O‘zbekiston | 16:31 / 01.03.2021
7486
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmi ishlab chiqiladi

Viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmi ishlab chiqiladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti, turar joyi holati, ayniqsa yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mos kelishi to‘liq tanqidiy va tahliliy o‘rganiladi.

Oliy ta'lim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalari qayta ko‘rib chiqilib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimi yaratiladi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va bo‘limlari bilan birgalikda har bir talabalar turar joyidagi yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik masalalari o‘rganib chiqiladi. Talabalarga birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetarli tushuntirishlar beriladi.

Ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla mas'ullari tomonidan hamkorlikda olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish mo‘ljallangan.

Viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

Bundan tashqari, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylarini qurish yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dastur takomillashtiriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qo‘shma qarorga muvofiq tuzilgan ishchi guruhlar joriy yilning 1 martidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

Qayd etilishicha, mazkur masala har hafta Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat va tahlil qilib boriladi.

Avvalroq, Yunusoboddagi kvartirada besh talaba jasadi topilgani, ular noma'lum moddadan zaharlangani taxmin qilinayotgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid