Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘qonda “dom” portladi, ilk pulli yo‘l qurilishi boshlandi, Wolt ketdi – mahalliy dayjest
Xorazm viloyatida O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi, Jarqo‘rg‘on tumanida bankomatlarga ajratilgan pul mablag‘lari bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlandi. Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi
Xorazm viloyatida O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi: yangi trassa Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydi. 35 kilometrlik pulli magistral hozir mavjud 34 km uzunlikdagi yo‘lga muqobil bo‘ladi.
Loyihaning umumiy qiymati 120 mln dollar. Pulli yo‘l 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi va sutkasiga 20 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi. Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi barpo etiladi.
Bu loyiha bilan bir vaqtda, Urganch xalqaro aeroportidan Xiva shahriga qatnaydigan poyezd uchun elektrlashtirilgan temiryo‘l ham qurilyapti. 10 km 850 metr uzunlikdagi temiryo‘l loyihasining umumiy qiymati 18 mln dollardan ortiq.
Bank xodimlari bankomatlarga ajratilgan mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida bankomatlarga ajratilgan pul mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, tijorat bankining bank xizmatlari markazi xodimlari jami 395,3 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan bo‘lishi mumkin.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda hududiy tijorat banki bank xizmatlari markazi sobiq shu’ba mudiri T.S. o‘ziga biriktirilgan bankomatlarga ajratilgan 262,5 mln so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Shuningdek, mazkur markazning nazoratchi kassiri S.N. ham bankomatlarga ajratilgan mablag‘lardan 132,8 mln so‘mni o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj etganlikda gumon qilinmoqda.
Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi
Wolt yetkazib berish xizmati 1,5 yillik faoliyatdan so‘ng O‘zbekiston bozorini tark etadi. Servis 4 martgacha odatdagi tartibda ishlaydi. Kompaniya qarorni «O‘zbekiston bozorining o‘ziga xosligi va o‘zining standartlariga mos servis darajasini barqaror ta’minlay olmasligi» bilan izohladi.
Kompaniya bu qarorni qabul qilish oson kechmagani, lekin investitsiyalarni uzoq muddatli va barqaror biznes qurish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga qaratish maqsadida strategiya qayta ko‘rib chiqilganini qayd etgan. Kompaniya O‘zbekistondan tashqari Qatar, Singapur va Yaponiya bozorini ham tark etmoqda.
Wolt – 2014 yilda Finlandiyada tashkil etilgan yetkazib berish xizmati bo‘lib, hozirda 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
Farg‘ona bog‘chalaridagi zaharlanish: ta’minotchi korxona hokimlik imtiyozidan foydalangan
Farg‘ona viloyatida bolalar ommaviy zaharlangan bog‘chalarga oziq-ovqat «Garden Catering Trade» MChJ tomonidan yetkazib berilgan. Viloyat hokimligi mazkur ta’minot korxonasini davlat xaridlari talablariga zid ravishda tanlagan. Hokimlik bu haqdagi ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirgan va tanlov jarayonlarida ushbu tashkilotga imtiyoz berib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 fevral kuni Farg‘ona shahridagi 2-, 58- va 61-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jami 62 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilingandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi
Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahrida ko‘p kvartirali uyda gaz portlashi oqibatida yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, 25 fevral kuni soat 14:47 da FVBga «Bo‘ston» MFYda joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lib, uning oqibatida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shunga asosan, qutqaruv bo‘linmalari aytilgan manzilga yetib borgan. Hozirda yong‘inni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda. Vaziyat nazoratga olingani bildirildi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.
Mavzuga oid
20:26 / 03.04.2026
Farg‘onada mudhish qotillik, O‘shga aviaqatnov va xodimga berilgan zarba – mahalliy dayjest
20:09 / 02.04.2026
Gulistonda odamlar evakuatsiyasi va tibbiyotchilarga 5 kunlik ish haftasi – mahalliy dayjest
19:51 / 01.04.2026
«Aliment»chilarga yangi cheklovlar, «texpasport»ga 5 yillik muddat va poyezd kechiksa kompensatsiya – mahalliy dayjest
22:07 / 31.03.2026