Jahon | 20:22 / 19.09.2025
13589
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada qullikda ushlab turilgan o‘zbekistonliklar ozod qilindi

O‘zbekistonning 13 nafar fuqarosi Kiyev viloyatida qullikda saqlangan: mehnatga majburlanib, harakat erkinligi cheklangan. Noqonuniy ekspluatatsiya sxemasini tashkil qilganlar qo‘lga olingani ta’kidlanmoqda.

Ukrainaning Kiyev viloyatida o‘zbekistonlik «qullar» saqlanayotgan joy topildi. Sxemaning 4 nafar tashkilotchisi sud qilinadi, deb xabar berdi Kiyev viloyati prokuraturasiga tayanib TSN.

Qayd etilishicha, Kiyev yaqinida Xitoyning ikki fuqarosi, O‘zbekiston fuqarosi va ukrainalik ayol odamlarni noqonuniy ekspluatatsiya qilish sxemasini tashkil qilgan. Ular qo‘lga olingan.

Ehtimoliy qurbonlar chet elda qidirilgan va Ukrainaga olib ketilgan. Bu yerda ularni foyda olish maqsadida majburiy mehnat kutardi. Lekin pulni, albatta, ishchilar emas, ularning «xo‘jayinlari» olgan.

«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar uy-joy, ish va og‘ir moddiy sharoitlar yo‘qligi sababli og‘ir ahvolda qolgan shaxslarni majburlash va aldash yo‘li bilan qullikka jalb qilgan», deyiladi xabarda.

Qullar nazoratda saqlangan, ishga majbur qilingan va harakat erkinligi cheklangan.

«Odamlar haddan tashqari kamsitilgan: hatto hojatxonaga borishga ham faqat belgilangan jadval bo‘yicha ruxsat berilgan, arzimagan qoidabuzarlik uchun jarima solingan», deyiladi xabarda.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyatchilarning yashash joyi va xo‘jalik obektlarini topdi. Xususan, u yerda 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan xonalar aniqlandi. Voqea joyidan hujjatlar, pul va transport vositalari topildi.

Qo‘lga olinganlarning 4 nafari o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinmoqda, ularga nisbatan ehtiyot chorasi ko‘rish masalasi hal etilmoqda.

Mavzuga oid