Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bank kartasidagi kafolatli qoldiq va mast holdagi YPX xodimi – mahalliy dayjest
Qarzdorning kartasidan avtomatik pul yechilganda kamida 1,2 mln so‘m pul qolishi shart bo‘ldi. Jizzaxda mast holda yurgan YPX xodimi ishdan olindi. Tadbirkorlarga soliq organlari nomidan soxta xatlar kelmoqda. 1 iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish tizimi o‘zgaradi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Qarzdorning kartasidan avtomatik pul yechilganda kamida 1,2 mln so‘m pul qolishi shart bo‘ldi
Uzcard to‘lov tizimi bank kartalaridan avtomatik (aksepsiz) mablag‘ yechib olishda minimal kamaytirilmaydigan qoldiq joriy etilganini e’lon qildi.
2026 yil 15 apreldan boshlab, banklar va boshqa tashkilotlar kreditlar, bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar yuzasidan shaxsning Uzcard kartasidan avtomatik mablag‘ yechib olganida, balans nolga tushib qolmaydi.
O‘zbekistonda “kartamga pul tashlasam, kreditga yechib oladi” deb, naqd pulni afzal ko‘ruvchilar bor. Yangi tartibga ko‘ra, endi kreditlar, bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar doirasida shaxsning kartasidan avtomatik ravishda pul yechib olinganida, karta hisobida kamida 3 BHM (1 mln 236 ming so‘m) mablag‘ qolishi shart. Kartadagi pul shu miqdordan kam bo‘lsa, avtomatik yechib olish ro‘y bermaydi.
Jizzaxda mast holda yurgan YPX xodimi ishdan olindi
Jizzaxda YPX xodimi xizmat formasida mast holda yurgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, holat mart oyida Forish tumanida sodir bo‘lgan. Bir nechta fuqaro YPX xodimini ushlab, uning mastligini aniqlash uchun shifoxonaga olib borgan.
Videolavhalarning birida YPX xodimi shifoxonaning orqa eshigidan chiqib, qochib ketgani ko‘rinadi. Biroq uni ushlab, qaytarishgan. Keyinchalik, xodim IIB bo‘limiga olib borilib, alkotesterda mastlik darajasi aniqlangan.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida, YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, xodim ishdan bo‘shatilgan. Hozir fuqarolarning xodimga nisbatan harakatlarini prokuratura o‘rganmoqda.
Tadbirkorlarga soliq organlari nomidan soxta xatlar kelmoqda
So‘nggi kunlarda tadbirkorlarga soliq organlari nomidan yuborilayotgan soxta elektron xatlar ko‘paydi. Mutaxassislar bunday xabarlardagi havolalarni bosish yoki fayllarni ochish shaxsiy va bank ma’lumotlarining o‘g‘irlanishiga, hatto hisobdagi mablag‘larni yo‘qotishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi nomidan yuborilayotgan ayrim elektron xatlar rasmiy tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ushbu xabarlar ortida firibgarlar turgan bo‘lib, ular orqali qurilmalarga zararli dasturlar yuklanishi, shuningdek, foydalanuvchilarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari qo‘lga kiritilishi mumkin.
1 iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish tizimi o‘zgaradi
2026 yil 1 iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul jarayonlarida yagona yondashuv joriy etiladi. Jumladan, suhbat bosqichida beriladigan savollar va topshiriqlar davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida kamida bir oy oldin e’lon qilinishi shart bo‘ladi. Bir oy oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi.
Shuningdek, ichki tanlov o‘tkazilmaydigan lavozimlar ro‘yxati belgilanadi hamda ayrim lavozimlar uchun ish stajiga oid talablar bekor qilinadi. Boshqa ayrim holatlarda esa nomzodlar uchun ko‘pi bilan ikki yillik umumiy yoki maxsus ish staji talabi qo‘yilishi mumkin.
Mavzuga oid
18:38 / 22.04.2026
San’atkorlarga tanbeh bergan vazir va o‘qituvchilardan uzr so‘ragan hokim – mahalliy dayjest
21:00 / 21.04.2026
Rivaldoga qarzni to‘lamaydigan “O‘zbekneftgaz” va navbatdagi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
18:35 / 20.04.2026
Zo‘ravon pedagoglarga cheklov va Kudbiyevning qimmatbaho soati – mahalliy dayjest
19:16 / 17.04.2026