya tavsiyasi bo‘lib, so‘nggi xulosa vazirlik tomonidan yaqin kunlarda e'lon qilinishi kutilmoqda.

Choralar ko‘rildi. Vazirlik mutasaddilari xatoga yo‘l qo‘ygan mas'ullarga intizomiy choralar ko‘rdi. Murojaatchilar masalalari qaytadan ko‘rib chiqildi va ba'zilari hal etildi. Shu bilan birgalikda, qabulda «ko‘zbo‘yamachilik»lar bo‘lgani ham inkor etilmadi. Tanqidiy maqola sabab bu ayon bo‘ldi.

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid