Jahon | 08:01 / 04.10.2018
24278
2 daqiqa o‘qiladi

Putin pensiya yoshi oshirilishi haqidagi qonunni imzoladi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Nikolskiy

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “RFning pensiyani tayinlash va to‘lash masalalari bo‘yicha ba'zi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunini imzoladi.  

Pensiya islohotlari haqidagi qonunda Rossiyada erkaklar uchun pensiyaga chiqish yoshining bosqichma-bosqich 5 yilga, ya'ni erkaklar uchun 65 yoshgacha, ayollar uchun 60 yoshgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Pensiya yoshi oshirilishi (har yili bir yilga) 2019 yildan boshlab 2023 yilgacha amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra, erkaklar uchun pensiyaga muddatidan oldin chiqish huquqini beruvchi staj 42 yilni, ayollar uchun 37 yilni tashkil qiladi. Jamg‘arib boriluvchi pensiya hozirdagidek ayollar uchun 55 yoshdan, erkaklar uchun 60 yoshdan to‘lanadi.

Putin, shuningdek,  Rossiya Jinoyat kodeksiga pensiya yoshiga yetib qolganlarga ishga olishni rad etganlik uchun 200 ming rubl jarimani ko‘zda tutuvchi o‘zgarishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi.  

Rossiyada fuqarolarning pensiyaga chiqishi yoshi o‘zgargani va pensiya yoshiga yetib qolganlarga ishga qabul qilishni asossiz rad etish va ularni asossiz ishdan bo‘shatish holatlarini istisno qilish maqsadida bunday harakatlar uchun jinoiy javobgarlik kiritiladi.

Pensiya yoshiga yetib qolganlarga ishga olishni rad etganlik yoki bo‘shatganlik 200 ming rublgacha yoki sudlanuvchining 18 oygacha bo‘lgan oylik maoshi yoki boshqa daromadi miqdorida, yoki 360 soatgacha majburiy ishlar bilan jazolanadi.

Rossiyada pensiyaoldi yoshi pensiya belgilanishigacha 5 yil qolgan vaqtdan keyingi davr hisoblanadi. 

Rossiya rahbari, shuningdek, 2019 yildan korrupsiyachilardan musodara qilingan mablag‘larni Rossiya pensiya jamg‘armasiga yo‘naltirishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.   

Mavzuga oid