Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azodan qaytarilgan oxirgi jasad, Hindiston–Yevropa savdo kelishuvi va Yaqin Sharqqa kelgan «Abraham Lincoln» aviatashuvchisi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh aviatashuvchisi Yaqin Sharq mintaqasiga kirdi
AQSh rasmiylarining Reutersʼga aytishicha, «Abraham Lincoln» aviatashuvchi kemasi va bir nechta esminetslar Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) javobgarligi hududiga kiruvchi Yaqin Sharq mintaqasiga kelgan.
Donald Tramp payshanba kuni AQShning Eron tomonga yo‘l olayotgan «armada»si borligini aytgan, biroq undan foydalanishga to‘g‘ri kelmasligiga umid bildirgandi.
Harbiy kemalar oy boshida Osiyo–Tinch okeani mintaqasidan yo‘lga chiqqan. Bu Eron bo‘ylab norozilik namoyishlaridan keyin Tehron va Vashington o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi.
AQSh harbiylari ilgari ham keskinlik kuchaygan paytlarda Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yuborgan, bunday qadamlar ko‘pincha mudofaa xarakterida bo‘lgan. Shu bilan birga AQSh harbiylari o‘tgan yili Eron yadroviy dasturiga qarshi zarbalar oldidan ham mintaqada keng ko‘lamli kuch jamlagandi.
Aviatashuvchi kema va harbiy kemalardan tashqari, Pentagon Yaqin Sharqqa qiruvchi samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini ham joylashtirmoqda. Dam olish kunlari AQSh harbiylari mintaqada mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi.
Eronning yuqori martabali rasmiysi o‘tgan hafta Tehron har qanday hujumni «keng ko‘lamli urush» sifatida baholashini aytdi. Birlashgan Arab Amirliklari dushanba kuni o‘z havo hududi, hududi yoki hududiy suvlari Eronga qarshi har qanday harbiy harakatlar uchun ishlatilmasligini ma’lum qildi.
G‘azodagi oxirgi jasad qaytarildi
26 yanvar kuni Isroil G‘azoda ushlab turilgan so‘nggi garovga olingan shaxsning jasadini qaytarib oldi. Harbiylar bayonotiga ko‘ra, G‘azoda 840 kundan ortiq ushlab turilgan politsiya xodimi Ran Gvilining qoldiqlari aniqlangan va dafn etish uchun Isroilga qaytarilmoqda.
Gvilining jasadi 2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas janubiy Isroilga hujum qilgan paytda o‘ldirilganidan beri G‘azoda saqlanib kelgan. O‘sha hujumdan keyin Isroil G‘azoda ikki yil davomida genotsid ko‘rinishida urush olib borib, 70 mingdan ortiq odamni o‘ldirdi.
Hamas vakili Hazim Qosim bayonotida Gvilining qoldiqlari topilgani Hamasning rejaga sodiqligini tasdiqlashini aytdi. Shuningdek, u Gvilining jasadini topishda guruh bergan ma’lumotlar muhim rol o‘ynaganini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Axios nashriga aytishicha, jasadni qidirish va shaxsini aniqlash jarayoni «juda og‘ir» bo‘lgan, chunki qidiruv guruhlari hududda «yuzlab jasadni ko‘zdan kechirishga majbur bo‘lgan».
Shuningdek, Tramp jasadni topish jarayonida Hamasni ham e’tirof etib, ular o‘z zimmasiga olgan majburiyatni to‘liq bajarganini aytdi. «Endi biz Hamasni ular va’da qilganidek qurolsizlantirishimiz kerak», - deya ta’kidlagan Tramp.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo bo‘yicha navbatdagi qadam Kushner va’da qilgan qayta qurish emas, balki «Hamasni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish» bo‘lishini aytgan.
Bundan tashqari, Isroil OAVlari Rafah o‘tish punkti faqat piyodalar uchun ochilishini, Isroil hududga kirib chiqayotganlarning barchasi ustidan to‘liq nazoratni saqlab qolishini aytgan. Bu esa G‘azoga katta yordam yuklari kirolmasligini anglatadi.
Hindiston va Yevropa ulkan savdo kelishuviga erishdi
Hindiston va Yevropa Ittifoqi yetakchilari qariyb yigirma yil davom etgan muzokaralardan so‘ng erishilgan ulkan savdo kelishuvini seshanba kuni rasman e’lon qiladi.
Dushanba kuni Hindistonning bayramona paradida Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta faxriy mehmon sifatida kutib olingan.
Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat — Hindistonni kelajak uchun muhim bozor sifatida ko‘rmoqda. Nyu Dehli esa YeIni infratuzilmani tez kengaytirish va millionlab yangi ish o‘rinlari yaratish uchun zarur bo‘lgan texnologiya va investitsiyalar manbai deb biladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda ikki tomonlama tovar savdosi 139 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu so‘nggi o‘n yil ichida qariyb 90 foizlik o‘sishni anglatadi. Hindiston savdo vaziri taklif etilayotgan bitimni «barcha kelishuvlarning onasi» deb atagan.
Kelishuv doirasida Hindiston Yevropa mahsulotlari, jumladan, avtomobillar va vino uchun bozorga kirishni yengillashtirishi, evaziga esa to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa mahsulotlar eksportini osonlashtirishi kutilmoqda.
Tramp Janubiy Koreyaga bojlarni oshirdi
26 yanvar kuni Donald Tramp AQShga Janubiy Koreyadan import qilinadigan avtomobillar va boshqa tovarlarga bojlarni oshirayotganini aytdi. U o‘tgan yili kelishib olingan bitimni qabul qilishni cho‘zib kelayotgani uchun yirik savdo hamkori bo‘lgan davlat parlamentini aybladi.
Seul rasmiylari aytishicha, kutilmaganda qabul qilingan ushbu qaror Janubiy Koreya uchun navbatdagi zarba bo‘ldi.
Tramp va Janubiy Koreya prezidenti Li Chjye Myon o‘tgan yil iyul oyida prinsipial kelishuvga erishgan edi. Unga ko‘ra, Seul AQShda 350 milliard dollarlik investitsiyalarni boshlashi, evaziga esa AQSh Janubiy Koreya eksportiga qo‘yilgan bojlarni kamaytirishi kerak edi.
Trampning aytishicha, Janubiy Koreya parlamenti bitimni qabul qilmagan. «Men shu bilan Janubiy Koreya mahsulotlariga — avtomobillar, yog‘och mahsulotlari, farmatsevtika va barcha boshqa o‘zaro bojlar bo‘yicha tariflarni 15 foizdan 25 foizga oshiryapman», deb yozdi Tramp.
Ushbu oshirish qachon kuchga kirishi hozircha aniq emas. Janubiy Koreya prezidenti idorasining ma’lum qilishicha, hozir Kanadada bo‘lib turgan sanoat vaziri tez orada AQShga borib, savdo vaziri Xovard Lutnik bilan uchrashadi.
Tramp 2025 yilda ikkinchi muddatini boshlaganidan beri deyarli barcha mamlakatlarga bojlar joriy etib, global savdoni izdan chiqardi. Ayrim hollarda u bojlarni oshirish bilan tahdid qilgan, ammo keyin ularni kechiktirgan yoki amalga oshirmagan.
Saudiya BAA bilan aloqalar muhimligini ta’kidladi
Saudiya Arabistoni dushanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan munosabatlar mintaqaviy barqarorlik uchun «hayotiy ahamiyatga ega» ekanini bildirdi. Bu bayonot ikki davlat o‘rtasida Yaman masalasi yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchilikdan so‘ng yangradi.
«BAA Yamandan to‘liq chiqib ketishga qaror qildi. Menimcha, bu BAA bilan mustahkam munosabatlarni saqlab qolish uchun zarur», dedi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon.
BAA Saudiya vazirining bayonotlariga hozircha izoh bermadi.
O‘tgan oy Yamandagi asosiy separatistik guruh — Janubiy O‘tish Kengashi (STC) Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh viloyatlarini egallab olgan edi.
Ar-Riyod Abu-Dabini separatistlarni Saudiya janubiy chegaralari bo‘ylab harbiy amaliyotlar o‘tkazishga undaganlikda aybladi. BAA esa bu ayblovni rad etdi.
Saudiya boshchiligidagi koalitsiya qo‘llaydigan Yaman hukumati kuchlari joriy oy boshida ushbu ikki viloyatni qayta nazoratiga oldi. Kelishmovchilik ortidan BAA Yamandan barcha kuchlarini olib chiqib, mamlakatdagi missiyasiga yakun yasadi.
Mavzuga oid
14:34
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026