Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryodagi suv ta’minoti megaloyihasi va xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblariga 1 mlrd so‘m – mahalliy dayjest
Surxondaryoda ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan va qiymati 287 million dollar bo‘lgan megaloyiha amalga oshirildi. Kun.uz tanqididan so‘ng: mashinada uch odamni urib yuborgan farg‘onalik ayolga nisbatan sud hukmi o‘zgartirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida oltin medal olgan yoshlarga 1 mlrd so‘mdan ortiq mukofot to‘lanadi, ularni tayyorlagan ustozlar ham taqdirlanadi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident Surxondaryodagi yirik suv infratuzilmasi loyihasini ko‘zdan kechirdi
Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish asosida Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasi natijalari bilan tanishdi.
Qiymati 287 million dollar bo‘lgan mazkur megaloyiha doirasida keng ko‘lamli qurilish va montaj ishlari amalga oshirildi. Ichimlik suv viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Loyiha doirasida 246 km magistral va ichki tarmoqlar barpo etilgan. Gidravlik hisob-kitoblar asosida suvni nasossiz uzatish imkoniyati yaratilgan. Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot tuman markazlariga suv elektr energiyasi sarfisiz yetkazib berilmoqda.
Kun.uz tanqididan so‘ng: mashinada uch odamni urib yuborgan farg‘onalik ayolga nisbatan sud hukmi o‘zgartirildi
Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda tanishining Onix mashinasini boshqargan Xadichabonu Habibullayeva piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli ayol va uning yonidagi ikki yosh bolani urib yuborgan edi. Birinchi instansiya sudi hukmida sudlanuvchidan voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakiliga 280 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilanib, ish bo‘yicha boshqa yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgandi.
Apellyatsiya sudining yangi ajrimi bilan hukmning fuqaroviy da’voga oid qismi o‘zgartirildi. Ya’ni Xadichabonu Habibullayevadan jabrlanuvchi Dilafro‘z Sayfullayevaga 100 mln so‘m ma’naviy hamda voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakiliga 3 mln 351 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.
Xalqaro fan olimpiadalarida oltin medal olgan yoshlarga 1 mlrd so‘mdan ortiq mukofot to‘lanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 24 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida maktab o‘quvchisi Daler Rahimov Xalqaro kimyo olimpiadasidagi g‘alabasi uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq mukofot olganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda qabul qilingan qarorga muvofiq, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida (jumladan, xalqaro matematika, kimyo, biologiya, fizika hamda informatika olimpiadalari) yuqori natija qayd etgan o‘quvchilarga katta miqdorda pul mukofoti belgilangan. Shuningdek, mazkur tartibda g‘oliblarni tayyorlagan ustozlar va terma jamoa rahbarlariga ham belgilangan me’yorlar asosida mukofotlar berilishi nazarda tutilgan.
Sergelida yirik quruq port loyihasi amalga oshiriladi
AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) Toshkent shahrining Sergeli tumanida First dry port terminal bilan birgalikda yirik quruq port loyihasini amalga oshiradi. Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus DFC korporatsiyasi uchun O‘zbekistondagi ilk loyiha hisoblanadi.
Qayd etilishicha, loyiha hududda iqtisodiy faollikni oshirish, shuningdek, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Loyihaning muvaffaqiyatli ishga tushirilishi esa mahalliy mahsulotlarning Yevropa davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilish hajmini oshirish va xalqaro tovar ayirboshlashni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
20:26 / 03.04.2026
Farg‘onada mudhish qotillik, O‘shga aviaqatnov va xodimga berilgan zarba – mahalliy dayjest
20:09 / 02.04.2026
Gulistonda odamlar evakuatsiyasi va tibbiyotchilarga 5 kunlik ish haftasi – mahalliy dayjest
19:51 / 01.04.2026
«Aliment»chilarga yangi cheklovlar, «texpasport»ga 5 yillik muddat va poyezd kechiksa kompensatsiya – mahalliy dayjest
22:07 / 31.03.2026