Ayollar dunyosi | 09:12 / 10.01.2026
12438
3 daqiqa o‘qiladi

Homiladorlik nafaqasi bo‘yicha yangi tartib: rasmiy munosabat e’lon qilindi

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi yuzasidan tarqalayotgan savollarga rasmiy munosabat bildirildi. Unda yangi tartib Mehnat kodeksiga zid emasligi, nafaqa miqdori sug‘urta stajiga mutanosib hisoblanishi qayd etildi.

Foto: Fotolia

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibiga doir ayrim savollar bo‘yicha rasmiy munosabat e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Mehnat kodeksining 404-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Shuningdek, 2025 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ham davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi, eng kam sug‘urta staji hamda to‘lov muddatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 dekabrdagi 796-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorini hisoblashda sug‘urta stajiga mutanosib staj koeffitsiyentlari qo‘llaniladi. Jumladan:

  • 10 oydan 24 oygacha sug‘urta staji bo‘lsa — 75 foiz;
  • 25 oydan 60 oygacha bo‘lsa — 85 foiz;
  • 61 oy va undan ortiq bo‘lsa — 100 foiz.

Shu asosda, yangi tartib Mehnat kodeksiga zid emasligi bildirildi. Chunki kodeksda homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun o‘rtacha oylik ish haqining kamida 75 foiz miqdorida nafaqa to‘lanishi saqlanib qolgan, tartib-taomillarni belgilash esa Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kirishi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali tayinlanadigan nafaqalar ijtimoiy yordam emas, balki sug‘urta mexanizmiga asoslangani, nafaqa olish huquqi mehnat munosabatlarida ishtirok etish va sug‘urta badallarini to‘lash bilan bog‘liq ekani qayd etildi.

Rasmiy munosabatda 2026 yil 1 yanvarga qadar amalda bo‘lgan tartibda nafaqalar ayrim toifalarda ish beruvchining to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati sifatida to‘langani, bu esa badallar va nafaqa huquqi o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlamagani aytildi. Shu sabab ba’zi holatlarda nafaqa olish maqsadida mehnat munosabatlarini qisqa muddatga sun’iy rasmiylashtirish holatlari kuzatilgani, yangi tizimda bunday suiiste’mollarning oldini olish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun minimal sug‘urta staji talabi joriy etilgani bildirildi.

Ma’lumot uchun, avvalgi tartibga ko‘ra xususiy sektorda ishlovchi ayollar nafaqa olishi uchun kamida oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish staji talab etilgani ham eslatib o‘tildi. Shuningdek, qator davlatlarda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun 10–12 oylik minimal ish/sug‘urta staji amaliyoti borligi keltirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid