Jahon | 17:41 / 04.07.2025
13281
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ozarboyjonlik kriminal avtoritet Vagif Bakinskiy ushlandi

«Qonunga bepisand o‘g‘ri» Vagif Sulaymonov (Bakinskiy) Rossiyaning immigratsiya qonunchiligini buzganlikda gumon qilinmoqda. Unda O‘zbekiston pasporti ham borligi aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ozarboyjonlik kriminal avtoritet Vagif Sulaymonov (Bakinskiy) Moskvada qo‘lga olindi. U Rossiyaning immigratsiya qonunchiligini buzganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda «Kommersant»ga tayanib «Gazeta.ru» xabar berdi. Ta’kidlanishicha, Sulaymonovda O‘zbekistonning pasporti ham bor.

Xabarga ko‘ra, endi u xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida 3 oyni o‘tkazadi, shundan so‘ng Ozarboyjonga deportatsiya qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «qonunga bepisand o‘g‘ri»ning qo‘lga olingani aks etgan video tarqaldi. Kadrlarda oq ko‘ylak va ko‘k shim kiygan erkak asfaltda yuzi pastga qaratilgan holda yotibdi. Huquq-tartibot organi xodimi uning ustiga o‘tirib, qo‘llarini ushlab turibdi. Yana bir xodim undan kriminal avtoritet ekani haqida so‘raydi. Sulaymonov bunday savollarga javob bermasligini aytadi.

«Gazeta.ru» Vagif Sulaymonovning tarjimai holidan ma’lumotlar keltirdi. U 1965 yilda Tbilisida tug‘ilgan, lekin bolaligi va yoshligi Bokuda o‘tgan. 1990-yillarda Rossiyaga ko‘chgan va biznes boshlagan. Uning faoliyati Moskvadagi «Fud-Siti» va «Sadovod» bozorlari bilan bog‘liq ekani taxmin qilinmoqda. Shuningdek, unda O‘zbekiston pasporti ham borligi aytilgan.

Sulaymonov jinoyat olamida «Tbilisskiy», «Bakinskiy», «Lyankoranskiy» va «Vagif Diplomat» laqablari bilan tanilgan. U 1990-yillarda yana bir kriminal avtoritet Mirseymur (Seymur Nardaranskiy) tavsiyasi bilan «qonunga bepisand o‘g‘ri» darajasiga ko‘tarilgan. Avvaliga Sulaymonovga kriminal boss «Ded Hasan», keyin esa «Shakro Molodoy» homiylik qilgan. Ta’kidlanishicha, Sulaymonov Rossiyadagi ozarbayjon jinoiy klanlaridan biriga asos solgan.

U bir necha bor sudlangan. 2006 yilda Moskvada 33 gramm giyohvandlik moddasi bilan ushlangan. 2013 yilda 18 million rublni tovlamachilik bilan olganlikda ayblangan.

Vagif Sulaymonovning qo‘lga olinishi Moskva va Boku o‘rtasidagi mojaro avj olgan paytda yuz berdi. Iyun oyi oxirida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bir necha ozarbayjonlik qo‘lga olindi, ular qotillikda ayblanmoqda. Operatsiya shafqatsiz o‘tdi, qo‘lga olish paytida aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarovlar halok bo‘ldi. Ozarboyjon hukumati voqeani qoralab, Rossiyadan aybdorlarning javobgarlikka tortilishini talab qildi.

Bir necha kundan so‘ng, Bokudagi «Sputnik Azerbaydjan» axborot agentligi tahririyatida tintuv o‘tkazilib, agentlik rahbari Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov qo‘lga olindi. Ular giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va kiberjinoyatchilikda gumon qilinmoqda.

Mavzuga oid