O‘zbekiston | 15:39 / 29.05.2021
23344
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent poliklinikalarida pulli xizmat ko‘rsatayotgan laboratoriya shahar SSBB mulozimlariga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahridagi deyarli barcha oilaviy poliklinikalarda «SS-LAB» kompaniyasiga tegishli laboratoriyalar aholiga pulli xizmat ko‘rsatib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz surishtiruvi davomida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlari ushbu xususiy korxona ta’sischilari ekani aniqlandi.

Foto: Boston Globe/ Boston Globe via Getty Images

«SS-LAB» klinikasi kimga tegishli?

«SS-LAB» tibbiy-diagnostika laboratoriyasi 2018 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda o‘ziga xos laboratoriyalar tarmog‘iga aylangan ushbu kompaniya Toshkentning barcha tumanlarida 50dan ortiq biomateriallardan namuna olish punktlariga ega. Klinika 500dan ortiq turdagi tahlil, laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Xizmatlar pulli.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Botirbek Isabekov, Anvar Rahimov va Ulug‘bek Egamberdiyev «SS-LAB – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi» MChJ ta’sischilari hisoblanadi. 2019 yil iyunidan 2020 yil avgust oyigacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan Botirbek Isabekov xususiy klinika ustav fondidagi ulushning 33,40 foiziga egalik qiladi. U ayni paytda shahar SSBBda boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.

Ta’sischilarning yana biri Ulug‘bek Egamberdiyev bugungi kunda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, boshqa bir muassis – Anvar Rahimov ham ilgari mazkur boshqarmada faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi. Botirbek Isabekovning Kun.uz’ga bildirishicha, Rahimov hozir sog‘liqni saqlash tizimining boshqa yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

«SS-LAB» laboratoriyalarining oilaviy poliklinikalardagi faoliyati qonuniymi?

Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaro Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinikaga borgani, uni ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor to‘g‘ri tashxis qo‘yishi uchun turli tahlillar kerak bo‘lishini aytib, uni poliklinika laboratoriyasiga yo‘naltirganini ma’lum qiladi. Eng qizig‘i, laboratoriyadagilar shifokor yozib bergan qon va boshqa tahlillarning ayrimlari bepul, ayrimlari esa pulli ekanini, bepullari uchun namuna olib qolishlarini, pullilarini esa qo‘shni xonada to‘lov asosida topshirishi mumkinligini aytishadi.

Shundan so‘ng fuqaro to‘rt turdagi tahlillarni mazkur poliklinika binosida joylashgan «SS-LAB» laboratoriyasida topshirgani, buning uchun esa, albatta, preyskurant bo‘yicha pul to‘laganini aytadi.

Shu o‘rinda davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasasida xususiy diagnostika laboratoriyasining faoliyati qanchalik qonuniy ekani, qolaversa, aholiga ko‘rsatilayotgan pulli xizmatlar amaldagi qonun hujjatlariga qanchalik muvofiq ekani, bundan tashqari poytaxtdagi deyarli barcha poliklinikalarda tizim mansabdor shaxslariga tegishli bo‘lgan kompaniya o‘z xizmatlarini taklif qilayotgani ko‘plab savollarni tug‘dirishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida»gi qonunida davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan aholiga kafolatlangan tibbiy va boshqa turdagi yordam bepul ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan. Bepul tibbiy yordam ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalari ro‘yxati 1998 yil 10 noyabrdagi prezident farmonining 2-ilovasida keltirilgan. Ushbu ro‘yxatdan ambulatoriya poliklinika muassasalari ham o‘rin olgan.

Yuqoridagi farmon bilan tasdiqlangan Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. To‘g‘ri, bu ro‘yxatda qon va boshqa turdagi biomateriallarning diagnostika-tahlillari yo‘q. Biroq Toshkent shahridagi oilaviy poliklinikalarda shu turdagi xizmatlar bepul ko‘rsatilayotgani diagnostika-tahlillari kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar sirasiga kirishini anglatadi, nazarimizda.

Adliya vazirligining eslatishicha, tuman va shahar oilaviy poliklinikalari, ko‘p tarmoqli tuman va shahar poliklinikalari davlat budjeti asosida aholiga bepul xizmat ko‘rsatishi kerak. Shunga ko‘ra, oilaviy poliklinikalarda ayrim tahlillar uchun namunalar xususiy laboratoriya tomonidan olinayotgani va ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov undirilayotgani qator savollarni keltirib chiqaradi.

Manfaatlar to‘qnashuvi nima bo‘ladi?

Botirbek Isabekov hozirgi vaqtda Toshkent shahridagi ko‘plab poliklinikalarda aholiga pulli xizmat ko‘rsatib kelayotgan «SS-LAB» laboratoriyalarining faoliyati qonuniy ekani, ushbu laboratoriyalar va oilaviy poliklinikalar o‘rtasida ijara shartnomalari imzolanganini aytib o‘tdi.

«Bu narsa odamlarga qulaylik yaratish maqsadida qilingan. Chunki poliklinikalarda o‘zining standartidan boshqa tahlillar yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligining 517-sonli buyrug‘ida asosan, poliklinika qilishi kerak bo‘lgan tahlillar bor. Vazirlik belgilab berganidan tashqarilari klinikalarda qilinadi», – deydi mutasaddi.

2017 yil 6 iyundagi prezident qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahridagi oilaviy poliklinika to‘g‘risidagi namunaviy nizomda malakali mutaxassislarni jalb etgan holda klinik, biokimyoviy laboratoriya va instrumental tadqiqotlar o‘tkazib kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning surunkali kasalliklarga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik poliklinikaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Demak, «odamlarga qulaylik yaratish maqsadida ayrim tahlillarning xususiy firmaga berilishi»ni prezident qarorida belgilanganidek, oilaviy poliklinikalarning zimmasidagi vazifasini bajarishga urinishi, deb hisoblaydigan taqdirimizda ham buning xarajati aholining zimmasiga tushishi hech bir hujjatda belgilanganman.

Keling, bu ishlarning hammasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lgan, deb tasavvur qilamiz. Biroq shunda ham, davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlarni joriy etish bo‘yicha mavjud tartib-qoidalarga amal qilinganmi? Masalan, buning uchun tender tanlovi o‘tkazilishi, ishtirokchilarga teng imkoniyat va sharoitlar yaratilishi, tanlovda eng yaxshi taklif egasi qonun hujjatlari asosida tanlab olinishi talab etiladi. Xo‘sh, bu borada taraflar qonun talablariga qanchalik amal qilishgan? O‘zlariga tegishli firmaning laboratoriyalari uchun hech qanday tendersiz joy ajratgan oilaviy poliklinikalarning mutasaddilariga Toshkent shahar SSBB mulozimlari mansab vakolatidan foydalanib ta’sir o‘tkazishmaganmikin?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov Kun.uz’ga «SS-LAB – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi» MChJ o‘z laboratoriyalari uchun ayrim joylarni davlatdan ijaraga olgani, ayrimlarini esa auksion orqali ijaraga olganini, lekin bu haqdagi ma’lumotlar shartnomaviy munosabatlarga ko‘ra, tomonlarning roziligi bilan uchinchi shaxsga taqdim etilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«SS-LAB – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi» MChJ ta’sischilari poytaxtdagi deyarli barcha oilaviy poliklinikalarda faoliyat olib borayotgan «SS-LAB» laboratoriyalari «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan o‘tkazilgan elektron-onlayn auksion asosida davlat mulkini ijaraga olishganini ta’kidlashgan.

Biroq, Toshkent shahridagi oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan «SS-LAB» laboratoriyalari ta’sischilarining sog‘liqni saqlash tizimidagi mas’ul lavozimlar egasi ekani bu kelishuvlarning manfaatlar to‘qnashuvisiz kechgani, xizmat vakolatlari suiiste’mol qilinmaganini shubhaga qo‘yadi. Bu bilan kimnidir yomonotliq qilish niyatimiz yo‘q, shunchaki, surishtiruvlarimiz davomida tug‘ilgan savollar va dalillarnigina o‘rtaga tashladik, xolos. O‘ylaymizki, davlat idoralari mansabdor shaxslarining manfaatlari kesishadigan bu kabi nuqtalarga tegishli idoralar ham nigoh tashlab qo‘yadilar.

Jamshid Niyozov,
Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid