Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
ToshMI talabalari Rossiyadagi «xavfli hududga jo‘natmaslik»ni so‘rab murojaat qildi. Universitet raddiya berdi
Toshkent davlat tibbiyot universitetining bir guruh talabalari Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga o‘qishga yuborilayotganidan norozilik bildirib, videomurojaat qilishdi. Ular buni mazkur hudud ayni paytda Ukraina dronlari hujumiga uchrayotgani bilan izohlashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari majburiy tarzda Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga – Ukraina zarbalari ostida qolayotgan hududga yuborilayotgani haqidagi video tarqaldi.
Shu kunlarda u yerda dronlar hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lib, bir necha kishi jarohatlangandi. Talabalar avvalgi rektor o‘qishni Qozog‘istonga ko‘chirishga va’da bergani, ammo yangi rektor Shuhrat Boymurodov bu qarorni bekor qilganini aytishgan. Go‘yoki, ularga «Yoki Rossiyaga borasiz, yoki akademik ta’tilga chiqasiz» degan shart qo‘yilgan. O‘qishni ko‘chirish muddati tugagani sababli boshqa imkoniyat qolmaganini aytgan talabalar 5-bosqichni O‘zbekiston hududida yakunlashga imkon berishni so‘rashgan.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti matbuot xizmati esa o‘z bayonotida bunday xabarni «asossiz va noto‘g‘ri» deb baholadi. Ma’lum qilinishicha, ushbu talabalar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi doirasida Rossiyaning Nijniy Novgorod shahridagi Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida o‘qishni davom ettirish uchun kelishilgan shartnoma asosida jo‘natilmoqda. Bu dastur 2021 yildan buyon amal qilayotgan bo‘lib, 400 dan ortiq o‘zbek talabalari shu universitetda tahsil olmoqda. Bayonotda «majburiy jo‘natish» va «harbiy hudud» haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri va asossizligi ta’kidlangan.
«Dastur ishtirokchilarining asosiy qismi PIMUda ta’limni davom ettirish istagini bildirib, ulardan aksariyati jo‘nab ketishga tayyor ekanini bildirdi. Faqat ayrim talabalar shartnoma shartlarini buzgan va ataylab yolg‘on ma’lumotlarga tayangan holda Toshkentda qolishga harakat qilmoqda.
Mazkur yolg‘on axborotni tarqatayotgan shaxslar ataylab faktlarni buzgan, jamoatchilikni chalg‘itgan hamda universitet rahbariyati va jamoasini obro‘sizlantirishga uringan. Bunday harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Mavzuga oid
09:07 / 12.12.2025
Talabalar uchun poyezd chiptalariga ham 50 foiz chegirma e’lon qilindi
11:28 / 24.11.2025
Trampning ilm-fanga qarshi urushi: cheklovlar xorijlik talabalarning AQShga kelishiga qanchalik ta’sir qildi?
10:23 / 07.11.2025
Akademik almashinuv: Bangladeshga boruvchi o‘zbek talabalari soni oshadi
19:29 / 22.09.2025