O‘zbekiston | 22:54 / 08.08.2025
5010
5 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlarga «super» imkoniyat, majburiy ro‘yxatga olinadigan hayvonlar va soxta tabiblardan ogohlik – mahalliy dayjest

Endi «beshtalik»dagi oliygohga kirolmagan abituriyentga oltinchi imkoniyat beriladi, akkreditatsiyadan o‘tmagan oliygoh talabalarining o‘qishi boshqasiga ko‘chiriladi, Sog‘liqni saqlash vazirligi soxta tabiblardan ogohlantirdi, Marg‘ilonda yosh bolani bosib, hodisa joyidan ketib qolgan haydovchiga hukm o‘qildi – 8 avgustning shu va boshqa muhim xabarlari bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident ishga joylashishni hisoblashdagi kamchiliklarni tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Davlat rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming nafar bitiruvchidan 125 ming nafari ish topgani haqida hisobot berilgan, ammo aslida 42 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan.

Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflamoqda. Lekin to‘rt yil o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.

Prezident «tarmoq-korxona-oliygoh» zanjirini yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish zarurligini aytdi.

Endi «beshtalik»dagi oliygohga kirolmagan abituriyentga oltinchi imkoniyat beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev abituriyentlarni o‘qishga qabul qilishga oid yana bir tashabbusni ilgari surdi.

«Biz abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash imkonini berdik. Bu – oliy ta’limda katta sakrash desak adolatdan bo‘ladi. Buni yanada kengaytiramiz», dedi davlat rahbari.

Endi abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Akkreditatsiyadan o‘tmagan OTM talabalarining o‘qishi ko‘chiriladi

Hukumat qarori bilan akkreditatsiyadan o‘tmagan va belgilangan muddatlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini tugatish (litsenziyasini bekor qilish) yuzasidan tartiblar belgilandi.

Jumladan, faoliyatini tugatish, litsenziyasini bekor qilish va ta’lim dasturini yopi‍sh bo‘yicha qaror qabul qilingan ta’lim tashkilotlari talaba va o‘quvchilarining o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari, kasb va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko‘chirish choralari ko‘riladi.

Hayvonlarni majburiy ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun 1 yildan keyin kuchga kiradi

«Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z qaramog‘idagi barcha hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklandi. Ushbu qonun bir yildan so‘ng, 2026 yil 7 avgust kuni kuchga kiradi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Identifikatsiya markazi shug‘ullanadi, u ro‘yxatga olingan hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va real vaqt rejimida axborot almashinuvini ta’minlash bo‘yicha elektron tizimning ishlashi uchun ham javobgardir. Hayvonlarni identifikatsiya qilish uchun yorliqlar yoki chiplardan foydalaniladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) soxta tabiblardan ogohlantirdi

SSV asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolar «g‘ayritabiiy qobiliyatlarga egaligi»ni iddao qilayotgan shaxslarga aldanib qolayotganini qayd etgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar soni ko‘payib boryapti.

SSV soxta tabiblar qo‘llayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyotning davolash uslublariga kirmasligini bildirdi.

Marg‘ilonda yosh bolani bosib, hodisa joyidan ketib qolgan haydovchiga hukm o‘qildi

Marg‘ilon shahrida ko‘p qavatli uy oldida o‘ynab o‘tirgan 2,5 yashar bolani mashinasida bosib, hodisa joyidan ketib qolgan 55 yoshli ayol jinoiy jazoga tortildi.

Ayol sudda bolani ko‘rmay qolganini, hatto bosib o‘tganda yig‘lagan ovozini eshitmaganini aytgan. Bolaning otasi esa farzandi oyoqqa turgan bo‘lsa-da, ahvoli to‘la-to‘kis yaxshi emasligini bildirgan.

Sud ayolga 2 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Shuningdek, bolaning otasiga 2 mln 350 ming so‘m moddiy va 25 mln so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirishni belgilagan.

Mavzuga oid