O‘zbekiston | 16:22 / 29.03.2021
26094
3 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi kvartirada vafot etgan besh talaba is gazidan zaharlangan - Ekspertiza xulosasi

Toshkentda ijarada yashab kelgan uyidan jasadi topilgan besh nafar talaba, sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, is gazidan zaharlangan.

27 fevral kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi xonadonlardan biridan jasadi topilgan besh nafar talaba is gazidan zaharlanib vafot etgani ma'lum qilindi.

Respublika sud tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Morfologiya bo‘limi 15 mart kuni bergan xulosaga ko‘ra, talabalar o‘limiga «is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon tomirlari yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan.

Ularning qonida karbokigemoglabinning 55 foizdan 72 foizgacha toksik konsentratsiyasi aniqlangan. Bu haqda Kun.uz'ga Yunusobod tuman prokuraturasi taqdim etgan axborotda ma'lum qilingan.

Jinoyat ishi JKning 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan qo‘zg‘atilgan.

«Voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar SEO JSX boshqarmasi tomonidan tekshirishdan o‘tkazildi.

Holat yuzasidan xonadon egasi G.Maksumova, vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.Abdukarimov, «Bunyodkor-dudbo‘ron xavfsizligi» MChJ dudbo‘ronlar pechka ustasi Z.Xashimovlar batafsil so‘roq qilindi.

Shuningdek, 26.02.2021 yil soat 22:00 dan 27 fevral kuni soat 09:00 lar oralig‘ida Yunusobod tumani, Injobod ko‘chasi, 61/-1A-uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida «Hududgazpoytaxt» MChJdan hamda O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan ob-havo ma'lumotlari olindi», – deyiladi Yunusobod prokuraturasining 262662/2021-54KR-sonli jinoyat ishiga oid axborotida.

Eslatib o‘tamiz, fojiadan so‘ng respublika bo‘ylab ijarada yashayotgan talabalar turmushini o‘rganish ishlari boshlandi.

Toshkent shahriga va viloyat markazlariga boshqa hududlardan o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmi ishlab chiqilishi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid