Bugungi kunda maktabgacha ta'lim tizimida qator islohotlar olib borilmoqda. Tizimda yig‘ilib qolgan muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib kelinmoqda.

Ammo tan olib aytish kerakki, tizimda hanuz eskicha qarash, eskicha ishlash holatlari uchramoqda.

Kattaqo‘rg‘on maktabgacha ta'lim tizimidagi muammolar haqida avval ham bir necha bor o‘rganishlar olib borilib, mavjud kamchiliklar yoritilgan edi.

Tumandagi 23-maktabgacha ta'lim muassasasida navbatdagi o‘rganishni olib borganimizda, tizimda hali ham yechilmay qolayotgan masalalar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik.

Ushbu maktabgacha ta'lim muassasasi binosi ancha eski binoda joylashgan. Birinchi ko‘zga tashlanadigani shuki, binoda darvoza yo‘q. Muassasa hududi mahalladagi binolar bilan aralashib ketgan. Qorovul uchun bitta stulcha qo‘yib berilgan.

Avvalo, muassasada tarbiyalanuvchilar uchun berilayotgan mahsulotlar miqdori va sifati bilan qiziqdik.

Oshpazning aytishicha, tayyorlanayotgan taomlar uchun o‘sha kuni 10 kg go‘sht mahsuloti ajratilgan. Vaholanki, muassasada 120 nafar tarbiyalanuvchi bor. Belgilangan me'yorlarga ko‘ra, 120 nafar tarbiyalanuvchi uchun 12 kg go‘sht mahsuloti ajratilishi kerak. Ammo taomlarga solingan go‘sht mahsulotlari 10 kg ham chiqmasligi ko‘rinib turardi. Xo‘sh, muassasada bolalar haqidan urib qolish davom etyaptimi?

Mudira Zamira Xudoyberdiyevaning ta'kidlashicha, ayni vaqtda xo‘jalik mudiri lavozimi bo‘sh. Uning vazifasini muassasa hamshirasi bajarib turibdi. Berilayotgan kunlik mahsulotlar me'yordan kamligi holatiga hamshiradan tayinli izoh ololmadik.

Achinarlisi, mahsulotlar saqlanayotgan xona va taom tayyorlanadigan oshxona antisanitar holatda, ozodalikka yetarlicha e'tibor berilmagan.

Bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga mo‘ljallangan katta xonadagi holat bundan ham abgor. Jihozlar qalin chang bilan qoplangan va tartibsiz. Bolalar ana shunday holatda vaqt o‘tkazmoqda.