O‘zbekiston | 17:09 / 26.07.2019
7909
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi

Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom, davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda 2019-2021 yillarda davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.

Davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil qilinishi belgilandi.

Qarorda aytilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasining so‘rovi bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi o‘rtacha bozor narxlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni muntazam ravishda o‘zlarining veb-saytlarida joylashtirilishi va taqdim etilishini ta'minlaydi. 

Hujjatda belgilanishicha: 

ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida autsorser tomonidan ovqatlantirishni tashkil etish uchun foydalaniladigan kommunal xizmatlar to‘lovlari maktabgacha ta'lim muassasasiga ajratilgan Davlat budjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi;

davlat maktabgacha ta'lim muassasasida ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilganda, ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov nol stavka bo‘yicha belgilanadi;

ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilishi munosabati bilan tejalgan pul mablag‘lari, birinchi navbatda, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

maktabgacha ta'lim muassasalaridagi oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar, shuningdek, ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligi, oshxonalar xodimlari tomonidan sanitariya- gigiyena tadbirlari bajarilishiga rioya etilishini aniqlash yuzasidan tasdiqlangan jadval asosida har oyda sanitariya holati o‘rganib borilishini tashkil etadi;

Maktabgacha ta'lim vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgaliqda maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni belgilovchi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini uch oy muddatda qayta ko‘rib chiqib, zarur hollarda o‘zgartirish kiritish choralarini ko‘radi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta'lim muassasalarida tegishli yil uchun tasdiklangan umumiy kvotalar doirasida “Umumiy ovqatlanish texnologiyasi va uni tashkil etish” yo‘nalishi bo‘yicha talabni inobatga olgan holda oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yadi. 

Maktabgacha ta'lim vazirligi:

maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarga iste'mol uchun berilayotgan taomlar sifati bo‘yicha qatiy nazoratni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda davlat maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan ovqatlantirish tashkil etilganda oshpazlar va oshpaz yordamchilarining har uch yilda bir marta malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi.

Mavzuga oid