Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Inter» – chempion, «Real» «Barsa»ga toj kiydirishni kechiktirdi. Kun o‘yinlari
«MYu» «Liverpul»ni mag‘lub etib, muddatidan oldin uchinchi o‘rin va YeChL yo‘llanmasini kafolatladi.
Foto: Getty images
Angliya: «MYu» uchinchi o‘rinni naqd qildi, «shporlar» ligada qolmoqchi
«MYu» – «Liverpul» 3:2
Gollar: Kunya, 6 (1:0). Sheshko, 14 (2:0). Soboslai, 47 (2:1). Gakpo, 56 (2:2). Maynu, 77 (3:2)
«MYu»: Lammens, Maguayr, Heven, Shou, Dalot, Kazemiro, Maynu, Brunu Fernandesh (Yoro, 90+6), Kunya (Zirkze, 87), Mbemo (Dorgu, 75), Sheshko (Diallo, 46)
«Liverpul»: Vudman, van Deyk, Konate (Kiyeza, 87), Roberson (Kerkez, 59), Jons, Makallister, Gravenberh, Gakpo, Frimpong (Ngumoha, 75), Virs, Soboslai
Ogohlantirishlar: Shou, 49. Brunu Fernandesh, 81 – Jons, 75. Gakpo, 85
Bu o‘yinga «Manchester Yunayted» YeChL yo‘llanmasini rasmiylashtirish uchun tushdi va buni uddaladi. Raqibning holatidan kelib chiqqan holda bu qiyin ish emasdi. Mersisaydliklar ustozi Arne Slot bu o‘yinda jarohat tufayli Isak, Ekitike va Saloh kabi yetakchilaridan foydalana olmasdi, natijada hujum markazida Gakpo, o‘ng qanot vingeri pozitsiyasida asli himoyachi bo‘lgan Frimpong tushirildi.
O‘yinning oltinchi daqiqasidayoq mezbonlar favorit maqomini tasdiqlashdi. Robersonning burchak zarbasidan keyin to‘p jarima maydonidan uzoqlashtirildi va Kunya zarba berish nuqtasiga chiqib borib, kuchli zarba yo‘lladi. Uning birinchi zarbasi bloklandi, ammo takroriy zarbadan so‘ng to‘p rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushdi.
Va bir necha daqiqa o‘tib «Yunayted» ikkinchi golni urdi. Brunu bosh bilan to‘pni darvozabon hududi turgan Sheshkoga yetkazdi, hujumchi esa imkoniyatdan foydalandi. Ammo mehmonlar darvozaboni zarbadan oldin qo‘llari uchi bilan to‘pga teginish orqali portugaliyalik yarimhimoyachini navbatdagi assistdan mahrum qildi.
Biroz o‘tib Brunu mezbonlarning uchinchi golini urishga yaqin kelgandi, ammo uning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. «MYu» birinchi bo‘limda to‘pni raqibga topshirdi (38 ga 62 foiz), ammo qarshi hujumlarda vaziyatlarga ega bo‘ldi.
Tanaffusda «MYu» Sheshkoni almashtirishga majbur bo‘ldi (katta ehtimol bilan, slovakiyalik hujumchi kichik jarohat olgan), uning o‘rniga tushgan Amad esa ikkinchi bo‘lim boshidayoq maydon markazida to‘p yo‘qotdi. Soboslai esa to‘pni mezbonlar jarima maydoniga qadar olib bordi va olis burchakni aniq nishonga oldi.
Ko‘p o‘tmay endi darvozabon Lammens ham xatoga yo‘l qo‘ydi. U to‘pni uzoqlashtirishda noaniq harakat qildi. Raqib jarima maydonida to‘pga ega chiqqan mehmonlar esa bundan foydalanishdi.

Soboslaidan uzatma qabul qilib olgan Gakpo amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. «MYu» futbolchilaridan ikkita qo‘pol xato – va hisob tenglashdi. Shu bilan birga, bu zarbalar mezbonlarning o‘yiniga ta’sir qilmadi. Brunu assistlar bo‘yicha rekordni shu o‘yinda o‘rnatishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘limda uning uzatmalaridan keyin Mbemoning zarbasi ustunga bordi, Kazemiro esa to‘pni darvozabonning qo‘liga tashlab berdi.
Bunday vaziyatda g‘alaba golini istalgan jamoa urib ketishi mumkin edi. Qaysidir pallada Lammens yaqin masofadan yo‘llagan zarbani to‘sib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Ammo yakunda mezbonlar o‘z maqsadiga erishishdi. Mak Allister to‘pni uzoqlashtira olmadi va hujumni ikkinchi tempda davom ettirgan Maynu jarima maydoniga yaqinlashib bordi va burchakni aniq nishonga oldi. «Liverpul» posboni o‘rnidan qimirlashga ulgurmadi – 3:2.
Bu g‘alaba «MYu»ga oltinchi o‘rin bilan oradagi farqni 12 ochkoga yetkazish imkonini berdi. Shu tariqa, jamoa 2026/2027 yillar mavsumida YeChLda qatnashishini kafolatladi. «Liverpul»da ham YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyat yomon emas, jamoa «Aston Villa» bilan to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.
«Bornmut» – «Kristal Pelas» 3:0
Gollar: Lerma, 10 – avtogol (1:0). Krupi, 32 – penalti (2:0). Rayan, 77 (3:0)
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Hill, Tryuffer, Ximenes, Skott, Adams (Kristi, 69), Krupi (Bruks, 70), Taverne (Douk, 86), Rayan (Adli, 86), Evanilson (Yunus Unal, 80)
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Riad (Richards, 76), Kanvo, Lerma, Kamada (Mitchell, 46), Devenni, Munyos (Uorton, 46), Pino (Sarr, 46), Jonson, Strann Larsen (Mateta, 65)
Ogohlantirishlar: Kanvo, 6. Lakrua, 38
«Bornmut» yevrokuboklar uchun kurashni davom ettirmoqda va oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘z navbatida, hozirda asosiy e’tiborini Konferensiyalar ligasiga qaratgan «Kristal Pelas» juda alamli gollarni o‘tkazib yuborishdi. Avvaliga burchak zarbasi ijro etilganida Lerma to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga to‘g‘rilab yubordi. Keyin esa darvozabon Henderson to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Senesiga fol ishlatdi. Belgilangan penaltini esa Krupi benuqson iero etib, amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Ikkinchi bo‘lim oxirlarida Rayan hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
«Aston Villa» – «Tottenhem» 1:2
Gollar: Gallaher, 12 (0:1). Risharlison, 25 (0:2). Buendiya, 90+6 (1:2)
«Aston Villa»: Martines, Lindelyof, Mings, Matsen, Kesh, Tilemans, Bogard, Barkli (Buendiya, 85), Rodjyers, Sancho (Beyli, 85), Abraham (Uotkins, 60)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udoji, Porro, Palinya, Bentankur (Bissuma, 66), Gallaher, Tel (Bergvall, 90+1), Kolo Muani (Spens, 67), Risharlison (Sarr, 90+1)
Ogohlantirishlar: Barkli, 51. Rodjyers, 77 – Kolo Muani, 27. Bentankur, 45. Tel, 73. Danso, 81. Gallaher, 90
O‘tgan uikendda «Tottenhem» yil boshidan buyon ilk g‘alabasiga erishgandi, bu turda esa «Vest Hem»ning shanba kungi mag‘lubiyati tufayli londonliklarda xavfli zonadan chiqib olish imkoniyati yuzaga kelgandi. Birminghemdagi safar o‘yinida g‘alaba qozonish oson emasdi. Ammo hozirda «Aston Villa» asosiy e’tiborini Yevropa Ligasiga qaratgani va Unai Emeri qator yetakchilarga dam berishga qaror qilgani «shporlar»ga qo‘l keldi.
Mehmonlar o‘yinni katta ishtiyoq bilan boshlashdi va 12-daqiqadayoq Gallaher hisobni ochdi. Biroz o‘tib Joau Palinyaning zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Bo‘lim o‘rtalarida esa Risharlison hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Buendiyaning javob goli juda kech urildi va londonliklar g‘alabani saqlab qolib, 17-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Endi Roberto De Dzerbi keyingi turda turnirda motivatsiyasi qolmagan «Lids»ni qabul qiladi, «Vest Hem»ni esa «Arsenal»ga qarshi derbi kutmoqda. Shunday ekan, «shporlar»da ligada qolish imkoniyati «bolg‘achilar»nikiga qaraganda yaxshiroq.

Ispaniya: Vinisiusning ikki shedevri
«Espanyol» – «Real» 0:2
Gollar: Vinisius Junior, 55 (0:1). Vinisius Junior, 66 (0:2)
«Espanyol»: Dmitrovich, Kalero, Kabrera, Romero, Al Hiloliy, Gonsales de Sarate, Eksposito (Pikel, 61), Terrats (Karreras, 73), Dolan (Pere Milya, 73), Sanches (Roka, 61), Fernandes (Kike Garsiya, 73)
«Real»: Lunin, Ryudiger, Hausen, Mendi (F. Garsiya, 14), Aleksandr-Arnold, Tshuameni (Kamavinga, 83), Pitarch (Mastantuono, 53), Bellinghem, Dias (G. Garsiya, 53), Valverde, Vinisius Junior (Palasios, 84)
Ogohlantirishlar: Al Hiloliy, 26. Eksposito, 45. Gonsales de Sarate, 85 – Dias, 22. Vinisius Junior, 23. Aleksandr-Arnold, 50. G. Garsiya, 75
Kataloniyadagi o‘yindan oldin turnir jadvalidagi vaziyat oddiy edi: «Real» ochko yo‘qotishi «Barselona»ni mavsum yakuniga to‘rt tur qolganida chempionga aylantirardi. Natijada 10 mayga belgilangan klasiko arafasida butun Ispaniya bir mavzuni muhokama qilgan bo‘lardi: madridliklar «Kamp Nou»da chempionlik yo‘lagi tashkil etadimi?
Mbappening navbatdagi jarohati tufayli madridliklar amalda markaziy hujumchisiz o‘ynamoqda. Bu esa tabiiyki jamoaning hujumkorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda va birinchi bo‘limdagi eng yodda qolarli vaziyat golli vaziyat emas, Mendining jarohati bo‘ldi. Deyarli butun mavsumni jarohatini davolash yoki formasini tiklash bilan o‘tkazib yuborgan fransiyalik himoyachi 14-daqiqada o‘z o‘rnini Fran Garsiyaga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.

Tanaffusdan keyin esa «Real» nihoyat gol urdi. Vinisius Gonsalo Garsiya bilan devor uslubida harakat qilib, kerakli vaqtda pauza olish orqali ikki himoyachini dog‘da qoldirdi va to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Braziliyalik hujumchining ikkinchi goli ham chiroyli chiqdi – Bellinghem unga tovoni orqali golli pas berdi. Bu dubldan keyin Vini «Real» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 14-o‘ringa (126 gol) ko‘tarilib oldi. U yana bir aniq zarba evaziga Fernando Yyerroning natijasini takrorlashi mumkin. Eng muhimi jamoa kataloniyaliklarning chempionligini ortga surdi va klasiko arafasida azaliy raqibiga chempionlik yo‘lagi tashkil etishiga hojat qolmadi.

Italiya: «Inter» muddatidan oldin chempion
«Inter» – «Parma» 2:0
Gollar: Tyuram, 45+1 (1:0). Mxitaryan, 80 (2:0)
«Inter»: Zommer, Akanji, Bastoni (Karlos Augustu, 67), Bissek, Zelinski (Mxitaryan, 67), Suchich, Barella (Frattezi, 89), Dimarko, Dyumfris, Tyuram (Martines, 67), Espozito (Bonni, 46)
«Parma»: Sudzuki, Troilo, Ndiay, Chirkati, Bernabe (Almkvist, 75), Keyta (Ordones, 67), Nikolussi Kavilya, Valeri (Karboni, 85), Del Prato, Strefetssa (Serensen, 75), Pellegrino (Elfege, 67)
Ogohlantirish: Zelinski, 64
Italiyada YeChL uchun kurash qizimoqda, skudetto g‘olibligi masalasi esa yopildi. Amalda «Inter» bu mavsumda chempion bo‘lishiga anchadan buyon deyarli hech kimda shubha qolmagandi, 21-titulni rasmiylashtirish uchun milanliklar bu turda uyda «Parma»ga yutqazmasligi kifoya edi. Ammo Kristian Kivu chempionlikni chiroyli tarzda rasmiylashtirish uchun maydonga tushdi. Mehmonlar bunga ancha vaqt qarshilik ko‘rsatishdi, vaziyatlardan birida darvozabon Sudzuki to‘sindan tushgan to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Ammo birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Tyuram yaponiyalik darvozabonga hech qanday imkon qoldirmadi.
Ikkinchi bo‘limda muxlislar uzoq vaqtdan buyon jarohatda bo‘lgan Lautaro Martinesni qarshi olishdi. U qaytishini gol bilan nishonlashga yaqin edi, lekin uning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi. Keyin esa Dyumfris u tomonidan yaratilgan golli vaziyatdan foydalana olmadi. Nihoyat Mxitaryan argentinalik hujumchining pasini golga aylantirib, o‘yin taqdirini uzil-kesil hal qildi – 2:0.
Bu g‘alabadan so‘ng, bosh murabbiy Kristian Kivu shogirdlari musobaqa yakuniga 3 tur qolganida 82 ochko to‘pladi, eng yaqin ta’qibchi «Napoli» hisobida 70 ochko bor.
Shu tariqa, «Inter» ikki mavsumdan so‘ng chempionlik unvonini qaytarib oldi. Milanliklar oxirgi marta 2023/24 yillar mavsumda g‘olib bo‘lgan edi.
2025 yil iyun oyida «Inter» bosh murabbiyi bo‘lgan ruminiyalik mutaxassis Kristian Kivu murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. U Joze Mourinioodan keyin (2008/09 va 2009/10 yilgi mavsumlar) A Seriyada g‘alaba qozongan birinchi xorijlik murabbiy bo‘ldi. O‘sha yillarda Kivuning o‘zi portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida «Inter» himoyasida o‘ynagan. Shundan beri Italiya chempionatida faqat italiyalik murabbiylar g‘alaba qozongan edi: Massimiliano Allegri, Antonio Konte, Mauritsio Sarri, Stefano Pioli, Luchano Spalletti va Simone Inzagi.
Italiyada skudettolar soni bo‘yicha «Inter» ikkinchi o‘rinda turadi: 21 ta titul. Rekordchi – «Yuventus» (36 ta sovrin). «Milan»da – 19 ta.
Kivu jamoasida mavsumni oltin dubl bilan yakunlash uchun ajoyib imkoniyat bor. 13 may kuni «neradzurrilar» Italiya kubogi finalida «Latsio» bilan o‘ynaydi.

Mavzuga oid
21:10
«Real» muxlislari Mbappening ketishi uchun deyarli 1,5 mln imzo to‘pladi
12:07 / 30.04.2026
«Arsenal» Madriddan durang bilan qaytdi
14:07 / 29.04.2026
Finaldan oldingi final. «PSJ» va «Bavariya» tarixiy o‘yin o‘tkazdi
12:33 / 26.04.2026