Iqtisodiyot | 18:30 / 11.06.2021
11202
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yil uchun davlat budjeti xarajatlari 12,6 trln so‘mga oshiriladi

Budjetdan qilinayotgan qo‘shimcha xarajatlar yo‘l qurilishi, ichimlik suvi va ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltiriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2021 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda palata axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishcha, hujjatda joriy yil uchun tasdiqlangan budjet xarajatlari miqdori qo‘shimcha 12,6 trillion so‘mga oshirilishi belgilandi.

Deputat Abdug‘ani Umirovning aytishicha, mazkur mablag‘lar bir necha sohalarga yo‘naltirmoqda.

«Budjet masalasi bo‘yicha katta o‘zgarishlarni qabul qildik. Deputatlar bir ovozdan ma'qullashdiki, qo‘shimcha qilinayotgan xarajatlar yo‘l, ichimlik suvi va ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Misol uchun, «El-yurt umidi» jag‘armasiga 2021 yil uchun tasdiqlangan budjetda 82 nafar iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishni nazarda tutgan bo‘lsak, hozirgi o‘zgarish bilan buni 5 baravarga oshirdik va 350taga ko‘paytirdik. Shuning hisobiga budjetdan 80 milliard so‘m qo‘shimcha xarajat qilinishi belgilab olindi.

Shuningdek, 3,2 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘lar ichimlik suvi va yo‘l muammolari xarajatlariga sarflash uchun tasdiqlandi. «Obod mahalla» va «Obod qishloq» dasturlariga 1,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ xarajat qilinishi tasdiqlab berildi», dedi deputat.

Avvalroq, qonun bilan 2021 yil uchun davlat budjeti daromadlari 147,2 trillion so‘mni, xarajatlari esa 149,9 trillion so‘mni tashkil etishi belgilangan edi.

Mavzuga oid