Toshkentdagi tibbiyot “mafiyasi”: sobiq vazirlar davridagi manfaatlar to‘qnashuviga barham berish boshlandimi?
Poytaxtdagi 54 ta tibbiyot muassasasida 2018 yildan buyon Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlariga tegishli xususiy laboratoriya pulli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Kun.uz avvalroq bu yerda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani haqida yozgan, biroq CCV tahririyat surishtiruvida aniqlangan holatlarga reaksiya bildirmagandi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi vazir davrida bu muammoga barham berishga kirishilgan.
O‘zi nima gap?
“Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ (“SS-LAB” MChJ) 2018 yilda tashkil etilgan. Ushbu korxonaga tegishli tibbiy-diagnostika laboratoriyalari 4 yildan buyon poytaxtdagi 54ta tibbiyot muassasasida aholiga pullik xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Botirbek Isabekov (33,40 foiz), Anvar Rahimov (33,30 foiz) va Ulug‘bek Egamberdiyev (33,30 foiz) “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ ta’sischilari hisoblanadi. Firma tashkil etilgan vaqtda bu uchovlonning barchasi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlari bo‘lgan.
Jumladan, 2019 yil iyunidan 2020 yil avgust oyigacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan Botirbek Isabekov hozirda shahar SSBB boshlig‘ining raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.
Ilgari shu boshqarmada faoliyat yuritgan Anvar Rahimov bugungi kunda Toshkent shahar SSBB tasarrufidagi xo‘jalik hisobidagi “Tibbiy ko‘rik bo‘limi” DUK direktori hisoblanadi.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan Ulug‘bek Egamberdiyev bir oy oldin mazkur lavozimidan ozod qilingan.
Ushbu mansabdorlarga tegishli “SS-LAB” Toshkent shahridagi 35 ta oilaviy poliklinika, 9ta tuman tibbiyot birlashmasi, 6ta tug‘ruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga 500dan ortiq turdagi tahlil, laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini ko‘rsatib kelgan. Bu xizmatlar tekin bo‘lmagan albatta. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotlarda laboratoriya tahlillarining eng arzoni 25 ming so‘mni, eng qimmati 420 ming so‘mni tashkil etgani aks etgan. Pulli xizmatlarning o‘rtacha qiymati 70–130 ming so‘m atrofida.
Vaholanki, “SS-LAB” monopoliyasi o‘rnatilgunga qadar, ya’ni 2018 yilgacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalarida fuqarolar uchun laboratoriya klinik va bioximiya tahlillari bepul amalga oshirib kelingan. Ustiga-ustak, bugungi kungacha bironta normativ-huquqiy hujjatda oilaviy poliklinikaga kelgan bemorlar uchun laboratoriyada o‘tkaziladigan tahlillar pullik xizmat asosida o‘tkazilishi belgilanmagan.
Vazirlik nima deydi?
Sobiq vazirlar Alisher Shodmonov hamda Abduhakim Hojiboyev davrida e’tibor qaratilmagan bu masala sog‘liqni saqlash vazirligida rahbariyat o‘zgarishi ortidan sohadagi muammolar tahlil qilinganda yuzaga qalqib chiqqani aytilmoqda. Vazirlik mas’ullarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, mazkur masalaga e’tibor qaratilishiga oilaviy poliklinikalar tomonidan ilgari bepul bo‘lgan laboratoriya tahlillari uchun pul undirish holatlari ko‘paygani ham asos bo‘lgani aytilmoqda.
“O‘rganishlar davomida shifokorlar tomonidan asossiz ravishda, ya’ni zarurat bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar bemorlar pulli tahlillarni topshirishga yo‘naltirilgani, bunga manfaatlar to‘qnashuvi sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolalar shifoxonalari va tuqruqxonalarda bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ular qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lashga majburlanmasligi kerak. Biroq “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJning ta’sischilari o‘zlarining lavozim vakolatlari va mavqelaridan foydalangan holda poytaxtdagi 6ta tug‘ruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga pulli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga erishishgan.
Qolaversa, Toshkent shahridagi 54 ta tibbiyot muassasida faoliyat olib borayotgan “SS-LAB” laboratoriyalari tahlillarni o‘zi o‘tkazmayotgani, shunchaki o‘rtada vositachi ekani, aholidan olingan namunalar, ya’ni biomateriallarni tibbiy-diagnostika xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa bir korxonaga olib borib topshirishi aniqlandi.
O‘rganishlarimiz aslida ushbu xizmatlarning narxi “SS-LAB”nikidan ancha arzonligi, ushbu firma har bir xizmat ustiga juda katta haq qo‘yib kelgani, buning yuki esa fuqarolar zimmasiga tushib kelganini ko‘rsatdi”, deydi SSV Komplayens ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati boshlig‘i Rustam Jumanov.
Vazirlik mulozimlari “SS-LAB” MChJ xodimlari ba’zi holatlarda oilaviy poliklinikalarning laboratoriyalarida va muolaja xonalarida joylashgani, ish faoliyatida SanPIN talablariga rioya qilmagan holda faoliyat yuritib kelayotganini aytishmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda “SS-LAB” MChJda aholidan olingan biomateriallarni saqlash uchun muzlatgichlar, shuningdek, tahlil namunalarini Olmazor tumani, Qoraqamish ko‘chasida joylashgan markaziy laboratoriyaga yetkazib berish jarayonida biomateriallarning transportirovkasiga moslashtirilgan muzlatgich avtomashinalari mavjud emasligi aniqlangani qayd etiladi.
“SS-LAB” laboratoriyalarining faoliyati qonuniymi?
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi 674-sonli “Davlat-xususiy sherikchilik asosida markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan, sog‘liqni saqlash tarmog‘iga ajratiladigan budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish, laboratoriya diagnostikasi sohasiga eng yangi texnologiyalarni jalb etish yo‘li bilan aholini sifatli laboratoriya-diagnostika xizmatlari bilan ta’minash, laboratoriya axborotlari tizimini joriy etish, laboratoriya tadqiqotlari sifatini nazorat qilish tizimini modernizatsiyalash belgilangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolar va shifokorlar orasida tahlillarni sifatiga ishonchsizlikni bartaraf etish, bioximiya materiallarini yaroqliligini saqlash “xavf-xatarini” kamaytirish va tahlillar sifatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi” bilan 2020 yil 2 fevralda 1-33K-sonli konsessioner shartnoma tuzilgani, unga ko‘ra Toshkent viloyati SSB va Toshkent shahar SSBB tizimidagi tibbiyot muassasalarida “Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi” xizmatlarini joriy etish ko‘zda tutilganini ta’kidlamoqda. Vazirlikka ko‘ra, bugungi kunda “Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi”ning nomi “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasiga o‘zgartirilgan.
Konsessioner shartnomaning majburiyatlari bo‘yicha “Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi”, ya’ni “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasi uchun ajratilishi kerak bo‘lgan xonalar boshqa tashkilot, ya’ni “SS-LAB” MChJga ijara shartnomasi asosida berib yuborilgan.
Tibbiyot muassasalariga xususiy pullik laboratoriyalarni kiritishdan avval Toshkent viloyati SSB va Toshkent shahar SSBB rahbariyati konsessioner majburiyati bo‘yicha ajratilgan xonalarni egallash yuzasidan “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasi bilan kelishmagan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan konsessioner shartnomaning majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan 2022 yil 7 yanvar kuni chiqarilgan 2-sonli buyruqning mazmun va mohiyatini joylardagi rahbarlar yetarli darajada tushunib yetmagan va uni tatbiq etishga to‘sqinliklarni keltirib chiqarmoqdalar. Masalan, Toshkent shahar SSBB boshlig‘ining o‘rinbosari Botir Isabekov yuqorida qayd etilgan “SS-LAB” MChJ xususiy laboratoriyasi ta’sischisi hisoblanadi va o‘zining g‘ayriqonuniy harakatlari bilan konsessionerga ajratilgan xonalarni bo‘shatib bermayapti. Joylardagi tibbiyot muassasalarining rahbarlarini chalg‘itishga, ijara shartnomalarini to‘xtatilishiga to‘sqinlik qilmoqda”, deydi vazirlik mulozimi Rustam Jumanov.
Kun.uz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevning 2022 yil 7 yanvardagi buyrug‘i bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi deyarli barcha tibbiyot muassasalari klinik laboratoriyalarida xizmat ko‘rsatish uchun nega aynan “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasi tanlab olingani, nega turdosh korxonalarga imkon berilmagani, bu qaror raqobat va monopoliyaga qarshi kurashga doir qonunlarga qanchalik muvofiqligi, “Intermed Innovation” MChJning asosiy ta’sischisi – Silverdale Trade L.P’ning Shotlandiyadagi ofshor bilan bog‘liq tarixi yuzasidan SSV mas’ullaridan izoh oldi.
Shuningdek, vazirlik mulozimlari 10 mart kuni Kun.uz'da e’lon qilingan maqolaga ham o‘z munosabatlarini bildirishdi, narigi tomonning iddaolariga javob qaytarishdi. Tez orada bu ma’lumotlar o‘quvchilar hukmiga havola etiladi.
Antimonopoliya qo‘mitasi ham saytimizda e’lon qilingan “Tibbiyotda yangi monopoliya? 178 ta laboratoriya bitta operatorga berildi” sarlavhali maqolasi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishini ma’lum qildi.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024