Jahon | 15:21 / 28.03.2026
5422
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada yaralangan AQSh harbiylari, Putinning oligarxlar bilan yopiq uchrashuvi va FQB direktoriga hakerlar hujumi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Isroil Eron bilan zarbalar almashdi

AQSh va Isroil Eronning eng yirik va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ikkita yirik po‘lat ishlab chiqarish zavodini nishonga oldi. Eronning yarim rasmiy Fars agentligi xabar berishicha, voqea joyiga favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari yetib kelgan. Hodisa tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq ochiqlanadi.

Isfahon viloyati hokimi Mehdi Jamalinejad hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va 15 kishi jarohatlanganini bildirdi.

Shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkiloti Busher atom elektr stansiyasiga noma’lum snaryad kelib tushganini bildirdi. Tashkilotga ko‘ra, bu inshootga qilingan uchinchi hujum, biroq qurbonlar yoki jiddiy zarar haqida xabar berilmadi.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi qo‘shma hujum boshlaganidan beri mintaqaviy keskinlik tinmayapti. O‘shanda boshlangan amaliyotlar natijasida Eronning o‘zida 1300 dan ortiq inson halok bo‘ldi.

Tehron bunga javoban Isroil, Iordaniya, Iroq va AQSh harbiy obektlari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga qarshi ketma-ket dron va raketa zarbalarini yo‘llamoqda.

Xususan, 27 mart kuni Eronning Saudiya Arabistonidagi Prince Sultan aviabazasiga bergan raketa zarbasi natijasida 10 nafar amerikalik harbiy yaralangan, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda. Shuningdek, AQShning bir nechta yonilg‘i quyish samolyotlariga zarar yetgan. Ushbu hujumda Eronning dronlari ham qatnashgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron bilan to‘rt haftalik urush davomida 300 nafardan ortiq AQSh harbiylari jarohatlangan.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio urush yana «ikki haftadan to‘rt haftagacha» davom etishi mumkinligini va urushdan keyingi asosiy muammo — Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalarga boj (to‘lov) joriy etishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lishini aytdi. U bunday harakatni «noqonuniy» va «dunyo uchun xavfli» deb tavsifladi.

Putindan biznes uchun «urush solig‘i»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning yirik tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan yopiq uchrashuvda budjetga ixtiyoriy badallar kiritishni taklif qilmagan, biroq ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Avvalroq «The Bell» nashri Putin yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazganini yozgandi. Manbalarga ko‘ra, Putin urushda Donetsk viloyatining ma’muriy chegaralariga chiqish rejalari haqida gapirgan. So‘ngra budjetga ixtiyoriy badallar kiritishni taklif qilgan.

Kreml so‘zchisiga ko‘ra, bunday taklif «Rosneft» boshqaruvi raisi Igor Sechin tomonidan bildirilgan. Shuningdek, uchrashuvda urush uchun mablag‘ ajratish masalasi muhokama qilingani haqidagi G‘arb OAVlari ma’lumotlari rad etildi.

«Uchrashuv ishtirokchilaridan biri haqiqatan ham davlat uchun ma’lum bir yirik, juda yirik miqdordagi mablag‘ni ajratishni zarur deb hisoblashini va bu uning oilaviy qarori ekanini aytdi», dedi Peskov.

Uning aytishicha, ko‘pchilik oligarxlar bunday badallarni kiritishni o‘z burchi deb hisoblaydi. Peskov shuningdek, Putin «bunday tashabbusni olqishlaganini» qayd etdi. Ta’kidlanishicha, mablag‘ jalb qilish mexanizmi sifatida harbiy obligatsiyalarni joylashtirish taklifi ham bor.

Nepal sobiq bosh vaziri hibsga olindi

Nepalning sobiq bosh vaziri Sharma Oli 2025 yilda bo‘lib o‘tgan, «Z avlodi namoyishlari»ni shafqatsiz bostirishga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olindi. Sobiq bosh vazir bilan birga mamlakatning sobiq ichki ishlar vaziri Ramesh Lexak ham hibsga olingan.

«Ular bugun ertalab hibsga olindi va jarayon qonunga muvofiq davom etadi», dedi politsiya vakili.

Nepalda o‘tgan yili sentabr oyida ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiq ortidan namoyishlar boshlangan va korrupsiya hamda og‘ir iqtisodiy sharoitda kuchayib borgandi. Tartibsizliklar chog‘ida 70 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Bundan bir kun oldin mamlakatning yangi bosh vaziri — 35 yoshli repper Balen Shoh qasamyod qildi.

Hakerlar FQB direktoriga hujum qildi

27 mart kuni hakerlar va Federal qidiruv byurosi bergan ma’lumotga ko‘ra, hakerlar FQB direktori Kash Patelning shaxsiy elektron pochta qutisini buzib kirib, direktorning fotosuratlari va boshqa hujjatlarini internetga joylashtirgan.

«Handala Hack Team» hakerlar guruhi o‘z saytida Patel endi «muvaffaqiyatli buzib kirilgan qurbonlar ro‘yxatidan o‘rin olishini» ma’lum qildi. Hakerlar Patelning sigara hidlayotgani va chekayotgani, antiqa kabrioletda ketayotgani hamda ko‘zgu oldida spirtli ichimlik bilan selfi tushayotgan qator shaxsiy fotosuratlarini e’lon qildi.

FQB Patelning elektron pochtasi nishonga olinganini tasdiqladi. Byuro vakili Ben Uilyamson o‘z bayonotida: «Biz ushbu harakat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatarlarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rdik», degan.

Reuters nashri hakerlar e’lon qilgan 300 dan ortiq elektron xat namunalarini ko‘zdan kechirdi, ular 2010 va 2019 yillar oralig‘idagi shaxsiy va ishga oid yozishmalar aralashmasidan iborat.

G‘arb tadqiqotchilari Handala guruhini Eron hukumati kiber-razvedka bo‘linmalari foydalanadigan bir necha «niqob»lardan biri deb hisoblaydi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid