Jahon | 20:22 / 28.07.2025
5030
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo blokadasini buzish uchun kelgan kemani qo‘lga oldi

Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi qamalni yorib o‘tishga uringan «Handala» yordam kemasini qo‘lga olib, Ashdod portiga olib ketdi. Kemada shifokorlar va huquq faollari falastinlik chaqaloqlar uchun oziq-ovqat, umumiy yegulik va dorilarni olib kelayotgan edi.

«Handala» kemasi. Foto: Al-Jazeera

27 iyul kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoriga qamalni yorib o‘tishga urinayotgan «Handala» yordam kemasini tortib, janubiy Isroildagi Ashdod portiga olib bordi. Bu haqda Isroil mahalliy OAVga tayanib Anadolu nashri xabar bermoqda.

«Handala» kemasi chaqaloqlar uchun oziq-ovqat, umumiy yegulik va dorilarni olib ketayotgan edi. U shanba kechasi G‘azo sohillari yaqinida Isroil kuchlari tomonidan qo‘lga olingan.

Isroilning davlat teleradiokompaniyasi Kanʼning xabar berishicha, kemadagi faollar Ashdod portida so‘roq qilindi va keyinchalik Isroil politsiyasiga topshiriladi.

Bu kema «Ozodlik Flotiliyasi Koalitsiyasi» (Freedom Flotilla Coalition — FFC) tomonidan yo‘lga chiqarilgan bo‘lib, uzoq davom etayotgan Isroil qamalini yorib o‘tish maqsadida Italiyadan yo‘lga chiqqandi. G‘azodagi 2 milliondan ko‘proq aholining ocharchilik yoqasida ekanini inobatga olib, bu flotiliya ramziy bo‘lsa-da yordam yetkazishni rejalashtirgan.

«Handala» kemasining qo‘lga olinishi. Foto: FFC

«G‘azo qamalini buzish bo‘yicha xalqaro qo‘mita»ning tasdiqlashicha, Handala ekipaji xalqaro suvlarda Isroil kuchlari tomonidan «noqonuniy tarzda qo‘lga olinib», Ashdod portiga olib ketilgan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, hozirda Isroil hukumati tomonidan ruxsat kutayotgan Isroildagi "Adalah" huquqiy markazi qo‘lga olingan ekipaj bilan uchrashishga tayyor turibdi.

«Handala» kemasi 13 iyul kuni Italiyaning Sirakuza portidan yo‘lga chiqqan, biroq 15-20 iyul kunlari texnik muammolarni bartaraf etish va tayyorgarlikni yakunlash uchun Gallipoli portida bo‘lgan.

Foto: CNN

20 iyul kuni kema G‘azo tomonga yo‘l olgan. U yerda Isroil blokadasi tufayli ochlikdan o‘lim holatlari qayd etilayotgani bildirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bortda 10 mamlakatdan 21 nafar faol bo‘lgan.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, xalqaro suv hududida to‘xtatilgan kema faollar bilan birga Isroil sohillariga tomon tortib borilmoqda.

«Erkinlik flotiliyasi» koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda «Handala» bortida bo‘lgan faollar tomonidan avvaldan yozib olingan murojaat videolarini e’lon qildi. Do‘stlari, oilalari va xalqaro jamoatchilikka murojaat qilgan faollar o‘z hukumatlariga bosim o‘tkazishni, ularning zudlik bilan ozod etilishini talab qilishni so‘radi.

So‘nggi oylarda Isroil xalqaro suvda G‘azoga yo‘l olgan bir nechta yordam kemalarini to‘xtatdi.

Jumladan, iyun oyida «Madleen» kemasi ham qo‘lga olingandi. O‘shanda undagi 12 nafar xalqaro faol, jumladan, shved faoli Greta Tunberg va Yevropa parlamenti a’zosi, fransuz siyosatchisi Rima Hassan hibsga olingan va keyinchalik deport qilingan. Undan avval, may oyida «MV Conssience» kemasi esa Malta yaqinida dronlar orqali hujumga uchragan.

Isroil G‘azoga 18 yildan beri blokada o‘rnatgan. 2024 yil 2 martdan esa barcha chegara punktlarini butunlay yopib, insonparvarlik yordamini kiritishga to‘sqinlik qilib kelmoqda — xalqaro chaqiriqlarga qaramasdan bu pozitsiyasidan chekinmagan.

Foto: AFP

Joriy seshanba kuni BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirish berib, Isroilning blokadasi sabab G‘azo aholisining uchdan bir qismi ketma-ket bir necha kun davomida ovqatsiz qolayotganini bildirgan edi.

Isroil xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlarini rad etib, 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoga qarshi shafqatsiz harbiy yurishni davom ettirmoqda. Bu yurish natijasida 59 700 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Uzoq davom etayotgan bombardimonlar natijasida hudud vayronaga aylangan, aholining oziq-ovqat ta’minoti izdan chiqqan. 

Mavzuga oid