Jahon | 17:31 / 06.10.2020
43308
12 daqiqa o‘qiladi

Bishkekdagi tartibsizliklar: namoyishchilar Oq uyni egalladi, saylov natijalari bekor qilindi

Qirg‘izistondagi parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan namoyishchilar 5 oktabr kuni kechqurun Bishkekda Oq uyni va milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosini qamal qilishdi. Bishkek markazidagi asosiy maydonda militsiya bilan bir necha soat davom etgan to‘qnashuvlardan keyin namoyishchilarning qo‘li ustun keldi. 6 oktabr kuni saylov natijalari haqiqiy emas deb topildi.

Foto: BBC Russian

Qirg‘izistondagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida bir kishi halok bo‘lishi va 150 kishi shifoxonaga yotqizilishi ortidan Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Gulnora Jo‘raboyevaning so‘zlariga ko‘ra, komissiya o‘zini o‘zi tarqatib yuborish masalasini ham muhokama qildi. «Ushbu saylov kampaniyasi bilan biz o‘zimizni obro‘sizlantirdik va shuning uchun bu holatda eng yaxshi va to‘g‘ri qaror muddatidan oldin iste'foga chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilish deb hisoblayman», dedi u.

Bishkekdagi namoyishlar
Parlament saylovlari yakshanba kuni o‘tkazilgan, ammo uning natijalarini saylovda qatnashgan 16 partiyadan 12tasi tan olmagandi. Bu partiyalar yetakchilari muxolif blokka birlashishdi va tinch miting boshlashdi, miting Oq uyni qamal qilishga ulanib ketdi.

Foto: Reuters

Tunda namoyishchilar prezident ma'muriyati va parlament joylashgan Oq uy binosi eshiklarini buzib o‘tishdi.

Huquq-tartibot organlari vakillari bunga qarshilik ko‘rsatishmadi. Bu vaqtga kelib Oq uy bo‘sh qolgan edi.

Foto: Abilay Saralayev/TASS
Foto: EPA/Vostock-photo

Namoyishlarning dastlabki qismida kuchishlatar tuzilmalar yig‘ilganlarni maydondan haydab yuborishga uringan, namoyishchilarga nisbatan shovqinli granatalar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar va rezina o‘qlar qo‘llangandi, bunga bir necha kishi Oq uyga devordan oshib o‘tib kirishga uringani sabab bo‘lgandi.

Ammo bir necha soat o‘tib mitingchilar yanada ko‘pchilik bo‘lib qaytishdi va ustunlikka erishishdi. Ular ichki ishlar organlari xodimlarining avtomobillarini tortib olib, ularga o‘t qo‘yishdi. Tez yordam boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yegor Borisovning ma'lum qilishicha, tez yordam mashinalariga ham hujumlar uyushtirilgan. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Muxolifatdagi «Ata-Meken» (Vatan) partiyasi yetakchisi Janar Akayev muxolif partiyalar xalq hukumatini shakllantirish va yangi bosh vazirni tanlash niyatida ekani haqida ma'lum qildi.

BBC nashri mamlakat ichki ishlar vazirligiga asoslanib tarqatgan xabarga ko‘ra, politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar vaqtida bir kishi halok bo‘lgan va 600dan ortiq kishi jarohatlangan. Ma'lum bo‘lishicha, mamlakat milliy gospitaliga og‘ir jarohatlar bilan yotqizilgan 19 yoshli yigit olamdan o‘tgan.

«Portlash oqibatida uning ikki oyog‘i uzilib ketgan, jasad shahar o‘likxonasiga yuborilgan», deya xulosa qilgan shifoxona bosh vrachi Toktobay Maanayev.

Mahbuslarning ozod etilishi
Namoyishchilarning bir qismi GKNB binosi (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi) tomon yo‘l olishdi va u yerdan mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev, sobiq bosh vazirlari Sapar Isakov va Jantoro Satibaldiyevni ozod etishdi.

© Foto : Kunduz Zholdubaeva

Bu siyosatchilarning barchasi Sooronbay Jeenbekov boshqaruvi davrida korrupsiyada ayblanib qamalgandi.

Mahalliy voqealarni yoritib borayotgan Interfaks muxbiri xabar qilishicha, namoyishchilar yuk mashinasi orqali GKNB binosi eshigini buzib o‘tishgan va maxsus xizmatlar hududiga bostirib kirishgan.

Militsiya amalda ularga qarshilik ko‘rsatmagan, xodimlar qo‘llarini ko‘targan holda hovliga chiqishgan va «xalq bilan birga ekanliklari»ni aytishgan.

Bundan tashqari, parlamentning sobiq deputati Sadir Japarov ozod etildi.

Tongga yaqin Oq uyning bir necha qavatidagi xonalarda yong‘in chiqdi. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar va namoyishchilarning o‘zi tomonidan o‘chirildi.

Namoyishchilar prezident Sooronbay Jeenbekovni lavozimidan chetlatish va yangi konstitutsiya qabul qilish talablari haqida gapira boshlashdi.

Japarovning tarafdorlari u prezident bo‘lishini talab qilishmoqda

Japarov maydonda chiqish qildi va xalqni tartibsizliklarni to‘xtatishga chaqirdi.

«Kelinglar, barchasini qonuniy yo‘l bilan hal qilamiz. Hozir tarqalishimiz kerak, chunki maqsadga kuch bilan erishib bo‘lmaydi, bularning barchasi noqonuniy ishlar», degan sobiq deputat.

Japarovning chiqishi

Sadir Japarovning tarafdorlari parlament saylovlarida u asos solgan «Mekenchil» partiyasi bayrog‘i ostida ishtirok etishdi. Partiya 7 foizga yaqin ovoz oldi (6,95 foiz), Qirg‘iziston parlamentidan mandat olish uchun 7 foizlik dovondan o‘tish talab etiladi, partiyada parlamentning 7-chaqirig‘iga kirish uchun imkoniyat saqlanib turgandi, biroq bu partiya yetakchilari ham natijalarni tan olishdan bosh tortishdi. Sadir Japarov 2013 yilda Qorako‘ldagi «Qumtor» oltin konini milliylashtirish va Qirg‘iziston Respublikasining kondagi ulushini 70 foizgacha oshirish talabi bilan mitinglar uyushtirgani hamda Issiqko‘l viloyatining o‘sha vaqtdagi gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olgani uchun 2018 yilda 11,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Namoyishchilar hozirda Oq uyni o‘rab olishgan va hokimiyat almashishi bo‘yicha tezkor qabul qilinishini talab etishmoqda. Yig‘ilganlarning ko‘pchiligi Japarov prezident bo‘lishini talab qilib, vaqtinchalik hukumatni shakllantirishga chaqirishmoqda. Bu vaqtda amaldorlar yangi tayinlovlar haqida ma'lum qilishmoqda. Hozirgacha mamlakatda bir necha regionda va shaharlarda gubernatorlar va merlar o‘zgargan.

Xususan, Bishkek meriyasi binosiga bostirib kirgan namoyishchilar «Respublika» partiyasidan Qirg‘iziston parlamenti deputatligiga nomzod Jo‘shbek Koyenaliyevni shahar meri deb e'lon qildi. 

Ammo shaharning amaldagi rahbari Aziz Surakmatov iste'fo bermagan. U hozir aynan qayerdaligi noma'lum. «AKIpress» mer hozirda masofadan turib ishlayotganini xabar qilgan.

Koyenaliyev esa shahar merligiga Qirg‘iziston xalqi tomonidan ilgari surilganini ma'lum qilgan. Ammo ayni paytda amalda bo‘lgan hukumat uni o‘z nomzodi bilan almashtirishga urinishini qo‘shimcha qilgan.

Sobiq prezident Almazbek Atamboyev va sobiq bosh vazir Sapar Isakov ayni vaqtda «Sotsial-demokratlar» partiyasi shtabida bo‘lib turishibdi va ular tez orada xalqqa murojaat bilan chiqishmoqchi.

Prezident qayerda?
Jeenbekovning o‘zi esa kun avvalida Qirg‘iziston xalqiga murojaat qilib, «ayrim noqonuniy kuchlar» tomonidan hukumatni noqonuniy yo‘l bilan egallashga urinish bo‘layotgani haqida gapirgan va namoyishchilarni qonun doirasida harakatlanishga chaqirgandi. U, shuningdek, parlament saylovi natijalari bekor qilinishini va'da qildi, namoyishchilarga o‘t ochishga buyruq berilmaganini aytib o‘tdi.

«O‘tgan tunda ba'zi siyosiy kuchlar davlat hukumatini noqonuniy egallab olishga urindi. Saylovlar yakunlarini vaj qilib, jamoat tartibini buzishdi. Ular shaharliklarning tinch hayotiga xalaqit berdi. Huquq-tartibot organlariga itoat qilishmadi, tibbiyot xodimlarini do‘pposlashdi va binolarga ziyon yetkazishdi

Men huquqni muhofaza qilish idoralariga biror fuqaroning hayotiga xavf tug‘dirmaslik uchun o‘t ochmaslik yoki qon to‘kmaslik haqida buyruq berdim. Hozircha vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rdik», dedi u.

Ayni vaqtda uning qayerdaligi ma'lum emas.

Saylov qanday o‘tdi?
4 oktabr kungi saylovlarda bir palatali parlamentdagi 120ta deputatlik o‘rni uchun qariyb 2 ming nomzod kurash olib bordi, shundan 107 kishi - oltinchi chaqiriq deputatlari edi.

Markaziy saylov komissiyasi mamlakat parlamentiga to‘rt partiya o‘tganini ma'lum qildi. Mahalliy politologlar shundan uchtasini hukumatdagi siyosiy elita bilan aloqador hisoblaydi. Shu bilan birga, 7 foizlik dovondan birorta muxolif partiya o‘ta olmadi.

Pandemiya davrida amaldagi prezidentning obro‘si jiddiy ravishda pasaydi

Saylovning dastlabki natijalari e'lon qilingach, 7 foizlik chegaradan o‘ta olmagan partiyalarning rahbarlari muxolifat blokiga birlashishdi va o‘z tarafdorlarini Bishkek, O‘sh (mamlakatning ikkinchi yirik shahri) va Narinda (Qirg‘iziston g‘arbida) ko‘chalarga chiqishga chaqirishdi. Turli baholarga ko‘ra, poytaxtda 7-10 ming kishi ishtirokida namoyishlar boshlangan. Shuningdek, Talos va Qorako‘lda ham namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, eng ko‘p ovozni «Birimdik» («Birlik») partiyasi qo‘lga kiritgan - 24,53 foiz (46ta o‘rin). Bu partiya tarkibidan Jeenbekovga yaqin bo‘lgan ko‘plab kishilar, jumladan, uning akasi ham o‘rin olgan.

Ikkinchi o‘rinni hukumatga yaqin bo‘lgan yana bir partiya - Qirg‘izistondagi eng nufuzli kishilardan biri, Qirg‘iziston Bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov bilan aloqador bo‘lgan «Mekenim Qirg‘izstan» (Vatanim - Qirg‘iziston») egallagan - 23,9 foiz (45ta o‘rin).

Uchinchi o‘rinni egallagan «Qirg‘izistan» partiyai 8,74 foiz ovozga ega bo‘lgan (16ta o‘rin). Bu partiya saylovlar arafasida iste'fo bergan parlamentning sobiq spikeri Dastan Jumabekov bilan aloqador hisoblanadi. Ushbu siyosatchi tashviqot kampaniyasi davrida yaqinda tuqqan ayollardan biriga 50 ming som (600 dollar atrofida) sovg‘a qilgani uchun saylovchini sotib olishda ayblangandi.

Shuningdek, «Butun Qirg‘izistan» 7,09 foiz ovozga ega bo‘lgan (13ta o‘rin).

YeXHTning Qirg‘izistondagi kuzatuv missiyasi rahbari Tomas Bozerup saylovlar «umuman olganda yaxshi tashkillashtirilgani», ammo ovozlarni sotib olish haqidagi ayblovlar «jiddiy tashvish uyg‘otgani»ni aytib o‘tgan.

Qirg‘izistondagi yettinchi parlament saylovlari mamlakat qisman boshqaruvning parlamentar shakliga o‘tganidan 10 yil keyin o‘tkazildi. 

Hukumat islohoti 2010 yil 7 aprelidagi inqilobdan keyin o‘tkazilgan, o‘shanda hukumatga qarshi mitinglar vaqtida, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 87 kishi halok bo‘lib, 1,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangandi. O‘shanda Oq uy qamal qilinganida prezident Kurmanbek Bakiyev mamlakatni tark etgan, hukumat o‘z vakolatlarini topshirgandi.

Qirg‘izistonda koronavirus pandemiyasi shu yilning iyulida o‘z cho‘qqisiga chiqdi, bu vaqt ichida prezidentning reytingi keskin kamaydi. Huquq faollari uning hukumatini harakatsizlikda ayblab chiqdi, ayrimlar prezidentga impichment e'lon qilishga chaqirdi. Ushbu mamlakatda o‘lim ko‘rsatkichi aholi jon boshiga ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan birini qayd etmoqda, karantin esa mamlakat iqtisodiyotini og‘ir ahvolga solib qo‘ygan. Qirg‘izistonda 6 million kishi yashaydi, shundan 1 million kishi Rossiyada mehnat muhojiri hisoblanadi.

Mavzuga oid