Denovda yosh tadbirkorning yeri olib qo‘yilayotganining boisi nima: hujjat noto‘g‘rimi yoki yer bozorga yaqin?
Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlarga yer maydonlari berildi, «Yoshlar kelajagimiz» davlat dasturi doirasida imtiyozli mablag‘lar ajratildi.
Ana shunday yoshlardan biri — denovlik Shavkat Qobilovdir. U «AVTO OLAM KLASS» MChJ asoschisi. So‘nggi yillarda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar sotish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Denov tumanining sobiq hokimi Bahrom Mamatqulovning 2017 yil 29 yanvardagi 92-son qarori bilan unga «Namozgoh» mahallasi hududidan oqova suv kollektorlari orasidagi 1,05 gektar yer 81 million so‘m qoplama mablag‘ evaziga ajratiladi.
Oradan 1 yil o‘tgach, 2018 yil 8 fevralda Mamatqulovdan keyingi hokim Ulug‘bek Qosimov 92-sonli qarorga o‘zgartirish kiritib, 1,05 gektar yerni 1,90 gektargacha oshirib beradi.
Ushbu yer maydoniga egalik qilish bo‘yicha bo‘yicha barcha hujjatlar tayyorlangan, bir qismida bino va inshootlar qurilib, foydalanishga topshirilgan, tegishli tarzda kadastr idorasida rasmiylashtirilgan va shunga yarasha soliq to‘lab kelinmoqda.
Ayni kunlarda tuman prokuraturasi protest keltirib, o‘sha qo‘shib berilgan 85 sotix yer maydoni unga noqonuniy berilgan degan vajni ilgari surgan. Albatta, tuman hokimligi protestni qanoatlantirib, tuman hokimi qarorini bekor qilgan.
Tadbirkorning hikoya qilib berishicha, unga yer ajratilgan chog‘da Denov shahrining yangi oziq-ovqat va dehqon bozori qurilmagan bo‘lgan, unga ajratilgan hududni kollektor chegaralab turgan edi. Lekin bozor barpo etilishi asnosida zax suvlarni qochirish uchun qadimdan qazilgan kollektor ko‘mib yuborilgan. Suv o‘tkazuvchi quvurlar kavlab olib chiqarib tashlangan. Endi tadbirkor qurmoqchi bo‘lgan binolar kotlovaniga yer ostidan suv sizib chiqmoqda. Boz ustiga, unga ajratilgan yerning bozorga chegaradosh maydonining 85 sotix qismini qaytarib olish uchun harakat boshlangan.
Tadbirkorning aytishicha, Denovda barpo etilayotgan yangi dehqon bozori shu hududga ko‘chirilgach, shuningdek, yer maydoni oldidagi kollej binosi universitetga berilgach, kimlardir unga ajratilgan yerga ko‘z tikkan.
Chunonchi, 2020 yil 4 iyun kuni tuman hokimi o‘rinbosari Sattorov tomonidan berilgan ogohlantirish xatida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 467-sonli qaroriga ko‘ra qurilish ishlari olib borish uchun viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ruxsat olish talab etilishi, shundan so‘nggina qurilish ishlari boshlash kerakligi qayd etilgan.
Lekin viloyat bosh arxitektori Alisher Salohiddinov berilgan loyihani tasdiqlamayapti.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, prokuratura 2018 yilda qo‘shib berilgan 85 sotix yer maydoni uchun qoplama mablag‘ to‘lanmaganini asosiy vaj sifatida keltirmoqda. Bundan tashqari, Yer kodeksining 36-moddasi 10-bandiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berib qo‘yilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganlik vaj qilingan.
Holbuki, yosh tadbirkorning aytishicha, u o‘sha yerga do‘konlar qurmoqchi, lekin qurilishiga ruxsat ololmayapti. Yerni tashlab qo‘ygani yo‘q.
Sh.Qobilov qo‘shib berilgan 85 sotix yer uchun qoplama mablag‘ to‘lanmaganiga esa tumanning avvalgi hokimi U.Qosimovning topshirig‘iga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari uchun 2ta xizmat uyini o‘z hisobidan qurib bergani sabab bo‘lganini aytmoqda.
Xo‘p, tadbirkor mahalliy hokimlik topshirig‘ini bajargani uchun yer qo‘shib berilgan ekan, unda nima ayb? Pul to‘lanmagan bo‘lsa, to‘latilsin o‘sha mablag‘. Nega yer tortib olib qo‘yilishiga harakat boshlangan? Tushunarsiz…
Biz Denov tumani prokurori Tog‘aymurodov bilan gaplashish uchun uning qo‘l telefoni, xizmat telefoni va tuman prokuraturasining ishonch telefoniga bog‘lanishga besamar urindik.
Ayni paytda tadbirkor hokimning yangi qaroridan norozi bo‘lib, tuman ma'muriy sudiga murojaat qilgan. O‘sha qarorda 85 sotix yerni tuman zaxirasiga qaytarish ko‘zda tutilgan. Uzoq davom etadigan sud jarayoni boshlanmoqda. Umid qilamizki, sud vaziyatga odilona baho beradi.
Tuman hokimligi tadbirkorni ovora qilib, yerni boshqaga birovga berib yubormasligi kerak. Chunki, amaldagi tartibga ko‘ra, yer maydonlari onlayn auksion savdolari orqali sotiladi.
Kun.uz Denovdagi ushbu chigal vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Faxriddin Hotamov, tasvirchi
Mavzuga oid
13:06 / 30.12.2024
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi o‘ziga qarshi suddan yashirindi. U sirtdan qamoqqa olinib, qidiruvga berildi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024
“Tanish-bilish o‘tmaydi” – Kadastr agentligi direktori yerga egalik huquqini olishda firibgarlarga aldanmaslikka chaqirdi
20:28 / 01.11.2024