Jamiyat | 08:55 / 09.02.2018
31735
13 daqiqa o‘qiladi

Alisher Navoiy g‘azaliyoti Amerikada

Amerikalik adabiyotshunos olim, shoir va yozuvchi Denis Deli Alisher Navoiyning 21 g‘azalini ingliz tiliga tarjima qilib, kitob holida nashr ettirdi. Navoiy tavalludining 577 yilligi arafasida tarjimon bilan suhbat qurildi.

Foto: Small Press Distribution

Alisher Navoiy ijodiga G‘arb dunyosining qiziqishi hamon davom etib kelmoqda. Navoiy ijodining bir qatrasini kashf etgan xorijlik borki, o‘z hayratlarini yashira olmaydi. Tezroq Navoiy haqida zamondoshlariga xabar bergisi, uni o‘z ona tiliga o‘girgisi kelaveradi. Navoiy g‘azaliyoti bilan yuzlashgan G‘arb madaniyati vakillari borki, uni - ijodi yuksak, takrorlanmas shoir ekanini e'tirof etadi. Amerikalik islomshunos olim Barri Xoberman  “Saudi Aramco World” jurnalida chop etilgan  “Chaucer of Turks” nomli maqolasida Navoiyni Sharq uyg‘onish davri asoschilaridan biri sifatida e'tirof etadi. Germaniyaning Frayye universiteti simpoziumida o‘qilgan ma'ruzalar asosida tashkil etilgan “Mir Alisir Nawai” nomli to‘plamga kiritilgan Z.Klaynmihelning “Navoiy-benavo” nomli 300 sahifali maqolasida Navoiy ijodidan olgan hayratlarini bir maqola ichiga joylash ilojsiz ish. Navoiyning Sabba'i-Sayyor asari asosida italiyalik Maykl Tramezzino tomonidan 1557 yilda yaratilgan va dunyoning bir necha tillariga qayta-qayta tarjima qilingan “Sarandipning uch shahzodasi” asarini tadqiq qilgan amerikalik sharqshunos Richard Boyl bu asarni Yevropa Uyg‘onish davrining shoh asari deb ataydi. O‘zbekistonga kelib, Alisher Navoiy ijodini o‘rgangan va uning “Lison-ut-tayr” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan kanadalik Harri Dik Navoiyga “Dunyoni ma'naviy tanazzuldan qutqara oladigan ko‘ngil bog‘ining bog‘boni” deya ta'rif beradi. So‘nggi yillarda xorijliklar tomonidan Navoiy asarlari birin-ketin tarjima qilinib chop etilmoqda. Bular qatoriga Navoiy g‘azaliyotining polyak tiliga tarjimoni Yanush Kjijovskiy, ukrain tiliga tarjimoni, shoir Nikolay Bajanning “Farhod va Shirin” dostonining  tarjimalarini kiritish mumkin. Biroq, bu buyuk shoir ijodining bir debochasi xolos. Navoiy g‘azallarini ingliz tiliga tarjima qilayotgan jur'atli o‘zbek tarjimonlari safi kengaymoqda, xususan, A'zam Obidov, Qosimboy Ma'murov, Dinara Sultonova, Aida Bumatova shular jumlasidan. Biroq, endilikda qilingan tarjimalar xorijlik muharrir tahriridan o‘tib, to‘plam holida nashr etilishi, eng asosiysi, ular xorijiy davlatlarga targ‘ib etilishi kerak. Zero, o‘zbek tarjimashunoslari g‘azal asliyatidagi ma'no va badiiyatning tarjimada qayta yaratilgan yoki yo‘qligiga baho berishi mumkin, ammo, tarjima tilining silliq va xorijlik retseptor uchun o‘qishliligiga eng odil bahoni xorijiy til egasigina bera oladi. O‘tgan yili Amerikaning Massachusets shtati, Salem shahrida istiqomat qiluvchi adabiyotshunos, yozuvchi va shoir Denis Deli tomonidan tarjima qilinib, 2016 yilning dekabr oyida AQSh Cervena Barva Press nashriyotida chop etilgan “Twenty one Ghazals by Alisher Navoiy” deb nomlangan kitob sotuvga chiqarildi. Mazkur mo‘'jazgina to‘plam muallifning beshinchi kitobi bo‘lib, ko‘plab nufuzli ro‘znoma va nashriyotlarda muharrirlik qilib kelgan Denis Deli endilikda ijodkor va tarjimon sifatida badiiy asar va tarjimalar  ham nashr ettirmoqda. To‘plam xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Kitob bugungi kunda amazon va boshqa saytlar orqali xorijliklar hukmiga havola etilgan. Ma'lumki, Alisher Navoiy g‘azallarida badiiy tasvir rango-rangligi kuzatiladi. Deli tarjimalarida tagma'no va ko‘p sonli tasvirning ayrimlarini uchratsangiz-da, tarjimalar nihoyatda o‘qishli chiqqan, eng muhimi xorijliklar Navoiyni kashf etishmoqda, bu tarjimalar orqali shoir she'riyati ularga ma'qul kelmoqda. 

Lolazor ermaski, ohimdin jahong‘a tushti o‘t, 
Yo‘q shafaqkim, bir qiroqdin osmong‘a tushti o‘t.
Tarjima:
Tulip fields blaze the face of my soul’s fire.
Sunsets sear across the sky, touch the earth with fire.

Asliyatda shoir –  “Ko‘rib turganingiz bu lolazor emas, mening ohimdan jahonga tushgan o‘tdir” deydi va g‘uluvning yuqori darajasini ishlatadi. Tarjimada “lolazor mening ohimdan yorqinroq bo‘lib ketdi” deb g‘uluvning ishonish mumkin bo‘lgan quyiroq darajasi qo‘llangan. Biroq, kitob nashr etilishi bilan internet nashrlarida xorijlik mutaxasislarning taqrizlari birin-ketin bosila boshladi. Ulardan biri, 2017 yil 15 fevralda AQShdagi Somerville times nashrida masachusetslik siyosatshunos Denays Provost xonim tomonidan mazkur kitobga berilgan taqrizdir. Pravost xonim o‘z maqolasida yangi nashr etilgan kitobning dizayni undagi illyustratsiyalardan tortib g‘azallar jozibasini ham tasvirlashga harakat qiladi. Maqoladan iqtibos keltiraman: “Bu siz uchun bir ochilish bo‘ladi. Yangi bir olamni kashf etasiz. Bu kitob javohirlar to‘ldirilgan bir qutiga o‘xshaydi. Menda bir katta savol tug‘ildi bu shoir kim? Nega u haqida oldinroq eshitmadim? Mening yoshimdagi boshqa kishilar singari asosan G‘arb dunyosini ko‘proq o‘qib o‘rganganman. Lekin dunyoning boshqa chekkasida yozilgan nodirliklar tarjima orqali bizgacha yetib kelishi mumkin. Soleman Barksning xizmati o‘lararoq 13-asrda Sharqda yashab ijod qilgan Rumiy she'riyati bizda ham yaxshi o‘qildi. Biroq, Navoiy haqida kim eshitgan?” U o‘z so‘zini davom etar ekan, Navoiyning nafaqat shoir, balki davlat arbobi bo‘lgani, o‘z tili uchun Choser kabi kurashgani haqida to‘lqinlanib gapiradi. Turkiyda yozgani uchun G‘arbda unchalik tanilmagan Navoiy ijodining nihoyatda go‘zalligi, g‘azal strukturasidagi musiqiylik va so‘fiyona mazmun Petrarka sonetlari misol o‘quvchini o‘ziga maftun etishini ta'kidlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Alisher Navoiy ijodini tushunganicha tarjima qilib, o‘z zamondoshlariga havola etayotgan xorijlik tarjimonlar g‘azallar ortiga yashiringan so‘z o‘yinlarining o‘ndan birini kashf etolmagan bo‘lsalar-da, bu tarjimalar o‘qiganlarni hayratga solmoqda. Navoiy she'riyati tarjimasi sohasida chinakam muvaffaqiyat navoiyshunos olim va xorijlik tarjimon hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan loyihalarda ko‘rinadi. Alisher Navoiy g‘azaliyotidan bir guldastaning xorijda sevib o‘qilayotgani, shoir asarlarini tarjima qilishi xalqimiz uchun ham bir tuhfa bo‘ldi. Bugungi kun zamonaviy kommunikatsiya imkoniyatlaridan foydalanib, Navoiyning 21 g‘azalini ingliz tiliga tarjima qilib Amerikada nashr ettirgan amerikalik adabiyotshunos olim, shoir va yozuvchi Denis Deli bilan suhbat qilindi.

Foto: Chapdan birinchi Denis Deli

G.Odilova: Assalomu alaykum Mister Deli, O‘zbekistonda hech bo‘lganmisiz?
Denis Deli:  Va alaykum assalom. Ha. Men O‘zbekistonga sayohat qilganman. 2001 yilda Toshkentda qizim bilan uchrashib, mamlakatni aylanib chiqqanmiz. U o‘sha paytlar Tinchlik Korpusining ko‘ngillisi sifatida Gurlanda o‘zbek bolalariga ingliz tilidan dars berar edi. Biz Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Nukus va Mo‘ynoqqa hamda  kichik-kichik tumanlar va qishloqlarga sayohat qilganmiz. 
G.Odilova: Siz Alisher Navoiy she'riyatidan tarjimalar chop ettiribsiz. Navoiy o‘zbek adabiyotining eng buyuk namoyondasi. Kimdir sizga aynan shu shoir ijodini tarjima qilishni tavsiya etdimi? Yoki o‘zingizga ma'qul keldimi, iltimos shu jarayon haqida gapirib bersangiz.
Denis Deli: Men Navoiy haqida ko‘p o‘qigan edim. Uning hayoti va ijodi, o‘sha davr haqidagi hikoyalar bilan tanish edim. 2001 yilda qizim Alisher Navoiy ijodiga mansub ba'zi g‘azallarning ingliz tiliga nasriy tarjimalarini topdi. Bu tarjimalarning sifati yaxshi deb aytib bo‘lmasdi. Lekin, mazmun orqali Navoiyning buyukligini ko‘rishingiz mumkin edi. Qizimning o‘zbek, rus tillarini bilish darajasi menga Navoiyning ba'zi g‘azallarini ingliz tilidagi badiiy matnini yaratish imkonini berdi. Men shoir sifatida tarjimaning she'riy chiqishiga e'tibor qaratdim, kerak joyda ingliz she'riyati texnikasidan foydalandim. Men tarjimam hammanikidan a'lo chiqqan deb da'vo qilmayman. Biroq, kam sonli tarjimon yoki olimlarda shoirona mahorat bo‘ladi. Mening tarjimalarim eng a'losi bo‘lmagan taqdirda ham asosiy maqsadim shoir ijodini imkon boricha tezroq amerikaliklarga yetkazish edi. Men aniq ishonamanki, hali asliyatga yaqin tarjimalarim oldinda.
G.Odilova: Nima deb o‘ylaysiz, G‘arb dunyosi bugun Navoiyni o‘qishi kerakmi?
Denis Deli: Men ishonamanki,  G‘arb dunyosi dunyoviy ishq va ruhiy iztirobni mistik sevgi va so‘fizm an'analari qorishmasida o‘z she'riyatida aks ettira olgan Alisher Navoiydek shoirlar ijodini o‘qishga muhtoj. Alisher Navoiyning ko‘p asarlari O‘rta Osiyo va amerikaliklar, shuningdek, ingliz tilida so‘zlashuvchilar o‘rtasida madaniy rishta bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
G.Odilova: Xorijlik kitobxonlar bu kitobni qanday qabul qilishdi?
Denis Deli: Kitob juda ko‘p joylarga, Amerika Qo‘shma Shtatlarining deyarli hamma shtatigacha kirib bordi. Bu o‘ziga xos yangilik bo‘ldi va hamma joyda kitobxonlar tomonidan nihoyatda iliq qarshi olindi. 
G.Odilova: Tarjima jarayonida siz uchun eng ko‘p qiyinchilik tug‘dirgan holat qaysi bo‘ldi?
Denis Deli: O‘ylashimcha, to‘plamdan o‘rin olgan birinchi g‘azal tarjimasida juda qiynaldim. Chunki, bu g‘azalda nafis ishqiy tuyg‘ular ostiga ilohiy ishqqa ishora mavjud edi. Ikki holatni ham tarjimada yetkazib berish nihoyatda mushkul ekan.
G.Odilova: Kelajakda o‘zbek navoiyshunoslari bilang hamkorlik qilib Navoiy ijodini xorij tillariga tarjima qilish loyihalarida ishtirok etishni xohlaysizmi? 
Denis Deli: Albatta!  O‘zbek olimlarining izlanishlariga hamkorlik qilishdan  mamnun bo‘lardim.

G.Odilova: 9 fevral Alisher Navoiyning 577 yilligi. Bu o‘zbek tili va adabiyoti uchun nihoyatda katta bir bayram. O‘zbekistonliklarga tilaklaringiz.
Denis Deli: O‘zbekiston xalqi juda ham baxtli. Sababi, madaniy merosingiz G‘arbning to‘g‘ri ma'nodagi hasadini uyg‘otgudek darajada. Alisher Navoiy ana shu merosning, adabiy an'ananing katta bir qismini tashkil qiladi. Qadimiy Samarqand, va Buxoroga o‘xshagan shaharlar juda kam sonli davlatlardagina bor. Men o‘zbek xalqiga Temuriylar davridagi dunyoni hayratga solgan Rennesansdan ham yuqoririroq darajadagi adabiyot, arxitektura va Sharq falsafasasida gurkirab o‘sish va ravnaq topishni tilayman.

G.Odilova: Rahmat, mister Deli! Sizga ham bu kun qutlug‘ bo‘lsin. Ijodiy va ilmiy ishlaringizda omad. Kelajakda siz bilan hamkorlikda Navoiy g‘azaliyotidan yirik tarjima loyihalarini amalga oshirishimizga umid bildirib qolaman. Yana bir bor o‘zbek xalqi nomidan sizga “Twenty-one ghazals by Alisher Navoiy” kitobi uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri,f.f.n., Gulnoza Odilova suhbatlashdi

Mavzuga oid