Jamiyat | 19:24 / 15.10.2025
6945
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda sud xodimi tezkor tadbirda qo‘lga olindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi arxiv mudiri ko‘rib tamomlangan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchiga tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 700 dollar so‘ragan. Shundan 100 dollarini oldindan olgan, qolganini olayotgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Buxoroda sud tizimi xodimining noqonuniy harakati fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, JIB G‘ijduvon tuman sudi arxiv mudiri ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 237 va 238-moddalari bilan qo‘zg‘atilib, JIB Kogon shahar sudi tomonidan ko‘rib tamomlangan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchiga vakolatli tanishlari orqali yengillik yaratib berishni hamda kelgusida hukm o‘zgarmasligini va’da bergan. Buning evaziga esa 700 dollar talab qilgan.

Sud xodimi kelishilgan pulning 100 dollarini oldindan olgan. Qolgan 600 dollarini olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Arxiv mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijonda sudya katta yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid